Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Mirziyoyeva ikki amaldorning Xorazmdagi zo‘ravonligiga munosabat bildirdi

Mirziyoyeva ikki amaldorning Xorazmdagi zo‘ravonligiga munosabat bildirdi

Xorazmdagi oilaviy mehribonlik uylarining birida uy bekasi bilan jinoiy til biriktirib, tarbiyalanuvchi qizlarga nisbatan jinsiy zo‘ravonlik qilgan Adliya va Favqulodda vaziyatlar vazirliklari hududiy tashkilotlari rahbarlarining ishi ijtimoiy tarmoq faollari tomonidan muhokamalarga sabab bo‘lmoqda.

Bir muddat oldin Prezident Administratsiyasi rahbari o‘rinbosari Komil Allamjonov yosh qizlarga nisbatan jinsiy zo‘ravonlik qilgan shaxslarga nisbatan kimyoviy bichish jazosini qo‘llashni taklif qilib chiqdi.

Shu jumladan, Prezident Administratsiyasi Ijro etuvchi apparatining Kommunikatsiyalar va axborot siyosati bo‘yicha sho‘ba mudiri Saida Mirziyoyeva ham yuz bergan fojia yuzasidan munosabat bildirdi. 

«Bu holat qonunchiligimizda jiddiy muammolar borligi va ushbu bo‘shliqdan jirkanch shaxslar foydalanib qolayotganini ko‘rsatmoqda. Voqea ishtirokchilari orasida huquq idorasi vakillari ham borligi esa nihoyatda xavotirlidir.

Bosh prokuraturadan mazkur holatga alohida e’tibor qaratib, sinchiklab o‘rganishni va huquqiy baho berishni so‘rayman.

Biz mavjud qonunchilikni qayta ko‘rib chiqib, takomillashtirish, turli «lazeyka»larni yopish, oilaviy zo‘ravonlik bo‘yicha qonunni qabul qilishni tezlashtirishimiz zarur. Mazkur qonun loyihasi ayollar va bolalar huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilishni kuchaytirishga qaratilgan», — dedi Mirziyoyeva.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring