Misr va Qatarga ShHTning muloqot bo‘yicha hamkori maqomi berildi
2022-yil 14-sentyabr kuni Toshkent shahrida Shanxay hamkorlik tashkiloti Sammitiga tayyorgarlik ko‘rish doirasida Misr Arab Respublikasi va Qatar Davlatiga ShHTning muloqot bo‘yicha hamkori maqomi berish to‘g‘risidagi Memorandumlarni imzolash marosimi bo‘lib o‘tdi.
Hujjatlarni ShHT Bosh kotibi Chjan Ming, Misr Arab Respublikasi Tashqi ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari Hamdi Sanad Loza va Qatar Davlat Tashqi ishlar davlat vaziri Sulton bin Saad al-Murayxiy imzoladilar.
O‘zbekiston tomonidan tadbirda Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Furqat Sidiqov ishtirok etdi.
Memorandumlar ShHT va yuqoridagi davlatlar o‘rtasida mintaqaviy xavfsizlik va barqarorlik, savdo va investitsiya, energetika, AKT, qishloq xo‘jaligi, transport va kommunikatsiyalar, madaniyat, fan va texnologiyalar, ta’lim, sog‘liqni saqlash, turizm va boshqa sohalarda hamkorlikni nazarda tutadi.
Hamkor davlat maqomi tashkilotga a’zo davlatlarning taklifiga binoan ShHT doirasida o‘tkaziladigan tadbirlarda ishtirok etish huquqini beradi.
Memorandumlar ular imzolangan kundan boshlab kuchga kiradi.
Memorandumlarni imzolash bo‘yicha ishlar O‘zbekiston tomonidan ShHTga raisligi doirasida hamda tashkilot Davlat rahbarlari kengashining tegishli qarorlarini amalga oshirish maqsadida tashkil etildi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter