Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Afg‘onistonga yuborilgan «sifatsiz neft» yuzasidan tushuntirish berildi

Afg‘onistonga yuborilgan «sifatsiz neft» yuzasidan tushuntirish berildi

Bir muddat oldin Afg‘onistonning Milliy standart agentligiga tayanib, 67 ta vagondan iborat neft mahsuloti sifatsizligi sabab O‘zbekistonga qaytarilgani haqida xabar berilgan edi.

«O‘zbekneftgaz» AJ axborot xizmati ushbu yukning «sifatsiz» tamg‘asi ostida qaytarilganini rad etib quyidagilarni ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, joriy yil 17 may kuni «Uzbekistan GTL» MChJ va Turkiya kompaniyasi o‘rtasida sintetik dizel komponentini eksportga sotish bo‘yicha offteyk shartnomasi imzolangan.

24-26 iyun kunlari esa xaridor talabnomasiga asosan, «Uzbekistan GTL» MChJ tomonidan jami 3,4 ming tonna (67 ta vagon) mahsulot Qashqadaryo viloyati G‘uzor tumanidagi «Kengsoy» stansiyasidan eksport qilish uchun xaridorga topshirilgan.

«O‘zbekneftgaz»ga ko‘ra, sotuvchi kompaniyaning dizel yonilg‘isi uchun sintetik komponent EN 15940 Yevropa standartiga muvofiq Markaziy Osiyo davlatlari orasida faqatgina O‘zbekistonda «O‘zDSt 3134-2017» davlat standarti asosida ishlab chiqariladi. Afg‘onistonda esa hozircha bu standart joriy qilinmagan.

«Xaridorga topshirilgan 3,4 ming tonna (67 ta vagon) sifatli mahsulot uchun to‘lov 100 foiz amalga oshirilgan, Afg‘oniston hukumati tomonidan «Uzbekistan GTL» MChJga sifatsiz mahsulot sifatida qaytarilmagan. Shartnoma shartlariga asosan xaridor mahsulotni qaysi davlatga olib borib qanday usulda sotishini o‘zi belgilaydi», – deyiladi rasmiy munosabatda.

Shuningdek, O‘zbekiston tomoni mahsulotni eksport qilish jarayonida sintetik dizel va uning komponenti Afg‘onistonning ANSA (Afg‘oniston standart agentligi) tashkilotida ro‘yxatdan o‘tmaganligi haqida xaridorga ham ma’lum qilgan. Xaridorning esa mahsulotni komponent sifatida an’anaviy dizel bilan kompaundlashtirilgan holda Afg‘oniston bozoriga olib kirishni rejalashtirgani ma’lum.

«O‘zbekneftgaz» AJ, o‘z navbatida, ishlab chiqarayotgan mahsulotlarini doimiy va tizimli ravishda xalqaro va milliy standartlarga muvofiqlashtirib borilishini ma’lum qilgan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring