Bolalar kontentini rivojlantirish markazi tashkil qilindi

Prezident qarori bilan Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi qoshida Bolalar kontentini rivojlantirish markazi tashkil qilindi. Bu haqda Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida maktab ta’limi yuzasidan bo‘lib o‘tgan videoselektor yig‘ilishida ma’lum qilindi.
Markaz bolalar tarbiyasi va sog‘lig‘iga salbiy ta’sir qiladigan axborot makonidagi kontentni tahlil qiladi. Mahalliy ijodkorlarga milliy kontent yaratish bo‘yicha buyurtma beradi, sohada kadr tayyorlashni tashkil qiladi. Qori Niyoziy instituti markazga ilmiy jihatdan ko‘maklashadi.
Shu bilan birga, bu masalalar faqatgina bitta markazning ishi bo‘lib qolmasligi, mas’ul barcha vazirliklar markaz bilan ishlarni boshlashi shartligi ko‘rsatib o‘tildi.
Bolalar kontentini rivojlantirish markaziga direktor etib taniqli rejissyor Jahongir Ahmedov tayinlandi.
Yig‘ilishda sanoqli kunlardan keyin 6 milliondan ziyod o‘quvchi va 1 milliondan ortiq talaba ta’tilga chiqishi ta’kidlandi. Yoz oylarida yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil qilish muhim ahamiyatga ega ekani ko‘rsatib o‘tildi.
Barcha hokimlar va ta’lim sohasi rahbarlariga yozgi ta’til vaqtida barcha ta’lim muassasalarining sport maydonchasi va o‘quv xonalarida yoshlar uchun sport, fan va kasb to‘garaklarini ochish topshirildi.
Masalan, o‘zlashtirish darajasi past maktablarga oqsayotgan fanlar bo‘yicha eng yaxshi mutaxassislar jalb qilinib, o‘quvchilar uchun haftasiga olti soatlik o‘quv kurslari tashkil qilinadi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter