Maktablarda yoshlarni chaqiriqqa tayyorlash darslari uchun bazalar yaratiladi
Hukumatning tegishli qarori bilan ta’lim muassasalarining chaqiruvga qadar boshlang‘ich tayyorgarlik (ChQBT) fani o‘quv-moddiy bazasini 2024-2028-yillarda bosqichma-bosqich mustahkamlash dasturi tasdiqlandi.
Unga ko‘ra, 2028-yilga qadar chaqiruvga qadar boshlang‘ich tayyorgarlik ChQBT fani o‘qitiladigan 10,3 mingta ta’lim muassasalaridan 2 055 tasida sinfxonalar tegishli tartibda jihozlanadi.
ChQBT fani o‘quv xonasining o‘quv-moddiy bazasi, jumladan, 1 dona Kalashnikov o‘quv avtomati (30 dona o‘quv patroni bilan), 4 dona o‘quv granatalari (mudofaa granatasi – 2 dona, hujum granatasi – 2 dona), 12 dona o‘quv minalari (piyodalarga qarshi – 4 xil turdagi 2 donadan, tankka qarshi – 2 xil turdagi 2 donadan) va pnevmatik miltiqlar (har bir o‘quvchiga o‘quv yiliga 20 dona pnevmatik miltiq o‘qlari bilan) bilan ta’minlanadi.
Mazkur o‘quv qurol-aslahalari faqat tegishli hokimliklar hisobidan Milliy gvardiyaning texnik qo‘riqlash punktlari tomonidan qo‘riqlanishi yo‘lga qo‘yilgan qurol saqlash xonalari mavjud bo‘lgan ta’lim muassasalarida Mudofaa vazirligining hisobidan chiqarilmagan holda saqlanadi.
ChQBT chaqiriluvchilarni harbiy xizmatga tayyorlash tizimining tarkibiy qismi hisoblanadi hamda umumiy o‘rta ta’lim muassasalarining 10-11-sinf o‘quvchilari, o‘rta maxsus hamda boshlang‘ich professional ta’lim muassasalarida tahsil oluvchi o‘quvchi-yoshlar bilan o‘tkaziladi.
Qayd etilishicha, ChQBT jarayonida o‘quvchilar Qurolli Kuchlarning asosiy vazifalari hamda umumharbiy nizomlari talablarini, harbiy xizmat va Vatanga qasamyodning ahamiyatini anglab yetadi.
Qolaversa, Mudofaa vazirligiga ushbu fan bo‘yicha amaliy mashg‘ulotlar o‘tkazilishida o‘quv-moddiy bazasidan foydalanishlari uchun shart-sharoitlar yaratish, hamda har yili mart-may oylarida harbiy poligonlarda mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, harbiy okruglar, tizimida ta’lim muassasalari bo‘lgan vazirlik va idoralarning hududiy boshqarmalari bilan hamkorlikda ta’lim muassasalaridagi bitiruvchi sinf va kurslar o‘quvchilari (o‘g‘il bolalar) bilan amaliy otish mashg‘ulotlari o‘tkazilishini nazorat qilish vazifasi topshirilmoqda.
Ta’lim muassasalarida ChQBT fani o‘quv dasturi bo‘yicha mashg‘ulotlar o‘g‘il va qiz bolalar bilan birgalikda o‘tkaziladi. Bitiruvchi sinf va kurslardagi o‘g‘il bolalar bilan harbiy poligonlarda bir kunlik amaliy mashg‘ulotlar o‘tkaziladigan kunda ta’lim muassasalarida qiz bolalar ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarga jalb etiladi.
ChQBT fani o‘qituvchisi lavozimiga ko‘ra ta’lim muassasasi direktorining o‘rinbosariga tenglashtiriladi. Ta’lim muassasasida ushbu fan o‘qituvchilari soni shtat bo‘yicha ikki nafar bo‘lgan taqdirda, ulardan ish staji va tajribasi ko‘p bo‘lgan ChQBT o‘qituvchisi lavozimi bo‘yicha direktor o‘rinbosari hisoblanadi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter