YeIB Markaziy Osiyoda 1 milliard yevrolik loyihalarni moliyalashtiradi – Tereza Chervinskaya
![YeIB Markaziy Osiyoda 1 milliard yevrolik loyihalarni moliyalashtiradi – Tereza Chervinskaya](https://static.xabaruz.com/crop/2/5/720_460_95_2554007881.jpg)
Yevropa investitsiya banki (YeIB) Markaziy Osiyoda 1 milliard yevrolik qiymatga ega loyihalarni tasdiqlagan, 863 million yevrolik ko‘mak bitimlari allaqachon imzolangan. Bu haqda bank vitse-prezidenti Tereza Chervinskaya 18-noyabr kuni Samarqandda bo‘lib o‘tgan “Yevropa Ittifoqi – Markaziy Osiyo o‘rtasida o‘zaro bog‘liqlik konferensiyasi: Global darvoza” deb nomlangan anjumanda ma’lum qildi, deb xabar bermoqda “Xabar.uz” muxbiri.
“Biz Yevropa Ittifoqi va Markaziy Osiyodagi hamkorlarimiz bilan iqtisodiy, ijtimoiy va ekologik maqsadlarga erishish yo‘lida faol hamkorlik qilmoqdamiz. Umumiy maqsadimiz – mustahkam robitalarni qo‘llab-quvvatlash va iqlim talablariga muvofiq keladigan barqaror o‘sish modeliga o‘tishdir. Shunga ko‘ra, biz energiya samaradorligi, qayta tiklanadigan energiya manbalari, energiya uzatish, suv ta’minoti va kanalizatsiya kabi sohalarda yashil infratuzilma loyihalarini qo‘llab-quvvatlashni muhim deb bilamiz”, – dedi YeIB vitse-prezidenti.
Xavfsiz transport aloqalari va raqamlashtirish ham taraqqiyotning muhim talabiga aylangan. YeIning “Global darvoza” loyihasi ham shu kabi maqsadlarga xizmat qiladi.
YeIB Markaziy Osiyoda 2011-yilda o‘z faoliyatini boshlagan. Hozirda bank O‘zbekiston, Qirg‘iziston, Qozog‘iston va Tojikistonda ish olib bormoqda.
“YeIB Markaziy Osiyo mintaqasida 1 milliard yevroga yaqin tasdiqlangan loyihalar va allaqachon imzolangan 863 million yevrolik kreditlar bilan diversifikatsiyalangan va tez o‘sib borayotgan portfelni ishlab chiqdi. Mablag‘lar orqali suv, energetika va qishloq xo‘jaligi sohasidagi ustuvor loyihalarni qo‘llab-quvvatlaymiz. Loyihalarimiz iqlim o‘zgarishi va raqamli loyihalarga e’tibor qaratgan holda, kichik biznesning moliyalashtirilishi imkoniyatlarini yaxshilaydi, COVID–19 pandemiyasining ta’sirini yengishga yordam beradi”, – deydi Chervinskaya xonim.
Nufuzli moliya tuzilmasi vitse-prezidenti Markaziy Osiyo aholisining hayot darajasini yaxshilashga qaratilgan loyihalarni dastaklash davom ettirilishiga ishonch bildirdi.
YeIB – Yevropa Ittifoqining asosiy moliya-kredit davlat muassasasi sanaladi. 1958-yilda ta’sis etilgan tuzilma YeIning ustuvor maqsadlarida belgilangan yo‘nalishlarda kredit va texnik ko‘mak ajratadi. Ayni paytda bank iqlim o‘zgarishi, atrof-muhitni muhofaza etish, kichik va o‘rta biznesni qo‘llab-quvvatlash, infratuzilmani takomillashtirish yo‘nalishlariga e’tibor qaratmoqda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter