Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Dam olish va bayram kunlarida ishlash taqiqlanadi

Dam olish va bayram kunlarida ishlash taqiqlanadi

Mehnat kodeksining 209-212, 263, 396, 417,428-moddalari va Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 49-moddasi xodimlarning dam olish va bayram kunlarida ishlash yoki ishlamaslik masalalariga doir huquqlarini belgilaydi.

Xususan, Mehnat kodeksining 209-moddasiga ko‘ra, dam olish kunlarida va ishlanmaydigan bayram kunlarida ishlash taqiqlanadi, bundan ushbu Kodeksda nazarda tutilgan hollar mustasno.

MK 210-moddasiga ko‘ra, dam olish kunlari va ishlanmaydigan bayram kunlari xodimning roziligisiz ishga jalb etishga yo‘l qo‘yilmaydi, bundan alohida hollar mustasno…

Ushbu kodeksning 211-moddasiga ko‘ra esa xodimlar ishga jalb etiladigan dam olish va ishlanmaydigan bayram kunlarining sonini cheklash, bundan ushbu Kodeks 210-moddasida nazarda tutilgan hollar mustasno, jamoa shartnomasida yoxud ish beruvchi tomonidan kasaba uyushmasi qo‘mitasi bilan kelishuvga ko‘ra belgilanishi mumkin.

Shuningdek, Mehnat kodeksining:

  • 212-moddasiga ko‘ra, xodimlarni dam olish kuni yoki ishlanmaydigan bayram kuni ishga jalb etish ish beruvchining buyrug‘i bilan rasmiylashtiriladi.
  • 263-moddasiga ko‘ra, dam olish kunlaridagi yoki ishlanmaydigan bayram kunlaridagi ish uchun kamida ikki hissa miqdorida haq to‘lanadi.
  • 396-moddasiga ko‘ra, homilador ayollar, 14 yoshga to‘lmagan bolaning (16 yoshga to‘lmagan nogironligi bo‘lgan bolaning) ota-onasidan biri (ota-onasining o‘rnini bosuvchi shaxs) faqat o‘z yozma roziligi bilan tungi ishlarga, ish vaqtidan tashqari ishlarga, dam olish kunlaridagi va ishlanmaydigan bayram kunlaridagi ishlarga jalb qilinishi, shuningdek xizmat safariga yuborilishi mumkin.
  • 417-moddasiga ko‘ra, 18 yoshgacha bo‘lgan xodimlarni xizmat safariga yuborish, tungi ishlarga, dam olish kunlaridagi va ishlanmaydigan bayram kunlaridagi ishlarga jalb qilish taqiqlanadi.
  • 428-moddasiga ko‘ra, nogironligi bo‘lgan xodimlarni xizmat safariga yuborishga, tungi ishlarga, ish vaqtidan tashqari ishlarga hamda dam olish va ishlanmaydigan bayram kunlaridagi ishlarga jalb qilishga faqat ularning roziligi bilan, agar ushbu xodimlar uchun bunday ishlar tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyasi tavsiyalarida taqiqlanmagan bo‘lsa, yo‘l qo‘yiladi.

MjTKning 49-moddasiga ko‘ra, mansabdor shaxs tomonidan mehnat va mehnatni muhofaza qilish to‘g‘risidagi qonunchilikni buzish, bazaviy hisoblash miqdorining besh baravaridan o‘n baravarigacha  (3 million 400 ming so‘mgacha) miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

Muhammadamin KARIMJONOV
Toshkent davlat yuridik universiteti
Mehnat huquqi kafedrasi katta o‘qituvchisi

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring