Markaziy bank aholining to‘lovlaridan undiriladigan komissiyalar miqdorini cheklamoqchi
Prezidentning joriy yil 9-martdagi PQ–88-son qarori bilan 2023-yil 1-maydan boshlab benefitsiari budjet va korporativ buyurtmachi hisoblangan to‘lovlar bo‘yicha to‘lov xizmatlari ko‘rsatganlik uchun vositachilik haqi (yig‘imlar) to‘lov shaklidan qat’iy nazar to‘lovchi – jismoniy shaxsdan emas, balki to‘lov summasidan chegirib qolish yo‘li bilan undirilishi belgilangan edi.
Shuningdek, mazkur hujjatda vositachilik haqi (yig‘imlar) miqdori to‘lov summasining bir foizigacha, biroq jami summasi Markaziy bank tomonidan belgilanadigan chegaraviy miqdorlardan ko‘p bo‘lmagan miqdorda bo‘lishi ham nazarda tutilgan.
Shu munosabat bilan Markaziy bank Boshqaruvi aholi tomonidan to‘lovlarni amalga oshirishda olinadigan vositachilik haqining chegaraviy miqdorini belgilash haqidagi tegishli qarori loyihasini e’lon qildi.
Unga ko‘ra, quyida ko‘rsatilgan to‘lovlarni amalga oshirishda to‘lov xizmatlari uchun vositachilik haqi (yig‘imlar)ning chegaraviy miqdori bazaviy hisoblash miqdorining 20 foizidan oshmasligi belgilanyapti:
- Barcha turdagi davlat boji va ma’muriy jarimalar bo‘yicha to‘lovlar;
- Davlat xizmatlari markazlari tomonidan ko‘rsatiladigan davlat xizmatlari, shu jumladan Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali ko‘rsatiladigan davlat xizmatlariga to‘lovlar;
- Maktabgacha, umumiy o‘rta, o‘rta maxsus, professional, oliy va oliy ta’limdan keyingi ta’lim, qayta tayyorlov, malaka oshirish hamda sog‘liqni saqlash muassasalariga to‘lovlar;
- Barcha turdagi kommunal xizmatlar uchun to‘lovlar;
- Majburiy ijro byurosi organlari tomonidan sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini majburiy ijro etish bo‘yicha undiriladigan to‘lovlar;
- «E-auksion» elektron savdo platformasi va «K-Savdo» avtomatlashtirilgan axborot tizimiga to‘lovlar;
- Avia, temir yo‘l va boshqa jamoat transportlariga chiptalarni xarid qilishdagi to‘lovlar.
Ya’ni endilikda aholi yuqorida sanab o‘tilgan tashkilotlarning birortasiga qancha to‘lov qilishidan qat’iy nazar, banklar ulardan BHMning 20 foizi (60,6 ming so‘m)dan ortiq komissiya undira olmaydi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter