Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Biz O‘zbekiston tomonidan faqat fayz va baraka ko‘rib kelyapmiz»  – Balx viloyati gubernatori

«Biz O‘zbekiston tomonidan faqat fayz va baraka ko‘rib kelyapmiz»  – Balx viloyati gubernatori

Kecha, 22-dekabr kuni O‘zbekiston hukumatining afg‘on xalqiga eng birlamchi oziq-ovqat mahsulotlari hamda  kiyim-kechaklardan iborat jami 170 tonnalik navbatdagi insonparvarlik yordami yuklari ortilgan avtomashinalar karvoni Hayraton chegara o‘tkazish punkti orqali qo‘shni mamlakatning Balx viloyati shimolidagi Kaldor tumaniga yetkazildi. 

Qo‘shni davlatning  Hayraton  shahrida insonparvarlik yordamini topshirish marosimi bo‘lib o‘tgani haqida ham xabar qilingan edi.

Qayd etilishicha, mazkur yuk 48 tonna un, 30 tonna shakar, 48 tonna bug‘doy, 15 tonna o‘simlik yog‘i, 10 ming dona konservalangan go‘sht mahsulotlari , 22 tonna makaron, 1000 juft erkaklar va bolalar ust kiyimi, 1000 juft bolalar, erkaklar va ayollar oyoq kiyimidan tashkil topgan.

«Qo‘shni birodar o‘zbek xalqi Afg‘onistonda tinchlik va barqarorlikni o‘rnatish, aholisining mushkulini oson qilishdek xayrli ishlarda bosh bo‘layotganidan biz afg‘on xalqi juda ham minnatdormiz.

Bugun O‘zbekiston hukumati mintaqadagi muammolar yechimi va davlatlar o‘rtasidagi hamkorlikni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha o‘z tashabbus va amaliy harakatlarini olib bormoqda. Birgina  «Mozori Sharif – Kobul – Peshovar» temir yo‘li qurilishini oladigan bo‘lsak, bu loyiha nafaqat uchta davlat qolaversa Markaziy Osiyo mamlakatlarining iqtisodiyotida juda katta ahamiyat kasb etadi. Mana bunday beg‘araz ko‘mak xalqlarimizni jipslashtirib o‘zaro bordi-keldi munosabatlarimzni yanada mustahkamlaydi. Bundan esa albatta afg‘on xalq manfaatdor. Yana bir bor samimiy tashakkurimni izhor etaman», – deydi Balx viloyati gubernatori Mullo Muhammad Dovud Muzammil.

O‘zbekiston Prezidentining Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili Ismatilla Ergashev ham qo‘shni mamlakatga yetkazib berilgan insonparvarlik yordami haqida fikr bildirdi.

«Qish qattiq kelganini hisobga olgan holda, O‘zbekiston rahbariyatining dasturiga asosan, Afg‘oniston xalqiga bu yilning o‘zida yettinchi marotaba insonparvarlik yordamini olib keldik.

Balx viloyati gubernatori Muhammad Dovud Muzammil bilan suhbatlashganimizda, u «O‘zbekiston va Afg‘oniston o‘rtasidagi chegara — do‘stlik chegarasi. Biz O‘zbekiston tomonidan faqat fayz va baraka ko‘rib kelyapmiz. Bugungi kunda bizga eng yaqin, birodarlik munosabatlarini ko‘rsatayotgan davlat ham shu. Biz O‘zbekiston bilan har tomonlama munosabatlarni kengaytirish, mustahkamlash va har qanday masalani do‘stona hal qilamiz», deya ta’kidladi», – deydi Ergashev.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring