Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Markaziy bank «Turkistonbank» va «Hi-tech bank»ning litsenziyasini bekor qildi

Markaziy bank «Turkistonbank» va «Hi-tech bank»ning litsenziyasini bekor qildi

Markaziy bank boshqaruvining 2022-yil 7-oktyabrdagi yig‘ilishida «Turkistonbank» va «Hi-tech bank»ning bank faoliyatini amalga oshirish huquqini beruvchi litsenziyalarini chaqirib olish haqida qaror qabul qilindi.

Qayd etilishicha, Turkistonbank aktivlar hajmi bo‘yicha respublika bank tizimida 26-o‘rinni, Hi-tech bank esa 29-o‘rinni egallagan.

Shuningdek, yig‘ilishda har ikki bankning «Banklar va bank faoliyati to‘g‘risida»gi qonunning 54 va 77-moddalarida belgilangan qoidabuzarliklar sodir etganligi ta’kidlandi.

Xususan, bank aktivlari bo‘yicha ehtimoliy yo‘qotishlarga qarshi yetarlicha zaxiraning mavjud emasligi hamda bank xizmatlari iste’molchilarining huquqlari va qonuniy manfaatlari buzilganligi ta’kidlandi.

Har ikki xususiy aksiyadorlik tijorat banklari jiddiy qoidabuzarlik uchun Markaziy bank tomonidan jarima qo‘llanilganidan keyin huddi shunday qoidabuzarlikni takroran sodir etilganligi sababli litsenziyasi bekor qilinayotgani aytib o‘tildi.

Markaziy bank, shu bilan birga, omonatchi-jismoniy shaxslar uchun ham ma’lumot berdi.

Unga ko‘ra, «Fuqarolarning banklardagi omonatlarini himoyalash kafolatlari to‘g‘risida»gi qonunga muvofiq aholining banklardagi omonatlari Fuqarolarning banklardagi omonatlarini kafolatlash fondi tomonidan to‘liq kafolatlanganligi munosabati bilan Turkistonbank omonatchilarining barcha mablag‘lari, birinchi navbatda, 2 oydan so‘ng to‘liq qaytariladi.

Aholiga omonat mablag‘larini qaytarish Fuqarolarning banklardagi omonatlarini kafolatlash fondi tomonidan ushbu qonunda belgilangan tartibda amalga oshiriladi.

Omonatlarni qaytarish bo‘yicha batafsil ma’lumotni O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining 71-200-00-44, 71-236-75-24 ishonch telefonlari orqali olishi mumkin.

Ma’lumot uchun, Turkistonbank shu kunga qadar Markaziy bank Boshqaruvining 2017-yil 21-oktyabrdagi qarori bilan berilgan litsenziya asosida faoliyat ko‘rsatib kelayotgan edi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring