Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Barno Sultonova

Ozodlik qo‘rquvning yuziga tik qaray olishdir.

Birovning haqi yoxud to‘rt oylik koreyalik chaqaloqning samolyotda yo‘lovchilarga «yozgan xati»

Birovning haqi yoxud to‘rt oylik koreyalik chaqaloqning samolyotda yo‘lovchilarga «yozgan xati»

illyustrativ foto

Halovat o‘g‘rilari

Tungi soat o‘n ikki. Qayerdadir mushaklar otildi. Keyin ortidan musiqa yangradi, hofiz «onajoning rozi qil» deya kuyladi, qiy-chuv, kulgu xursandchilik. Bu keyingi paytlarda avjiga chiqqan, urfga kirgan onalarni farzandlari tug‘ilgan kuni bilan tungi o‘n ikkida tabriklash odati. Ammo onasini shunday shovqin-suron bilan tabriklayotgan odam atrofdagilarga qanchalik malol kelayotganini bilarmikan? Bilganda-chi, u shunchalar xudbinki, o‘zining bilganidan qolmaydi, go‘yoki shu bilan farzandlik burchini qoyillatib bajarib qo‘ydi...

Biz birovning haqini yeb ketish deganda moddiyotnigina tushunamiz – qarz olib bermaslik, tarozidan urib qolish, omonatni qaytarmaslik... Ammo yana shunday haqlar borki, bularni ham bemalol birovning haqiga xiyonat desak bo‘ladi. Ya’ni yarim kechasi baqirib-chaqirib onasini tabriklagan o‘g‘il qo‘shnining uyqu haqiga xiyonat qildi.

Bunday misollar juda ko‘p. Aytaylik, Eshmat qassob mahallaning boshidagi zovur oldidan qushxona ochdi – zovurga chiqindilarni oqizish uchun. Uning qushxonasiga yarim kechasimi, kunduzimi og‘ir yukli mashinalar sharaqlab o‘tib-qaytib turadi. Shu qadar mashinalar ko‘p o‘tib-qaytganidan yo‘lning abgori chiqib ketgan. Balki Eshmat molni halollab so‘yayotgandir, balki tarozidan urib qolmas, lekin baribir u birovning, yana ko‘pchilikning haqiga xiyonat qilayapti. Qanday deysizmi, avvalo suvni ifloslantirayapti, bu tabiatning haqi. Keyin esa mashinalarning shovqin solib o‘tishi oqibatida qo‘shnilarning tinchini buzayapti. Yo‘lning o‘ydim-chuqur bo‘lib ketganini gapiradigan odam yo‘q. Yo‘lni qo‘shnilar ta’mirlashsada bir yilga bormay asfalti to‘zib ketadi. Demak, Eshmat o‘zining tirikchiligini o‘ylab yo‘lga ketgan mablag‘ni ko‘kka sovurayapti – ko‘pchilikning haqiga xiyonat qilayapti.

Eshmat yo‘l qurish, tuzatish savob, degan maqolni eshitmagan ham bo‘lsa kerak. Balki bu tadbirkor asfaltni to‘zitayapti, keksalar, bolalar yuradigan yo‘lning changini chiqarib ularni norozi qilayapti, gunohga botayapti.

«Ko‘p yig‘lasam meni kechiring»

Yaqinda Yaponiyada yashaydigan hamyurtimiz Bahodir Iskandarov suratli post joyladi. Unda bir yaponiyalik odam velosipedning savatchasiga «bilmasdan velosipedingizning qo‘ng‘irog‘iga urilib sindirib qo‘ydim», deb pul tashlab ketgan. Bu yerda ikkita e’tibor bergulik jihat: yaponning velosiped egasidan uzr so‘rab xat yozgani va pul tashlab ketgani, qolaversa, pulga hech kim teginmayotgani... Demak, yaponiyalik velosiped egasining haqidan qo‘rqdi.

Foto: facebook.com / Bahodir Iskandarov

Bundan oldinroq Bahodir Iskandarov hamyurtlarimizning Yaponiyada pista po‘chog‘ini yerga tashlab o‘sha xalqning ko‘z g‘azabiga uchraganini yozgandi.

Biz uchun esa ko‘cha-ko‘yga chiqindi tashlash oddiy hol. Ammo bu bilan biz yana, avvalo, tabiatning haqiga xiyonat qilayapmiz, keyin esa farroshning mehnatini oyoq osti qilish orqali uning mehnatini qadrsizlayapmiz va vaqtini o‘g‘irlayapmiz. Vaqt o‘g‘irlash, boshqalarning mehnatini toptash ham birovning haqiga xiyonat qilish emasmi? O‘sha yerda yashaydigan yana bir tanishimning aytishicha, oshxonaga kirib bemalol telefon yoki hamyoningizni joyni band qilish uchun tashlab ketishingiz mumkin, agar qaytib  kelmasangiz ham hech kim teginmas ekan. Bu odat esa ishonch degan haqqa xiyonat qilmaslik degani.

2019 yil dunyo nashrlarida bir voqea odamlarning qalbidan qattiq joy olgandi.  Bularning barchasi Seuldan San-Fransiskoga yo‘l olgan samolyot bortida sodir bo‘lgandi. Parvoz boshlanganidan so‘ng, yosh ona barcha yo‘lovchilarga kichik xaltacha tarqatadi, ular ichida shimadigan shirinliklar, quloq tiqinlari va xatcha bor edi.

Eslatmada shunday yozilgan edi: «Salom, mening ismim Chonu. Men to‘rt oylikman. Bugun men onam va buvim bilan AQShga – amakimnikiga uchib ketyapman. Men biroz asabiylashyapman va biroz qo‘rqayapman, chunki bu mening hayotimdagi birinchi parvoz. Balki yig‘larman yoki ko‘p bezovta bo‘laman. Men imkon qadar jim ketishga harakat qilaman, lekin va’da berolmayman. Shuning uchun meni kechiring. Onam siz uchun turli xil narsalardan kichik xaltachalar tayyorladi. Ularda konfetlar va quloq tiqinlari bor. Agar juda shovqin qilsam – yig‘lasam, ulardan foydalaning. Yaxshi parvoz qiling va rahmat!»

Koreyalik ayolning bu topilmasi yo‘lovchilarning qalbini allanechuk qilib yubordi – juda ta’sirlantirdi. Keyinchalik ular butun parvoz davomida bola hech qanday noqulaylik tug‘dirmaganini va qo‘nguncha uxlaganini aytishdi. Yo‘lovchilar orasida KGO-TV telekanali jurnalisti Deyv Korona ushbu suratni  o‘zining Facebook sahifasiga qo‘ydi.

Koreyalik ayolning bu tutimi menga samolyotdagi voqeani eslatdi. 3 soatlik yo‘lda bir chaqaloq to‘xtovsiz yig‘ladi. Yo‘lovchilar bezovta bo‘lishdi, sababi bolaning to‘xtovsiz yig‘lagani ko‘pchilikning rahmini ham keltirdi. O‘shanda bilgan edim bola yig‘lasa barcha odamning tinchi buzilishini.

Koreyalik ona nima uchun shunday qildi? U birovlarning haqidan qo‘rqdi, halovatini, tinchini o‘g‘irlashdan hijolat bo‘ldi. Boshqalardek nima qilay, chaqaloq bo‘lgandan keyin samolyotda quloqlari og‘rib yig‘laydi-da deb hech kimni jerkimadi. Balki go‘dakning nomidan xat yozib hijolatligini bildirdi va odamlar ko‘nglini yumshatdi. Ayol odamlarning xotirjamlik haqidan qo‘rqdi.

 

Foto: facebook.com / Dave Corona 

Quyosh, suv, tabiat haqi

Ko‘pincha tirbandliklarda ba’zi haydovchilar uch qator mashinalar navbat kutib tursa qarama-qarshi tomondan mashinaga urilib ketishidan ham qo‘rqmay to‘rtinchi yo‘lakni yaratib suqilib kirib oladi. Vaholanki, hamma navbatda turibdi, lekin to‘rtinchi yo‘lakni yaratgan haydovchi qolganlarning navbatini battar uzoqlashtirib oraga kiradi. Achinarlisi, zarracha hijolat bo‘lmaydi, qizarmaydi, boshqalarning navbatini cho‘zdim, noqulaylik tug‘dirdim demaydi. Bular ham aslida birovning haqiga ko‘z olaytirayapti, vaqtini o‘g‘irlayapti, asabini buzayapti. Qarama-qarshi tomondan keladigan mashinalar uchun xavf tug‘dirib uning ham halovatini o‘g‘irlayapti.
Xuddi shunday holat tufayli qarama-qarshidan kelayotgan bir haydovchi boshqa bir haydovchining umrini o‘g‘irlash bilan birga uning bolalarini haqsiz qoldirdi. Ya’ni oila-a’zolarini ham yaqinidan ham boquvchisidan ayirdi. Birovning haqini o‘g‘irladi – umriga zomin bo‘ldi.

Birovning haqi bu faqat pul yoki allaqanday narsalar emas. Aytaylik, xorijda qora mehnat qilib yurgan jigaringizning pulini dabdabali to‘ylarga, hashamatga sarflab yubordingiz. Siz yana o‘z jigaringizning haqiga xiyonat qilayapsiz. Sog‘lig‘i sovurilishi evaziga kelgan pulni osonlikcha ishlatish orqali yaqiningizning sog‘liq haqiga xiyonat qilayapsiz.

Har bir qadamimizda birovning haqi bor. Kimnidir kuttirib qo‘ydingiz. Siz uning vaqtini o‘g‘irladingiz, oladigan daromadi balki siz tufayli kamaygandir. Bolalar maydonchasi qurilishi kerak bo‘lgan joyga tirikchiligingiz uchun ishlab chiqarish sexi qurdingiz. Siz bolalarning haqiga, bolalik haqiga xiyonat qildingiz. Balki siz qurgan ishlab chiqarish sexi tufayli o‘t-o‘lanlar, daraxtlarga quyosh tegmay qolayotgandir. Siz endi daraxtlarning quyoshdan bahra olish haqiga ko‘z olaytirdingiz. Siz qurgan zavod tufayli bir necha xonadon suvsiz qolgandir. Siz sexda ishlab chiqarayotgan mahsulotni insof bilan sotayotgandirsiz, ishchilarga maoshni vaqtida va rozi qilib berayotgandirsiz. Ammo sizning zavodingiz deb bir necha xonadonning suvsiz qolishi, ularning suv haqiga xiyonat qilayotganingizni bildirmaydimi? Agar siz ishlab chiqarayotgan mahsulot chiqindisi suvga oqizilayotgan bo‘lsachi, ariqdagi tozalik, shaffoflik haqiga xiyonat qilayotgan bo‘lmaysizmi? Agar shu ariqdagi notoza suv tufayli odamlar, hayvonlar kasal bo‘lsa-chi, katta-katta mablag‘ sarflasa-chi? O‘sha paytda ularning mablag‘lariga kasallik emas siz chang solayotgan bo‘lishingiz mumkinligi haqida o‘ylab ko‘rganmisiz?...

Birovning haqi nima? Oromni o‘g‘irlash, vaqtni yelga sovurish, mehnatni qadrlamaslik, sog‘liqqa putur yetkazish – bularning barchasi birovning haqi.

Qo‘shningiz uxlayapti. Birdan siz musiqani baqirtirib qo‘ydingiz. Siz balki halol odamdirsiz, pul, mablag‘, oldi-berdi masalasida haromdan qo‘rqarsiz. Ammo siz qo‘shningizning tinchini buzib uning halovat haqini o‘g‘irladingiz... Birovning haqidan qo‘rqmaysizmi?

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring