Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Malaklarning qirg‘ini»: Toshkentda Xo‘jali qirg‘iniga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi

«Malaklarning qirg‘ini»: Toshkentda Xo‘jali qirg‘iniga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi

Ozarbayjonning O‘zbekistondagi elchixonasi, ushbu tashkilotning qoshidagi Haydar Aliyev nomidagi Ozarbayjon Madaniyat Markazining tashabbusi bilan Toshkent shahridagi tarixiy «Turon» kutubxonasida Xo‘jali qirg‘ini qurbonlarining aziz xotirasiga bag‘ishlangan xotira tadbiri va ozarbayjonlik marhum shoir O‘qtoy Ismoyillining «Malaklarning qirg‘ini» nomli poemasi taqdimot marosimi o‘tkazildi.

Tadbirda Ozarbayjonning O‘zbekistondagi elchisi Husayn Guliyev, o‘lkamizning va Turkiyaning O‘zbekistondagi elchixonalari diplomatlari, O‘zbekistonning fan, madaniyat va san’at xodimlari, olimlar, universitetlarning professor-o‘qituvchilari, talabalar va jurnalistlar ishtirok etishdi.

Ishtirokchilar eng avval Xo‘jali fojiasi, Qorabog‘ mojarosi bilan bog‘liq kitob va suratlardan iborat ko‘rgazma bilan yaqindan tanishdilar.

Olim va tarjimon Boboxon Sharif Xo‘jali fojiasi haqida ma’lumot berib, qirg‘inni so‘nggi o‘n yilliklarda Turk dunyosining eng unutilmas, eng katta fojiasi deb baholadi.

Elchi Husayn Guliyev chiqishida 32 yil avval – 25-fevraldan 26-fevralga o‘tar kechasi Armaniston Qurolli Kuchlari tomonidan amalga oshirilgan qirg‘in haqida so‘z ochib, Xo‘jali shahrini qamal qilgan arman ishg‘olchilari shahar aholisini, keksalar, ayollar, bolalarni beayov qatl qilganini, qatli bedodlar uyushtirganini gapirdi. Elchi o‘sha paytlari Qizil Xoch Qo‘mitasi va boshqa xalqaro tashkilotlar vositasida kelishuvga erishilganiga va tinch aholining chiqib ketishi uchun maxsus yo‘lakning yaratilgani borasida rozilik olinganiga qaramasdan, armanlarning bu yo‘lakdan foydalanishga imkon bermaganini va ular tomonidan keksalar, ayollar, bolalar o‘qqa tutilganini aytib berdi.

Ozarbayjon Madaniyat markazi direktori Samir Abbasov esa insoniyat nomiga qarshi dog‘ bo‘lgan XX asrning dahshatli qirg‘ini – Xo‘jali fojiasi haqida so‘z ochib, uni Xatin, Xolokost, Ruanda, Srebnitsa kabi qirg‘inlardan farqlanmaganini aytib o‘tdi.

Diplomat, shuningdek, Madaniyat markazining loyihasi asosida chop etilgan va qatli bedodga bag‘ishlangan marhum ozarbayjonlik shoir O‘qtoy Ismoyillining «Malaklarning qirg‘ini» nomli she’riy dostoni haqida ham o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.

O‘zbek olimi, dotsenti Adhambek Alimbekov, «Kitob dunyosi» gazetasining bosh muharriri, shoira Xosiyat Rustam, tarixchi olim Shuhrat Barlos, siyosatshunoslik bo‘yicha doktor Mahmud Yuldashev va boshqalar Xo‘jali qirg‘ini, armanlar tajovuzi haqida o‘z fikrlarini tadbir ishtirokchilari bilan bo‘lishdilar.

Ishtirokchilar Armanistonning ishg‘olchilik siyosatidan so‘z yuritib, shoir O‘qtoy Ismoyillining «Malaklarning qirg‘ini» she’riy dostoni Ozarbayjon xalqining boshiga kelgan musibatlarini, Armanistonning bosqinchilik va qirg‘in siyosatini adabiyotning, poeziyaning tili bilan dunyoga yetkazishda muhim asar ekanini ta’kidladilar.

Ma’lumot uchun, poemada «Ulug‘ madaniyat beshigi – Ozarbayjon», «Xo‘jaliga olib borgan yo‘l», «Ozarbayjon onalarining tarbiyasi», «Arman onasining tarbiyasi», «Qiyomatning boshlanishi», «Qarg‘a uyasi», «Jannatda uchrashamiz», «Mahshar», “Xo‘jali olov ichida”, «Bobakning ikkinchi qatl qilinishi», «Zanjirlangan go‘dak», «Xo‘jali samosida ruhlar suhbati» va boshqa bo‘limlarida dahshatli sahnalar qayta jonlantirilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistondagi Haydar Aliyev nomidagi Ozarbayjon Madaniyat markazining tashkilotchiligi asosida «Qorabog‘da yangi tug‘ilgan quyosh» nomli fotolar ko‘rgazmasi tashkil qilingani haqida xabar berilgan edi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring