Endi aholi «Open budjet» orqali «yashil bog‘lar» tashkil qilishi mumkin
«Yashil makon» umummilliy loyihasini amalga oshirishda davlat budjetidan har yili ajratiladigan mablag‘larning kamida 50 foizi «yashil bog‘lar» va «yashil jamoat parklari»ni tashkil qilish uchun «Ochiq budjet» axborot portali orqali jamoatchilik fikri asosida shakllangan «Mening bog‘im» loyihalarini moliyalashtirishga yo‘naltiriladi.
Bu borada Prezidentning «Respublikada yashillik darajasini yanada oshirish, «Yashil makon» umummilliy loyihasini izchil amalga oshirish orqali ekologik barqarorlikni ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi 199-sonli Farmoni qabul qilindi.
Bunda aholi tashabbusi bilan «yashil bog‘lar» va «yashil jamoat parklari»ni tashkil qilish bo‘yicha maydon manzili va rasmlari ko‘rsatilgan holda qiymati 250 mln so‘mdan oshmagan tashabbus bildiriladi.
«Mening bog‘im» loyihalarini shakllantirish va ularga ovoz berish jarayoni har yili yanvar-fevral oylarida o‘tkaziladi.
Farmonga muvofiq, avtomobil, temir yo‘l, daryo va kanallar yoqalari, davlat organlari va tashkilotlari yer uchastkalarining foydalanilmayotgan qismida (o‘rmon fondi yerlari bundan mustasno) «yashil bog‘lar» ushbu yerlarning egalari, foydalanuvchilari hamda tashabbuskor jismoniy va yuridik shaxslar o‘rtasida 10 yilgacha tegishli shartlarda to‘g‘ridan-to‘g‘ri tuziladigan ikki tomonlama shartnoma asosida barpo etiladi.
Yer uchastkalari respublika va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlariga «yashil bog‘» barpo etish uchun doimiy foydalanish huquqi asosida beriladi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter