Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Sud hukmisiz inson aybdor hisoblanmaydi – yangilanayotgan Konstitutsiya

Sud hukmisiz inson aybdor hisoblanmaydi – yangilanayotgan Konstitutsiya

Jamoatchilik orasida jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan fuqaroni sudning hukmi e’lon qilinmasdan turib, darhol jinoyatchi sifatida baholash holatlari uchrab turadi.

Vaholanki, so‘nggi yillarda qo‘zg‘atilgan jinoyat ishlari yuzasidan bir qancha oqlov hukmlari chiqarilmoqda (masalan, mamlakatimiz sudlari tomonidan so‘nggi 5 yilda 4 ming 700 nafardan ortiq fuqaro oqlangan). Ilgari buni tasavvur ham qilish qiyin edi.

Birinchi navbatda fuqaroga nisbatan jinoyat ishi ochildi bo‘ldi, u jinoyatchi va u qamaladi, deyish noto‘g‘ri. Fuqaroga nisbatan jinoyat ishi ochilganda fuqaroda o‘zini o‘zi himoya qilish huquqi doim bo‘ladi. Agarda uning aybi isbotlanmasa u albatta ozodlikka chiqadi. Insonni aybdorligi faqatgina sud muhokamasida isbotlansagina va sudning qonuniy kuchga kirgan ayblov hukmi bo‘lsagina, u aybdor bo‘ladi.

Do‘ppi tor kelganda tarozining pallasi inson tomonga tosh bosadi. Ya’ni gumon va shubhalarni isbotlash imkoniyatlari mavjud bo‘lmasa, bu holat barcha gumon va shubhalar gumonlanuvchi, ayblanuvchi yoki sudlanuvchi foydasiga hisobga o‘tadi.

Shuningdek, gumonlanuvchi va ayblanuvchilarni o‘z hohishisiz gapirtirish, o‘z aybini tan oldirishga majburlash holatlariga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida tergov jarayonida jim turish, ya’ni sukut saqlash huquqi Konstitutsiya darajasida belgilanmoqda.

28-modda.

Jinoyat sodir etganlikda ayblanayotgan shaxs uning aybi qonunda nazarda tutilgan tartibda oshkora sud muhokamasi yo‘li bilan isbotlanmaguncha va sudning qonuniy kuchga kirgan hukmi bilan belgilanmaguncha aybsiz deb hisoblanadi. Ayblanuvchiga o‘zini himoya qilish uchun barcha imkoniyatlar ta’minlanadi.

Aybdorlikka oid barcha shubhalar, agar ularni bartaraf etish imkoniyatlari tugagan bo‘lsa, gumon qilinuvchining, ayblanuvchining, sudlanuvchining yoki mahkumning foydasiga hal qilinishi kerak.

Gumon qilinuvchi, ayblanuvchi yoki sudlanuvchi o‘zining aybsizligini isbotlab berishi shart emas va istalgan vaqtda sukut saqlash huquqidan foydalanishi mumkin.

Hech kim o‘ziga va yaqin qarindoshlariga qarshi guvohlik berishga majbur emas.

Agar shaxsning o‘z aybini tan olganligi unga qarshi yagona dalil bo‘lsa, u aybdor deb topilishi yoki jazoga tortilishi mumkin emas.

Ozodlikdan mahrum etilgan shaxslar o‘ziga nisbatan insoniy muomalada bo‘linishi hamda inson shaxsiga xos bo‘lgan sha’ni va qadr-qimmati hurmat qilinishi huquqiga ega.

Shaxsning sudlanganligi va bundan kelib chiqadigan huquqiy oqibatlar uning qarindoshlari huquqlarini cheklash uchun asos bo‘lishi mumkin emas.

Shuningdek, insonlarni boshqa dalillar bo‘lmagan hollarda faqat o‘zining aybiga iqrorligi sababli aybdor deb topish taqiqlanmoqda. Bu esa turli tazyiqlar bilan jinoyatni kimningdir bo‘yniga qo‘yishdan saqlaydi. Ya’ni endi boshqa birorta dalil bo‘lmasa, kimnidir turli bosimlar ostida «shu ishni men qildim» deb tan olishidan foyda yo‘q.

Mahkum ham avvalo inson. Insonni ozodlikdan mahrum etilgani u va uning yaqin qarindoshlari bilan noinsoniy muomalada bo‘lish, ularning shaxsini kamsitishga yo‘l ochib bermasligi kerak. Mahbuslarga nisbatan jazo turlari qo‘llanilgani ularni jamiyatning umume’tirof etilgan muomala qoidalaridan ham cheklash huquqini bermaydi. Shu sababli, ozodlikdan mahrum etilgan shaxslar va ularning qarindoshlarini kamsitish, ularni asosiy huquqlardan mahrum qilishga sabab bo‘lmaydi.

Xulosa qilib aytganda, aybsizlik prezumpsiyasi konstitutsiya bilan mustahkamlanmoqda va insonni jinoyat sodir etganlikda aybdor deb hisoblash faqatgina sudning qonuniy kuchga kirgan ayblov hukmiga asoslaniladi.

Sudlanayotgan fuqarolarning umuminsoniy huquqlarga rioya etilishi va tergov jarayonlaridagi muhim insonparvar qoidalar joriy etilishi belgilanmoqda.

Shaxsni aybiga iqror qilish emas, balki tergov va sudda aybni ishonchli dalillar bilan isbotlash zarurligi belgilanmoqda.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring