Mirziyoyev Samarqandda Yevropa Ittifoqi delegatsiyasini qabul qildi
Shavkat Mirziyoyev Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankining Samarqand sammiti doirasida Yevrokomissiya Raisi o‘rinbosari Valdis Dombrovskis boshchiligidagi Yevropa Ittifoqi delegatsiyasini qabul qildi.
Uchrashuvda O‘zbekistonning YeI institutlari bilan o‘zaro manfaatli hamkorligini mintaqaviy sheriklik formatida kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi.
Valdis Dombrovskis Mirziyoyevga Yevrokomissiya Raisi Ursula fon der Lyayen va Yevropa kengashi Prezidenti Sharl Mishelning salomlarini yetkazdi. U shuningdek, mamlakatda amalga oshirilayotgan demokratik yangilanishlar va ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarni qo‘llab-quvvatlashini bildirdi.
Uchrashuvda o‘zaro muloqotlar va samarali almashinuvlar faollashgani, savdo, investitsiya, «yashil» iqtisodiyot, energetika, qishloq xo‘jaligi, transport va logistika, madaniy-gumanitar sohalarda hamkorlik sur’ati oshib borayotgani ta’kidlandi.
Qayd etilishicha, O‘zbekistonning YeI mamlakatlari bilan tovar ayirboshlash hajmi joriy yil boshidan 65 foizga oshdi. Yevropaning yetakchi kompaniyalari va bank-moliya institutlari bilan amalga oshirilayotgan va istiqboldagi loyihalar portfeli 20 milliard yevrodan ziyodni tashkil qilmoqda.
YeI institutlari bilan faol muloqotni, eng avvalo, iqtisodiy yo‘nalishda davom ettirish muhimligi ta’kidlandi. Bunda Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi bitimni qabul qilish, O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga qo‘shilishi, «GSP+» preferensiyalar tizimida ishtirok etish bilan bog‘liq masalalar e’tibor markazida turibdi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter