Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Aydar-Arnasoy ko‘llarida suv sathi 2 metrgacha pasayib ketgan

Aydar-Arnasoy ko‘llarida suv sathi 2 metrgacha pasayib ketgan

Arnasoy, Tuzkon va Aydar ko‘llari o‘zaro birlashib, ularning umumiy yuzasi 370 ming gektarga, uzunligi 250 kilometrga, o‘rtacha kengligi 26 kilometrgacha yetgan, eng chuqur qismi 30 metrni, o‘rtacha chuqurlik 7 metrni, suv hajmi 2006 yilda 42,1 mlrd m3 ni tashkil etgan.

So‘nggi yillarda iqlimning o‘zgarishi va tashqi suv manbalaridan tashlanayotgan chuchuk suv miqdorda ayrim yillarda kamayishi va boshqa qator omillar sabab, ko‘llar tizimidagi suvning sathi 2 metrgacha pasayib, suv hajmi 36,8 mlrd kub metrgacha tushgan. Suvning minerallashuv darajasi esa 5,1 g/l-8,6 g/l ga, ko‘lning oxirgi qismlarida esa 12-15 g/l ga yetgan.

Bu haqda 16 fevral, payshanba kuni yalpi majlis oldidan o‘tkazilgan Senatning Orolbo‘yi mintaqasini rivojlantirish masalalari va ekologiya qo‘mitasining majlisida qayd etib o‘tildi.

Majlisda qayd etilishicha, suv sathining pasayishi natijasida qirg‘oq bo‘ylari 15-50 metrga chekinib, 15–20 sm gacha, ba’zi joylarda undan ham ko‘proq tuz qatlami hosil bo‘lgan. Buning oqibatlari ko‘llar va ularning atrofidagi ekotizimdagi o‘zgarishlarda, shu jumladan suvli-botqoqli hududlarining o‘ziga xos flora va faunasining kamayib borishida namoyon bo‘lgan.

Aydarko‘lga har yili qishlash uchun yanvar-mart oylarida 400 ga yaqin, shulardan 13 turdagi xalqaro va 24 turdagi O‘zbekiston «Qizil kitobi»ga kiritilgan qushlar uchib kelgan bo‘lsa, ko‘l va ko‘l atrofidagi ekotizimning o‘zgarishi bu qushlarning ham migratsiya yo‘llarini o‘zgartirishi va yo‘qolib ketishiga olib kelishi mumkin.

Hozirda Aydar-Arnasoy ko‘llaridan unumli foydalanish va uni asrab avaylash borasida olib borilayotgan ishlar doirasida Jizzax va Navoiy viloyatlarining ko‘llarga tutash hududlari xatlovdan o‘tkazilgan va suvni muhofaza qilish mintaqalari bo‘yicha dastlabki elektron xarita yaratilgan.

Shuningdek, Jizzax viloyati hududida turizmni rivojlantirish bo‘yicha 11 ta loyiha ishga tushirilib, ichki turizm obektlari tomonidan 15 mlrd  so‘mdan ziyod mablag‘ o‘zlashtirilgan.

Bundan tashqari, hududda 2022-yilning bahor mavsumida 200 gektar himoya o‘rmonzorlari barpo etilib, 2 km masofada chorvachilik bilan shug‘ullanishni cheklash bo‘yicha nazorat o‘rnatilgan.

 Ko‘llar tizimi suv hajmini saqlab turish maqsadida Mirzacho‘l kollektorining nazorat punktida «aqlli suv» qurilmasi o‘rnatilib, suv hisobi olib borilishi yo‘lga qo‘yilgan. Nazorat ishlari natijasida 2022 yil davomida ko‘llar tizimi 1 mlrd 918 mln kub metr ichki kollektor-drenaj suvlari bilan to‘yintirilgan.

Kelgusida ko‘llar tizimining gidrometeorologiya faoliyati samaradorligini oshirish, gidrologik kuzatuvlar tizimini takomillashtirish maqsadida 2 ta gidropost tashkil qilish rejalashtirilgan.

Eng muhimi, tashqi  suv manbalaridan Aydar-Arnasoy ko‘llar tizimiga joriy yilning 10-fevral holatiga 500 mln kub metrdan ortiq chuchuk suv  tashlangan. Shuningdek, kelgusida ko‘llar tizimiga tashqi manbalaridan  qo‘shimcha  1 mlrd kub metr chuchuk suv olish masalasi yuzasidan amaliy ishlar davom ettirilmoqda.

Senat majlisi yakunida ko‘rib chiqilgan masalalar yuzasidan tegishli qarorlar qabul qilindi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring