Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Ekologiya vazirligining 4 ta muhofaza etiladigan tabiiy hududlari rahbarlari ishdan olindi

Ekologiya vazirligining 4 ta muhofaza etiladigan tabiiy hududlari rahbarlari ishdan olindi

Faoliyatida sustkashlikka yo‘l qo‘yganligi, o‘z ishiga sovuqqonlik bilan yondashganligi, ishni lozim darajada tashkil etmaganligi uchun Nurota davlat qo‘riqxonasi, «Janubiy Ustyurt» milliy tabiat bog‘i, «Sudoche-Akpetki» buyurtma qo‘riqxonasi va Buxoro ixtisoslashtirilgan «Jayron» pitomnigi rahbarlari lavozimidan ozod etildi.

Bu haqda Ekologiya vazirligi matbuot xizmati ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, joriy yil 25-sentyabr kuni Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligida Muhofaza etiladigan tabiiy hududlarda (METH) olib borilayotgan ishlar samaradorligi, ularni saqlash va muhofaza qilish hamda mavjud imkoniyatlardan unumli foydalanish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlarga bag‘ishlangan tanqidiy-tahliliy yig‘ilish bo‘lib o‘tgan.

Yig‘ilishda hududlardagi mas’ullar tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar ahvoli qoniqarli darajada emasligi ta’kidlandi. Xususan, ayrim tabiat bog‘larining zonalarga ajratish ishlari yakuniga yetkazilmaganligi, yer maydonlari ayrim rahbarlarning masalaga chuqur yondashmaganligi oqibatida o‘zboshimchalik bilan egallab olinganligi, o‘simlik dunyosiga doir kadastr kitoblari umuman shakllantirilmaganligi hamda kadastr kitobi uchun hayvonot dunyosi turlari ro‘yxati yaratilmaganligi, malaka talablariga javob bermaydigan o‘rta ma’lumotli xodimlar qo‘riqlash xodimi sifatida ishga qabul qilinganligi, mablag‘lar noqonuniy o‘zlashtirilganligi va boshqa qonunbuzarliklar jiddiy tanqid ostiga olindi. O‘z navbatida yuqoridagi holatlar yuzasidan kerakli choralar ko‘rilganligi qayd etildi.

Shu bilan birga, Ekologiya vaziri o‘rinbosari Iskandar Qutbiddinov, Nurota davlat qo‘riqxonasi xodimlar bo‘yicha inspektori va «Janubiy Ustyurt» milliy tabiat bog‘i Ilmiy ishlar va ekologik ta’lim bo‘yicha direktor o‘rinbosariga  «hayfsan» intizomiy jazo choralari qo‘llanilgani, qolaversa, Bobotog‘, Orolqum, Omonqo‘ton, Zarafshon, Markaziy Qizilqum va Orolbo‘yi milliy tabiat bog‘lari rahbarlariga o‘z faoliyatida keskin o‘zgarish qilish sharti bilan 3 oy sinov muddati berilganini ma’lum qildi.

Ma’lumot uchun, vazirlik tizimida bugungi kunda 24 ta muhofaza etiladigan tabiiy hududlar faoliyat yuritib kelmoqda. Ulardan 12 tasi — milliy tabiat bog‘i, 7 tasi — davlat qo‘riqxonasi, 1 tasi — davlat biosfera qo‘riqxonasi, 2 tasi — davlat buyurtma qo‘riqxonasi, 1 tasi — biosfera rezervati, 1 tasi pitomnikdan iborat bo‘lib, umumiy yer maydoni 5 822 391 gektarni tashkil etadi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring