Davlat–inson munosabatida qonunchilikdagi ziddiyatlar inson foydasiga talqin etiladi – loyiha
Konstitutsiyaviy qonun loyihasida davlat va fuqarolarning o‘zaro huquq va majburiyatlari, jumladan, ular o‘rtasidagi munosabatlarda yuzaga keladigan qonuniy ziddiyatlar inson oydasiga hal etilishi kabi normalar ham belgilab qo‘yilmoqda.
Hujjat loyihasiga ko‘ra:
«O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi hamda davlat bir-biriga nisbatan o‘zaro huquq va majburiyatlar bilan bog‘liqdir.
Fuqarolarning Konstitutsiya va qonunlarda mustahkamlab qo‘yilgan huquq va erkinliklari daxlsizdir, ulardan sud qarorisiz mahrum etishga yoki ularni cheklab qo‘yishga hech kim haqli emas.
Insonning huquq va erkinliklari bevosita amal qiladi. Insonning huquq va erkinliklari qonunlarning, davlat organlari, fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organlari, ularning mansabdor shaxslari faoliyatining mohiyati va mazmunini belgilaydi.
Davlat organlari tomonidan insonga nisbatan qo‘llaniladigan huquqiy ta’sir choralari mutanosiblik prinsipiga asoslanishi va qonunlarda nazarda tutilgan maqsadlarga erishish uchun yetarli bo‘lishi kerak.
Inson bilan davlat organlarining o‘zaro munosabatlarida yuzaga keladigan qonunchilikdagi barcha ziddiyatlar va noaniqliklar inson foydasiga talqin etiladi».
Har bir davlat o‘z fuqarolari bilan munosabatga kirishar ekan, alohida huquq va majburiyatlarga ega bo‘ladi. Ya’ni, davlat ham, fuqaro ham o‘ziga xos huquqlarga va majburiyatlarga ega.
Masalan, davlat fuqarolar uchun xavfsizlik, farovonlik, tinchlik va yaxshi hayot kechirish uchun shart-sharoitlar yaratib berish kabi majburiyatlarga ega bo‘lsa, fuqarolar qonunlarga bo‘ysunish, burch va majburiyatlarni bajarish kabi mas’uliyatni o‘z zimmasiga oladi.
Yangi tahrirdagi konstitutsiyada ushbu prinsiplar alohida belgilanyapti. Bunda asosiy urg‘u insonning huquq va erkinliklariga qaratilmoqda.
Masalan, davlat organlari tomonidan insonga nisbatan qo‘llaniladigan huquqiy ta’sir choralari mutanosiblik prinsipiga asoslanadi, deyilyapti. Bu nima degani? Bunda ham jazolash yoki boshqa ta’sir ko‘rsatishning chegarasi insoniylikka borib taqaladi.
Aytaylik, shaxs tadbirkorlik bilan shug‘ullanmoqchi, lekin u davlat ro‘yxatidan o‘tish bosqichlarini qilmasdan yoki ruxsat beruvchi hujjatlarni olmasdan ish boshladi. Bunday holat uchun yaqin yillargacha uning faoliyati tugatilgan yoki to‘xtatib qo‘yilgan. Biroq bugungi kunda unga o‘zi sodir etgan huquqbuzarlik tushuntiriladi, ruxsat beruvchi yoki litsenziya hujjatini olish uchun muayyan vaqt beriladi. Bundan ko‘zlangan maqsad ham qonun ustuvorligini ta’minlash, ham bitta tadbirkorni saqlab qolish. Mana shu mutanosiblik prinsipi, mana shu maqsadga erishish uchun yetarli bo‘lgan chora hisoblanadi.
Yana shuni alohida qayd etish kerakki, davlat bilan inson o‘rtasidagi o‘zaro munosabatlarida yuzaga keladigan qonunchilikdagi barcha ziddiyatlar va noaniqliklar inson foydasiga talqin etiladi, deb belgilanmoqda. Chunki bunday holatda davlat mas’uliyatni o‘z zimmasiga olmasa insonga jabr bo‘lishi, zarar yetishi mumkin. Bunda xoh u moddiy ziddiyat bo‘lsin, xoh nomoddiy, qat’i nazar davlat o‘z fuqarosining foydasiga mas’uliyatni o‘ziga oladi.
Davlat va fuqaro bir biri oldida mas’ul bo‘lmasa ko‘zlangan maqsadga erishib bo‘lmaydi. Fuqarolar o‘z majburiyatlarini sidqidildan bajarsa qudratli davlat barpo etiladi, o‘z navbatida davlat majburiyatlarini to‘liq bajarsa aholi farovon yashaydi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter