Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Hududlardagi «metan zapravka»lar ish faoliyatiga cheklovlar kiritilyapti

Hududlardagi «metan zapravka»lar ish faoliyatiga cheklovlar kiritilyapti

Kecha, 17-fevral kuni Buxorodagi «Gazli» magistral gaz quvurlari boshqarmasiga qarashli bir nechta gaz haydash agregatlari faoliyatida qisqa muddatli uzilish kuzatilgan.

Energetika vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, bunga Buxoro viloyatida kuzatilgan kuchli shamol natijasida yuzaga kelgan 110 kV kuchlanishli «L-Gazli-1» va «L-Gazli-2» elektr uzatish tarmoqlaridagi nosozlik sabab bo‘lgan.

«Mazkur tarmoqlardagi nosozlik tezkor brigada tomonidan 2-3 soat ichida bartaraf etiladi va gaz haydash agregatlari faoliyati to‘liq tiklanadi.

Shu vaqt oralig‘ida respublikaning janubiy qismiga yo‘naltiriladigan tabiiy gaz hajmi bir oz qisqarishi, shuningdek, magistral gaz quvurlarida bosimning nisbatan pasayishi holati yuzaga kelyapti.

Gaz bosimining kamayishini inobatga olgan holda, birinchi navbatda, aholi xonadonlari va ijtimoiy soha obektlarini tabiiy gaz bilan ta’minlash maqsadida ayrim avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor shoxobchalari faoliyatiga qisqa muddatli cheklovlar kiritilmoqda», – deyiladi rasmiy ma’lumotda.

Shuningdek, bir qator issiqlik elektr stansiyalarida gaz bosimining pasayishi holati kuzatilishi tufayli respublikaning ba’zi bir hududlarida elektr energiyasi ta’minotida qisqa muddatli cheklovlar o‘rnatilishi ma’lum qilindi.

«Gaz haydash agregatlari ishga tushgach, tegishli hududlarda kiritilayotgan cheklovlar bo‘yicha hududiy tashkilotlar tomonidan qo‘shimcha ma’lumotlar berilib, reja-grafiklar e’lon qilinadi», – deyiladi xabarda.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring