Chirchiqdagi hibsxonada 22 yashar yigit o‘z joniga qasd qildi
Ijtimoiy tarmoqlarda Chirchiq shahridagi IIB hibsxonasida fuqaro joniga qasd qilgani haqida xabarlar tarqaldi. Toshkent viloyati IIBB holatni tasdiqlab, voqea qanday ro‘y berganini ma’lum qildi.
Ta’kidlanishicha, 22 yashar yigit Jinoyat Kodeksining 169-moddasi 3-qismi «v» bandi (O‘g‘rilik, ko‘p miqdorda) va 168-moddasi 3-qismi «b» bandi (Firibgarlik, takroran yoki xavfli retsidivist tomonidan) bilan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishida ayblangan.
Tergov davomida u muqaddam ham JKning 164-moddasi 2 qismi «a» bandi (Bosqinchilik, qurol yoki qurol sifatida foydalanish mumkin bo‘lgan boshqa narsalarni ishlatib) bilan sudlanganligi inobatga olinib, erkakga nisbatan «qamoqqa olish» tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.
«Joriy yilning 1-dekabr kuni soat tungi 02.30 larda jinoyat ishi doirasida hibsxonada saqlanayotgan gumonlanuvchi kameradagi yopinchiq choyshabdan sirtmoq yasab, kamera oynachasining temir panjarasiga bog‘lagan holda o‘z joniga qasd qilgan.
Sud-tibbiyot ekspertizasining dastlabki xulosasiga ko‘ra, marhumning o‘limi, bo‘yin qismi sirtmoq bilan siqilishi natijasida kelib chiqqan mexanik asfiksiya oqibatida yuz berganligi, aniqlangan», deyiladi bayonotda.
Ayni paytda holat yuzasidan prokuratura tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari amalga oshirilayotgani bildirilgan.
Holatga Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili ham munosabat bildirdi.
«Yigitning o‘zini osgani aytilgan bo‘lsa-da, uning burni singani va tanasida jarohatlar borligi aniqlanganligi xam xabarda aytib o‘tilgan.
Mazkur holat Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) tomonidan nazoratga olinib, ishga taalluqli ma’lumotlar so‘rab olindi. Ishga oid hujjatlar o‘rganilmoqda», deyiladi rasmiy munosabatda.
Ombudsman marhumga sud-ekspertizasi tayinlangani, tekshiruv har tomonlama, to‘liq va qonuniy o‘tkazilishini nazorat qilinishini ma’lum qilgan.
Avvalroq Bo‘kadagi IIBdan 36 yoshli yigitning o‘ligi chiqqan va buning ortidan bir qator mansabdorlar ishdan olinib, ularga qarshi jinoyat ishi ochilgandi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter