Ehtiyojmand oilalar farzandlari uchun bog‘chalar tekin bo‘lishi mumkin
2023 yil dekabr oyiga qadar tegishli vazirliklar maktabgacha ta’lim tizimini yanada takomillashtirish bo‘yicha Prezident qarori loyihasini ishlab chiqishlari kerak.
Bu haqda «O‘zbekiston – 2030» strategiyasini 2023 yilda sifatli va o‘z vaqtida amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Prezident qarori loyihasida gap boradi.
Qayd etilishicha, mazkur hujjat bilan kelgusida ehtiyojmand oilalar farzandlari uchun bog‘cha xarajatlarini davlat tomonidan to‘liq qoplash tizimi joriy qilinadi.
Shuningdek, tarbiyalanuvchilarni zamonaviy texnologiyalarga o‘rgatish maqsadida maktabgacha ta’lim tashkilotlarini kompyuter sinflari bilan ta’minlanadi hamda muqobil energiya manbalari, energiya tejamkor material va texnologiyalarni joriy qilish orqali energiya samaradorligini oshirishga qaratilgan chora-tadbirlar olib boriladi.
Bundan tashqari, yuridik shaxslarning nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarini qurishga sarf etiladigan xarajatlarni soliqlardan to‘liq ozod qilish ham rejalashtirilyapti.
Shu bilan birga maktabgacha ta’lim tashkilotlarini ichimlik suvi bilan ta’minlash va ularning sanitariya-gigiyena holatini yaxshilash bo‘yicha choralar ko‘rish hamda davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarida oqsil, vitamin va minerallar bilan boyitilgan sut, yod bilan to‘yintirilgan non mahsulotlari berishni yo‘lga qo‘yish ham nazarda tutilmoqda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter