Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Dastlabki 6 oyda ko‘chmas mulk bozorida savdolar soni qariyb 6 foizga pasaygan

Dastlabki 6 oyda ko‘chmas mulk bozorida savdolar soni qariyb 6 foizga pasaygan

Joriy yilning birinchi yarmi yakunlari bo‘yicha ko‘chmas mulk bozorida umumiy savdolar soni 5,7 foizga pasaydi. Bu haqda Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi ma’lum qildi.

Ammo, hududlar kesimida ayrim, jumladan, Andijon, Xorazm va Qashqadaryo viloyatlarida faollikning oshgani qayd etilgan.

Umuman olganda esa faollikning tushib ketishi mamlakat ko‘chmas mulk bozorining yalpi sekinlashganligini aks ettirmoqda.

Bu pasayish ayniqsa, Navoiy viloyatida sezilarli bo‘lib, operatsiyalar 26,5 foizga qisqardi. Shuningdek, Toshkent shahrida 13,8 foizni, Jizzax viloyatida 10,6 foizni tashkil etdi.

Ikkilamchi ko‘chmas mulk bozorida (iyun oyi uchun) uy-joy narxlarining o‘sish sur’ati sekinlashdi. Agar may oyida uy-joy o‘rtacha narxining o‘sishi kvadrat metr uchun 1,3 foizni tashkil etgan bo‘lsa, iyun oyida ikkilamchi bozor atigi 0,3 foizga o‘sdi.

Biroq, o‘tgan yilning iyuniga nisbatan ikkilamchi bozorda narxlar deyarli 10 foizga oshdi.

Ikkilamchi uy-joy segmentida uy-joy narxining sezilarli o‘sishi Xorazm (18,1 foizga), Buxoro (17,1 foizga), Qashqadaryo (16,7 foizga) va Toshkent viloyatlarida (16 foizga) qayd etildi.

Toshkentda ikkilamchi bozordagi narxlar bir oyda 1,1 foizga pasaydi. Shayxontohur (0,8 foiz), Yakkasaroy (0,6 foiz) va Olmazor tumanlarida (0,3 foiz) me’yor doirasida o‘sish qayd etildi.

Toshkent shahri ijara bozori ham may oyida biroz tiklanishdan so‘ng, yana pasayish bilan xarakterlandi. Xususan, Toshkentda ijaraning o‘rtacha bahosi 1,2 foizga pasayib, bir kvadrat metr uchun 8,3 dollarni tashkil etdi.

Mirobod, Shayxontohur va Yakkasaroy tumanlarida ijara haqi hamon yuqori bo‘lib, har kvadrat metr uchun o‘rtacha 10,2 dollarga teng bo‘lib turibdi.

Nisbatan arzon uy ijarasi Olmazor, Sergeli va Bektemir tumanlarida saqlanib qolmoqda, bu joylarda ijaraning o‘rtacha narxi bir kvadrat metr uchun 6,4 dollarni tashkil qiladi.

Shu bilan birga, yil boshidan beri ijara narxining 9,8 foizga kamaygani qayd etildi, o‘tgan yilning iyuniga nisbatan esa ijara haqi 5,5 foizga pasaygan.

O‘tgan yilning iyuniga nisbatan ijara haqining eng sezilarli – 12 foizdan ko‘proq pasayishi Yashnobod va Mirzo-Ulug‘bek tumanlarida qayd etilgan bo‘lsa, Yunusobod va Yakkasaroy tumanlarida yuqoridagiga nisbatan quyiroq – 8,3 foizlik pasayish kuzatildi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring