Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Bugun O‘zbekistonda kuchli magnit bo‘roni kuzatiladi. Mutaxassislar qanday tavsiyalar bermoqda?

Bugun O‘zbekistonda kuchli magnit bo‘roni kuzatiladi. Mutaxassislar qanday tavsiyalar bermoqda?

Bugun kun davomida O‘zbekistonda G3 va G4 darajaga ega 5-6 ballik magnit bo‘ronlari bo‘lishi prognoz qilinmoqda. Ushbu tabiat hodisasi aloqa, elektr tarmoqlari, navigatsiya tizimi bilan birga, inson salomatligiga ham salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.

Sog‘liqni saqlash vazirligi mazkur hollarda aholi vakillari o‘z salomatliklarini asrash borasida qanday yo‘l tutishlari lozimligi to‘g‘risida tavsiyalarini bermoqda.

Qayd etilishicha, magnit bo‘roni kuzatilgan hollarda undan surunkali xastaliklarga chalingan, o‘rta va katta yoshli insonlar, ayniqsa, yurak ishemik kasalligi bilan og‘rigan yoki miokard infarkt, insultni boshdan o‘tkazgan bemorlar ko‘proq aziyat chekadi.

Chunki quyosh chaqnashlari tufayli hosil bo‘lgan magnit maydoni gipertoniklarda qon bosimi oshishi, gipotoniklarda esa aksincha, qon bosimi pasayishiga sabab bo‘ladi.

Bundan tashqari, bosh og‘rig‘i, holsizlik, qolaversa, turli allergik reaksiyalar kuzatilishi ehtimoli mavjud.

Shu bois aholidan bunday ob-havo sharoitida surunkali kasalliklarga chalinganlar, keksa yoshli insonlar va homilador ayollardan quyidagi tavsiyalarga amal qilishlari so‘raladi:

  • Magnit bo‘roni paytida jismoniy faollik, jumladan zo‘riqtiruvchi ishlar va mashg‘ulotlarni cheklash maqsadga muvofiq.
  • Avvalo, ovqatlanish ratsioniga alohida e’tibor qaratish va ko‘proq suyuqlik ichish lozim.
  • Sho‘r taomlar iste’molini cheklash kerak. Chunki tuz organizmda suv miqdorini kamaytirib, qon bosimi oshishiga sabab bo‘ladi.
  • Sersuv meva-sabzavotlar, kaliy va C vitaminiga boy mahsulotlar ham salomatlik uchun juda foydali.
  • Magnit bo‘roni kuzatiladigan kunlarda spirtli ichimliklardan butunlay voz kechish shart.
  • Yurak xuruji va insultni boshdan kechirganlar ma’lum muddat mashina haydamaganlari ma’qul.
  • Bunday sharoitda sayohat qilishni kechiktirib turish ham foydadan xoli bo‘lmaydi.
  • Surunkali kasalliklarga chalinganlar esa o‘zlari bilan shifokorlar tomonidan buyurilgan dori-darmonlarni olib yurishlari hamda qon bosimini tez-tez nazorat qilib turishlari lozim.
Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring