Ko‘p kvartirali uy-joylar quruvchilariga qator imtiyozlar berildi
Prezident Shavkat Mirziyoyevning ipoteka kreditlari orqali aholini uy-joy bilan ta’minlash yuzasidan imzolangan yangi farmoniga muvofiq qurilish tashkilotlari uchun ham qator imtiyozlar berildi.
Unga ko‘ra, endi qurilish tashkilotlariga ko‘p kvartirali uy-joylarni qurish uchun 18 oygacha muddatga 14 foiz stavkada kreditlar ajratiladi.
Shuningdek, pudrat tashkilotlariga qurilayotgan uy-joylarni qavatma-qavat garovga qo‘yish va har bitta qavat uchun kredit olish huquqi berildi. Hozirgi kunga qadar bo‘lgan tartibda esa uy tomi yopilganidan keyin uni garovga qo‘yish va kredit olish mumkin edi.
Bundan tashqari, banklar o‘z hisobidan beradigan kreditlarini davlat tomonidan qayta moliyalashtirish amaliyotini davom ettiriladi.
Bunda, qurib bitkazilmagan uyni sotib olish uchun fuqaro bankdan 24-26 foizdan kredit oladi va uy bitguniga qadar (1-2 yil davomida) to‘lovlarni ushbu foizdan amalga oshiradi. Uy bitganidan keyin ushbu kredit davlat tomonidan qayta moliyalashtirilib, 18 foizlik kreditga aylanadi.
Tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi hisobidan quruvchilarga kafillik va kompensatsiya to‘lash tartibi uzaytirildi. Bunda, kompensatsiya – har bir uy-joy uchun kreditning 5 mlrd so‘midan, kafillik – 2,5 mlrd so‘midan oshmagan miqdoriga beriladi.
2025-yil 1-yanvarga qadar esa yuqori markali sement, arralanadigan yog‘och, fanera, taxtadan yasalgan opalubka va oynani import qilishda bojxona bojining «0» stavkasi qo‘llaniladi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter