Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Insonga qo‘llanadigan huquqiy ta’sir choralari adolatli bo‘lishi kerak – mutaxassis

Insonga qo‘llanadigan huquqiy ta’sir choralari adolatli bo‘lishi kerak – mutaxassis

Yangi tahrirdagi Konstitutsiya loyihasining 20-moddasida davlat organlari tomonidan insonga nisbatan qo‘llaniladigan huquqiy ta’sir choralari mutanosiblik prinsipiga asoslanishi va qonunlarda nazarda tutilgan maqsadlarga erishish uchun yetarli bo‘lishi kerakligi belgilab qo‘yilmoqda.

Mutanosiblik prinsipi insonga qo‘llanayotgan huquqiy ta’sir choralarining maqsadga muvofiq va adolatli bo‘lishi, ortiqcha majburiyat yuklamasligi, uning huquq hamda erkinliklarini zaruratsiz chekamaslikni nazarda tutadi.

«Ma’muriy tartib-taomillar to‘g‘risida»gi qonuning 7-moddasida ma’muriy ish yuritish jarayonida jismoniy va yuridik shaxslarga ko‘rsatiladigan ta’sir choralari ma’muriy organ tomonidan ko‘zlangan qonuniy maqsadga erishish uchun mos va yetarli bo‘lishi hamda manfaatdor shaxslarga imkon qadar qiyinchilik tug‘dirmasligi kerakligi nazarda tutilgan. Ammo ushbu prinsipni shaxs va davlat o‘rtasida bo‘ladigan boshqa munosabatlarga ham joriy etish zarurati ayon bo‘lmoqda.

Muammo nimada?

Amaldagi qonun hujjatlarida belgilangan ayrim huquqiy ta’sir choralari fuqarolar va tadbirkorlik subyektlari uchun ortiqcha tashvish, harajat va sarsongarchiliklarni keltirib chiqarmoqda. Masalan, fuqaroni ipoteka kreditidan 3 million so‘mlik uch oylik qarzini to‘lay olmaganligi uchun bank sudga berganda, amaldagi qonunchiligimizga ko‘ra da’vo arizasi 3 million so‘m, ya’ni real qarz bo‘yicha emas, balki kreditning to‘lanmagan qismiga, deylik, 250 million so‘mga nisbatan beriladi. Sud arizani ko‘rib chiqib, qarzdordan 10 million so‘mdan ortiq davlat boji undirish va shartnomani bekor qilish bo‘yicha qaror qabul qiladi. 3 million so‘mni to‘lay olmagan fuqaro 10 million davlat bojini qanday to‘laydi? Bu misoldan ko‘rish mumkinki, sud qo‘llagan huquqiy ta’sir chorasi maqsadga erishish uchun mutanosib emas. Shuningdek, yo‘l harakati qoidalarini buzganlik uchun jarimalar o‘z vaqtida to‘lanmagan taqdirda, ya’ni qarzdor 15 kunlik ixtiyoriy muddat ichida mavjud qarzdorligini to‘lab bermagan taqdirda unga nisbatan BHMning 1 barobaridan 5 barobarigacha bo‘lgan miqdorda qo‘shimcha jarima ham qo‘llanadi bu vaziyatda ham moddiy imkoniyati cheklanligi uchun jarima to‘lay olmagan shaxsning zimmasiga yana qo‘shimcha jarima to‘lash majburiyatini yukalash adolatga to‘g‘ri kelmaydi.

Xuddi shuningdek, soliq majburiyatlarini ta’minlash maqsadida mol-mulkni xatlash, tadbirkorlik sub’yektlariga nisbatan huquqiy ta’sir choralarini (faoliyatni tugatish, to‘xtatib qo‘yish, banklardagi hisobvaraqlar bo‘yicha operatsiyalarni to‘xtatib qo‘yish, moliyaviy sanksiyalarni, musodara qilish, litsenziyani to‘xtatib qo‘yish, amal qilishini tugatish va bekor qilish) qo‘llash, yo‘l harakati xavfsizligi sohasidagi huquqbuzarliklar uchun ma’muriy jarimalarni belgilash hamda transport vositalarini ushlab turish, qarzdorligi uchun fuqaroning xorijga chiqishini taqiqlash kabi ayrim huquqiy ta’sir choralari haddan ortiq qattiqligi, fuqarolar va tadbirkorlarning imkoniyatlariga mos emasligi yuzasidan e’tirozlar bo‘lmoqda.

Fuqaroga qo‘llanadigan huquqiy ta’sir choralarini bajarishning imkoni bo‘lmasa u yana qoidani buzishga majbur bo‘ladi yoki tadbirkorning faoliyati oddiyroq sabablarga ko‘ra to‘xtatib qo‘yiladigan bo‘lsa u kasod bo‘ladi yoki katta zarar ko‘radi.

Endi yechim qanday bo‘ladi?

Konstitutsiya loyihasining 20-moddasida davlat organlari tomonidan insonga nisbatan qo‘llaniladigan huquqiy ta’sir choralari mutanosiblik prinsipiga asoslanishi va qonunlarda nazarda tutilgan maqsadlarga erishish uchun yetarli bo‘lishi kerakligi to‘g‘risidagi qoidaning kiritilishi insonga nisbatan qo‘llanadigan har qanday huquqiy ta’sir chorasi uning imkoniyatlariga mos bo‘lishini ta’minlaydi. Shu nuqtai nazardan, ushbu qoida davlat idoralarining o‘z vazifalarini inson huquqlariga rioya qilgan holda amalga oshirishga hamda insonga qo‘llaniladigan huquqiy ta’sir choralari ko‘zlangan qonuniy maqsadga erishish uchun mos va yetarli bo‘lishini ta’minlashga xizmat qiladi.

Endilikda qonunchilik hujjatlarida insonga ortiqcha tashvish tug‘diradigan, uning qonuniy manfaatlarini kamsitadigan huquq iy choralari qayta ko‘rib chiqiladi. Bu esa o‘z navbatida shaxs manfaatlari ustuvorligini ta’minlashga xizmat qiladi.

Farhod PRIMOV,
Yuridik fanlari bo‘yicha falsafa doktori

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring