Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Dok-1 Maks ishi»: advokatlar suddan eksgumatsiya o‘tkazishni so‘rayapti

«Dok-1 Maks ishi»: advokatlar suddan eksgumatsiya o‘tkazishni so‘rayapti

2022-yilning oxiri va 2023-yilning 1-choragiga qadar kamida 65 nafar bolaning o‘limiga sabab bo‘lgan «Dok-1 Maks ishi»da sudlanuvchilarning advokatlari suddan vafot etgan bolalarning jasadlarini ekspertiza qilish, ya’ni eksgumatsiya o‘tkazishni so‘radi.

– Jinoyat ishida haqiqatni, ya’ni «Dok-1 Maks» dorisi va bolalar o‘limi o‘rtasidagi sababiy bog‘lanishni aniqlash uchun murdalarni eksgumatsiya qilish hamda sud-kimyo ekspertizasi tayinlashingizni so‘rayman. Chunki o‘lim sabablarini faqatgina eksgumatsiya qilish orqali sud-med ekspertiza qilish bilan aniqlash mumkin, – deydi hindistonlik sudlanuvchining advokati Davron Ahmadov.

Isltimosnoma bir nechta advokatlar tomonidan qo‘llab-quvvatlandi. Davlat ayblovchisi tomonidan esa «maqsadga muvofiq emas» deb topildi. Jabrlanuvchilar suddan eksgumatsiya to‘g‘risidagi so‘rovni qat’iyan rad qilishni so‘radi.

Sud tomonlar fikrini eshitib, bunga qadar bir necha marhum bolalarning o‘limi sabablarini o‘rganish maqsadida ekspertizalar o‘tkazilganligini bildirdi. Shuningdek, ushbu tekshiruvlarni o‘tkazgan ekspertlardan kerakli savollarga javob olinganidan keyin bu masalaga qaytishini va so‘ng iltimosnoma bo‘yicha qaror qabul qilishini ma’lum qildi.

Ma’lumot uchun, Jinoyat-protsessual kodeksining murdani eksgumatsiya iilishga doir normalarida sudlarning bu haqda iltimosnoma tushgan paytdan e’tiboran qirq sakkiz soatdan kechiktirmay yopiq sud majlisida ko‘rib chiqishi belgilangan. Unda prokuror, tergovchi, surishtiruvchi, qonuniy vakil yoki murdasi eksgumatsiya qilinishi lozim bo‘lgan vafot etgan shaxsning yaqin qarindoshlaridan biri, zarur hollarda gumon qilinuvchi, ayblanuvchi, shuningdek, agar ishda ishtirok etayotgan bo‘lsa, himoyachi va qonuniy vakil ishtirok etadi. Tomonlar eshitiladi va shundan keyin sudya murdani eksgumatsiya qilish to‘g‘risidagi iltimosnomani ko‘rib chiqib, murdani eksgumatsiya qilish to‘g‘risida yoki murdani eksgumatsiya qilishni rad etish haqida ajrim chiqaradi.  

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring