Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Konstitutsiya: fuqarolarga xalqaro tashkilotlarga murojaat qilish huquqi berilyapti

Konstitutsiya: fuqarolarga xalqaro tashkilotlarga murojaat qilish huquqi berilyapti

Insonning ajralmas huquqlari ko‘p. Masalan, yashash huquqi, fikrlash, so‘z erkinligi huquqi va h.k. Shunday ajralmas huquqlardan biri – insonlarning o‘z huquq va manfaatlarini himoya qilish huquqidir. Bu umume’tirof etilgan xalqaro shartnoma va paktlarda belgilab berilgan huquqdir.

Xalqimizda «qozi xafa qilsa, dodingni kimga aytasan» degan naql bor. Rostdan ham, tasavvur qiling, bir insonning huquqlari davlat tashkiloti tomonidan buzildi. Xo‘sh, u endi nima qilsin? Aslida dodini aytib borgan davlat tashkilotining o‘zi unga qarshi xulosa chiqarib turgan bo‘lsa?

Buning javobi: bunday payti sudga murojaat qilish kerak. Ya’ni har qanday holatda ham istalgan tashkilot yoki amaldor ustidan sudga shikoyat qilish huquqi saqlanib qolishi kerak.

Qonunchilikda har bir shaxsga o‘z huquq va erkinliklarini sud orqali himoya qilish, davlat organlari va boshqa tashkilotlar, ular mansabdor shaxslarining qonunga xilof qarorlari, harakatlari va harakatsizligi ustidan sudga shikoyat qilish huquqi kafolatlab qo‘yilgan.

Shaxsning buzilgan huquq va erkinlarini tiklash masalasi uning hayotida o‘ta muhim o‘rin tutganligi sababli, sudlar tomonidan chiqarilgan qarorlarni apellyasiya, kassatsiya yoki nazorat tartibida qayta ko‘rib chiqish institutlari joriy etilgan.

Endi boshqa misol: sudning qaroridan norozi bo‘lsachi? Unda nima qilish kerak?

Bunday vaziyatda ham fuqarolarda sud qarori ustidan shikoyat qilish huquqi ajralmas huquq sifatida Konstitutsiyada mustahkamlanmoqda.

Ya’ni, shaxsga davlatning huquqiy himoyaga doir barcha ichki imkoniyatlardan foydalanib bo‘lganidan so‘ng, xalqaro organlarga murojaat etish huquqi berilayotganligi yangilanayotgan Konstitutsiyaga kiritilayotgan muhim qoidalardan biri hisoblanadi.

Ushbu huquq shaxsga o‘z haq-huquqini xalqaro darajada himoya qilish va nizolashayotgan masalasini xalqaro hujjatlardan (konvensiya, xalqaro pakt va boshqalardan) foydalangan holda hal qilish imkoniyatini yaratadi.

Shuningdek, qo‘shimchasiga inson huquqlarini himoya qiluvchi xalqaro tashkilotlarga shikoyat qilish huquqi ham mustahkamlanmoqda.

55-modda.

Har kim o‘z huquq va erkinliklarini qonunda taqiqlanmagan barcha usullar bilan himoya qilishga haqli.

Har kimga o‘z huquq va erkinliklarini sud orqali himoya qilish, davlat organlarining hamda boshqa tashkilotlarning, ular mansabdor shaxslarining qonunga xilof qarorlari, harakatlari va harakatsizligi ustidan sudga shikoyat qilish huquqi kafolatlanadi.

Har kimga buzilgan huquq va erkinliklarini tiklash uchun uning ishi qonunda belgilangan muddatlarda vakolatli, mustaqil hamda xolis sud tomonidan ko‘rib chiqilishi huquqi kafolatlanadi.

Har kim O‘zbekiston Respublikasining qonunchiligiga va xalqaro shartnomalariga muvofiq, agar davlatning huquqiy himoyaga doir barcha ichki imkoniyatlardan foydalanib bo‘lingan bo‘lsa, insonning huquq va erkinliklarini himoya qiluvchi xalqaro organlarga murojaat etishga haqli.

Har kim davlat organlarining yoxud ular mansabdor shaxslarining qonunga xilof qarorlari, harakatlari yoki harakatsizligi tufayli yetkazilgan zararning o‘rni davlat tomonidan qoplanishi huquqiga ega.

 

O‘zbekiston a’zo bo‘lgan BMTning inson huquqlariga oid umum’tirof etilgan xalqaro xujjatlarida shaxsning fuqarolik, siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy huquqlar kamsitilganda hamda irqiy, ayollarga, bolar, nogironlar kamsitish holati, qiynoqlar, jazolashning shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsitadigan turlar qo‘llanilganda fuqaro uning huquq va erkinliklari buzilgan hollarda huquqlarini tiklash maqsadida BMTning tegishli qumitalarga murojaat qilishi mumkinligi belgilangan.

Ushbu huquq shaxsga o‘z davlatida yaratilgan barcha huquqiy himoya mexanizmlaridan ham qoniqmagan taqdirda, o‘z haq-huquqlarini xalqaro darajada himoya qilish va nizolashayotgan masalasini xalqaro hujjatlardan (konvensiya, xalqaro pakt va boshqalar) foydalangan holda hal qilish imkoniyatini yaratadi.

Buning asosiy sharti shunda-ki, fuqaro xalqaro organlarga murojaat etishi uchun, eng avvalo tegishli milliy huquqni muhofaza qiluvchi organlarga va sudga murojaat etishi lozim, bordi-yu milliy organlar uning huquqini himoya qilmasa yoki tiklash choralarini ko‘rmasa, ana undan keyingina xalqaro tashkilotlarga murojaat etishi mumkin bo‘ladi.

Bundan tashqari, davlat organlari va ularning mansabdor shaxslari tomonidan yetkazilgan zarar, ular qaysi darajadagi davlat organi hisoblanishidan qat’i nazar, davlat tomonidan qoplab berilishi o‘rnatilmoqda.

Kiritilayotgan o‘zgartishlar maqsadi, eng avvalo, fuqarolarning yillab sarson bo‘lib, byurokratiya eshiklarida ovora bo‘lishining oldini olishdir.

Ushbu normaning Konstitutsiyada aks ettirilishi davlat va fuqaro munosabatlarida insonga nisbatan adolatsizlik yoki nohaqlik holatlari yuzaga kelganida, jumladan, unga moddiy zarar yetganida davlatning birinchi vazifasi - fuqaroni rozi qilish ekanini toshga o‘yganday qat’iy belgilanishi demakdir. Bu odamlarning davlatga bo‘lgan ishonchini oshiradi, o‘z navbatida davlat idoralari va mansabdorlarini sergaklikka va o‘ylab ish tutishga undaydi.

Shaxsga davlatning huquqiy himoyaga doir barcha ichki imkoniyatlardan foydalanib bo‘lganidan so‘ng, xalqaro organlarga murojaat etish huquqining berilayotganligi Yangi Konstitutsiyaga kiritilayotgan muhim qoidalardan biridir. Bu, birinchidan, davlatimizni inson huquqlari sohasidagi xalqaro majburiyatlarga sodiqligini ko‘rsatadi, ikkinchidan, inson huquq va erkinliklarini hurmat qilish, ularga rioya etish va ularni himoya qilish borasida qo‘shimcha konstitutsiyaviy-huquqiy kafolati hisoblanadi.

Fuqarolarning o‘z manfaatlarini himoya qilish uchun xalqaro tashkilotlarga ham murojaat qila olish hamda  davlat organlari yoki mansabdor shaxslarning noqonuniy qarorlari bo‘yicha sudga berish huquqi Konstitutsiya bilan belgilab qo‘yilishi — juda muhim jihat. Bu orqali insonlar o‘z huquqlarini himoya qilish yo‘lida barcha choralarni qo‘llash imkoniyati berilmoqda.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring