JSST ogohlantirgan «Cold Out» siropi O‘zbekistonga kirib kelmagan – SSV
Bir muddat oldin Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) tomonidan Hindistonda ishlab chiqarilgan «Cold Out» yo‘tal va shamollashga qarshi siropi xavfli deb topilgani haqida xabar berilgan edi.
SSV huzuridagi Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi mazkur dori vositasi O‘zbekistonda ro‘yxatdan o‘tkazilmaganini ma’lum qildi.
«Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi Hindistonning «Fourrts Laboratories» tomonidan ishlab chiqarilgan mazkur dori vositasi O‘zbekiston Respublikasida davlat ro‘yxatidan o‘tkazilmaganligini ma’lum qilib, ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan xabarlar yuzasidan yurtdoshlarimiz xavotirga tushmasliklarini bildiradi», – deyiladi xabarda.
Qayd etilishicha, amaldagi tartibga ko‘ra, dori vositalarining, tibbiy buyumlarning va tibbiy texnikaning tibbiyot amaliyotida qo‘llanilishiga, qoida tariqasida, ular davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgandan keyingina ruxsat etiladi.
Eslatib o‘tamiz, 2022-yilning dekabrida Hindistonning Marion Biotech kompaniyasiga tegishli «Dok-1 Maks» dori vositasining tarkibidagi qo‘shimcha yot moddalar sababli O‘zbekistonda 20 nafar bola vafot etgan edi.
SSV ma’lumotiga ko‘ra, 2023-yil fevral oyidan boshlab, O‘zbekistonda ishlab chiqarilayotgan va xorijdan kirib kelayotgan sirop shaklidagi dori vositalari tarkibi dietilenglikol (DEG) va etilenglikol (EG) zaharli moddalari bo‘yicha chuqur tekshirilib, bu borada qat’i nazorat o‘rnatilgan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter