Buxoroda o‘qishga kiritib qo‘yish evaziga fuqarolardan pul undirgan mansabdorga hukm o‘qildi

Buxoroda 2022-yildan oliy ta’lim muassasasi sifatida litsenziyaga ega bo‘lib, faoliyatini davom ettirib kelayotgan «Turon Zarmed» universitetiga salkam 20 nafarga yaqin yoshlarni imtihonsiz o‘qishga kiritib qo‘yish evaziga har biridan yirik miqdorda pul undirgan mansabdorga sud hukmi o‘qildi.
Sud hujjatlariga ko‘ra, g‘ijduvonlik 27 yoshli «Ye.A.» MChJ rahbari F.O. o‘z xizmat mavqeidan foydalanib, fuqarolarni mazkur universitetda vakolatli tanishlari borligi, belgilangan pulni berishsa, ularni imtihonsiz talaba qilib qo‘yishi va’dasini bergan.
F.O. yoshlarning ishonchiga kirish vositasi sifatida o‘zi rahbarlik qilayotgan «E.A.» MChJ nomidan soxta shartnomalar tuzib kelgan. Shartnomada ko‘rsatilishicha, u fuqarolardan 3-6 mln so‘m atrofidagi mablag‘larni qo‘lga kiritgan va o‘z manfaati yo‘lida ishlatib yuborgan.
Oradan ko‘p o‘tmay, oliy ta’lim muassasasiga qabul imtihonlari boshlanishi haqida e’lon berilgan. Talaba bo‘lish istagidagi «mijoz»lar esa «Turon Zarmed» universiteti mas’ullaridan biriga o‘zining o‘qishga kirishi uchun «Ye.A.» MChJ bilan shartnoma tuzganligini, shartnomada belgilangan pulni to‘lab, imtihonsiz talabalar safiga qabul qilingach, o‘qish davri qachon boshlanishi haqida qiziqib so‘ragan.
Universitet mas’uli hech qanday jamiyat yoki korxonalar bilan shartnomalar yo‘qligini, bunday xatti-harakatlar qonunga xilofligini bildirgan va bu kabi soxta shartnomlarni zudlik bilan bekor qilish choralarini ko‘rish lozimligini uqtirgan. Holatdan xabar topgan universitet mas’ullari bu haqda huquq-tartibot organlariga ma’lum qilishgan.
Huquq-tartibot organlari vakillari holat yuzasidan tezkor tadbir uyushtirishgan va Buxoro shahar markazidagi savdo majmualaridan birining oldida MChJ rahbari F.O.ni o‘zining xodimi M.S. orqali fuiarodan kimyoviy ishlov berilgan 300 AQSh dollari va 700 ming so‘m pullarni olayotgan vaqtida qo‘lga olingan.
Sud tergovida F.O. avvaliga o‘z aybiga iqror bo‘lmasdan, fuqarolarga shartnoma asosida huquqiy maslahat bergani evazigat ulardan pul olganini aytgan. Biroq, F.O.ning ovoz yozuvlari hamda soxta shartnomalarda keltirilgan manbalar jinoyatni fosh etgan.
Keyinchalik MChJ rahbari yoshlarga yetkazilgan zararlarni to‘liq qoplashini, qilmishidan chin ko‘ngildan pushaymon ekanini aytib, aybiga iqrorlik bildirgan.
Sud dastlabki tergov organi tomonidan sudlanuvchi F.O.ning jinoiy harakatlari Jinoyat kodeksining 168-moddasi (Firibgarlik) 3-qismi «b,v» bandlari, 25,192-9-moddasi (Tijoratda pora evaziga og‘dirib olish) 1-qismi bilan to‘g‘ri kvalifikatsiya qilingan va shu moddalar bilan aybli deb topdi.
Sud uni oylik ish haqining 20 foizini davlat daromadiga undirish sharti bilan 2 yil 6 oy muddatga axloq tuzatish ishlari jazosiga hukm qildi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter