Fransiya kompaniyasi «Chimyon»da osma yo‘llar quradi
Fransiyaning Montagne et Neige Développement (MND) kompaniyasi «Chimyon» to‘rt faslli kurorti ob’yektlarini loyihalash, tadqiq qilish, qurish, jihozlarni yetkazib berish va o‘rnatish, sozlash-ishga tushirish ishlarini olib borish yuzasidan o‘tkazilgan ochiq tanlovning g‘olibi deb topildi.
MND tog‘li joylarda turizm sohasida umummavsumiy loyihalarni amalga oshirish hamda osma yo‘llaridan shaharlarda, sanoat ob’yektlarida va maishiy maqsadlarda foydalanish bo‘yicha keng ko‘lamli xizmatlar ko‘rsatishda jahon yetakchilaridan biri hisoblanadi.
Loyiha doirasida dam oluvchilarni 2515 metr balandlikka ko‘tariladigan gondol tipidagi 10 kishilik asosiy osma yo‘li (maksimal quvvati - 2000 kishi/soat) va 3309 metr balandlikka chiqadigan mayatnik tipidagi 80 kishilik oraliq osma yo‘li (maksimal sig‘imi - 800 kishi/soat) quriladi. Kurort bunday inshootlarga ega bo‘lgan Markaziy Osiyo mamlakatlaridagi eng baland nuqtaga aylanadi.
Ushbu yirik tashabbusdan ko‘zlangan maqsad xalqaro miqyosdagi umummavsumiy kurort, sayyohlik joylari va turli ko‘ngilochar attratsionlar hamda osma yo‘llarga ega yangi turistik majmualarni qurish orqali hududning investitsiyaviy jozibadorligini yuksaltirish, Toshkent viloyatining turizm infratuzilmasini rivojlantirish, mamlakatimizning tog‘li hududlarida ommaviy sportni rag‘batlantirish uchun shart-sharoitlar yaratish va yangi ish o‘rinlari tashkil qilish.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter