Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Muftiy Nuriddin domla hazratlarining yangi kitobi taqdimoti bo‘lib o‘tdi

Muftiy Nuriddin domla hazratlarining yangi kitobi taqdimoti bo‘lib o‘tdi

Bugun, 12-oktyabr kuni O‘zbekiston Musulmonlari idorasida Rabi’ul avval oyi munosabati bilan Payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalom siyratlariga bag‘ishlangan ma’rifiy tadbir va Muftiy Nuriddin domla hazratlarining «Tasadduq, yo Rasululloh!» nomli kitobi taqdimoti bo‘lib o‘tdi.

Ushbu marosimda davlat va jamoat tashkilotlari rahbarlari, ulamolar, qorilar va talaba yoshlar ishtirok etdilar.

Tadbirda Prezident maslahatchisi Muzaffar Komilov, Din ishlari qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Davron Maxsudov va boshqalar so‘zga chiqib, ushbu oyning islom olamida tutgan o‘rni, bugungi kunda Payg‘ambarimiz Nabiy alayhissalomning siyratlarini o‘rganish har doigidan ham muhim ekani, shuningdek, siyrat bobida nashr qilingan Muftiy hazratlarining «Tasadduq, yo Rasululloh!» kitobini ana shunday ezgu maqsadlarga xizmat qilishini ta’kidladilar.

Taqdimotda, shuningdek, Muftiy Nuriddin domla Xoliqnazarov hazratlarining «Ixlos – amallar ziynati», «Islomda vatan tushunchasi», «Haj – buyuk ibodat», «Umra – ulug‘ ibodat» hamda «Nikohnoma» kitoblari haqida ham so‘z bordi.

Tadbir davomida Misrning Al-Azhar universiteti hanafiy shayxi Samarqanddagi Hadis ilmi maktabida dars berib kelayotgan Jamoliddin Hoshim Mahmud ham so‘zga chiqib, musulmonlar kutubxonasi Payg‘ambar alayhissalom siyratlariga oid yana bir kitob bilan boyigani, bu esa dunyodagi millionlab o‘zbektilli musulmonlarga yetib borishi va ularning ilm olishida muhim manba bo‘lib xizmat qilishini ta’kidladi.

Marosim so‘ngida taqdimot bo‘lib o‘tga kitob muallifi – Muftiy hazratlari so‘zga chiqib, Muhammad sallollohu alayhi vasallamning siyratlarini o‘rganish targ‘ibi uchun tashkil qilingan tadbir hamda taqdimotga tashrif buyurganlarga minnatdorchilik bildirdi. Shuningdek, bugungi tadbirda kitoblarga biroz mubolag‘ali ta’riflar berilgani, aslida Nabiy alayhissalomning siyratlari va xulqlarini yoritishda mazkur kitob dengizda bir tomchi ekani ta’kidlandi.

Taqdimot yakunida siyrat musoboqasida ishtirok etgan talabalarga hamda boshqa qatnashchilarga esdalik sovg‘alar ulashildi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring