Bojxonada 22 turdagi 50 ga yaqin madaniy boyliklarni chetga olib chiqib ketayotgan shaxs ushlandi

Farg‘ona viloyati bojxona boshqarmasi «Andarxon» chegara bojxona posti orqali qo‘shni davlatga 22 turdagi 50 ga yaqin rangli metalldan yasalgan madaniy boyliklarni olib chiqib ketayotgan shaxs ushlandi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo‘mitasi xabar berdi.
Qayd etilishicha, Farg‘ona viloyati bojxona boshqarmasi «Andarxon» chegara bojxona posti xodimlari tomonidan post orqali qo‘shni davlatga chiqish maqsadida harakatlanayotgan F. M. ga tegishli qo‘l yuklari bojxona nazoratidan o‘tkazilgan. Natijada uning qo‘l yuklari orasida bojxona xodimining og‘zaki so‘rovida ma’lum qilinmagan, yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasi bilan deklaratsiyalanmagan hamda tegishli hujjatlari bo‘lmagan 22 turdagi 50 ga yaqin rangli metalldan yasalgan madaniy boyliklar borligi aniqlangan.
Madaniy meros agentligi mutaxassislari xulosasiga ko‘ra, ushbu tovarlarning 36 donasi badiiy qiymatga ega bo‘lgan hamda 8 tasi badiiy qiymatga va tarixiy ahamiyatga ega bo‘lgan buyumlar ekanligi ma’lum bo‘ldi.
Farg‘ona viloyati bojxona boshqarmasi axborot xizmati rahbari Shavkatjon Sotvoldiyevning ma’lumotiga qaraganda, O‘zbekiston Respublikasining «Madaniy boyliklarning olib chiqilishi va olib kirilishi to‘g‘risida»gi Qonuniga asosan badiiy qiymatga hamda tarixiy ahamiyatga ega mahsulotlarni mamlakatimizdan olib chiqilishi taqiqlangan.
Ayni kunlarda mazkur holat yuzasidan F. M.ga nisbatan bojxona organlari tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter