Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Abduqodir Mo‘minov ishi» bo‘yicha sud tergovining ikkinchi kuni yakunlandi

«Abduqodir Mo‘minov ishi» bo‘yicha sud tergovining ikkinchi kuni yakunlandi

Bugun, 27-iyul kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Mirobod tumani sudida sudya Sardorbek Sodiqov raisligida YouTube platformasida «Ko‘zgu» sahifasini yuritgan bloger Abduqodir Mo‘minovga doir sud ishining navbatdagi jarayoni bo‘lib o‘tdi.

Sudda tomonlar hamda prokuror, advokat va OAV vakillari ishtirok etdi.

Sudning ikkinchi kunida 7 nafar jabrlanuvchi bilan savol-javob qilindi va 6 nafar guvoh tinglandi. Shuningdek, Jinoyat kodeksining 189-moddasi (Savdo yoki xizmat ko‘rsatish qoidalarini buzish) 1-qismida ko‘rsatilgan jinoyat ishi yuzasidan soliq xodimi ham chaqirtirildi.

Bugungi sud tergovi jarayonida 7 ta epizod bo‘yicha ishlar ko‘rib chiqildi. Jumladan, sud majlisida da’vogar sifatida ishtirok etgan Jizzax viloyati Sharof Rashidov tumanida yashovchi Z.E. so‘roq qilinganida, u Abduqodir Mo‘minov bilan 2021-yilda tanishgani, shu yilning oktyabr oylarida unga o‘zining muammosi bilan murojaat qilganini aytdi.

Uning ko‘rsatma berishicha, u o‘ziga tegishli g‘isht zavodining boshqalar tomonidan qalbaki hujjatlar bilan o‘zlashtirib olingani bo‘yicha sudlanuvchiga murojaat qiladi va vaziyatni yoritib berish evaziga A.Mo‘minov bilan og‘zaki tarzda (ya’ni shartnomasiz) 10 ming AQSh dollariga kelishib olishadi.

Abduqodir Mo‘minov haqiqatda jurnalistik surishtiruv o‘tkazish maqsadida Sh.Rashidov tumaniga bir necha bor boradi va bu orada Z.E.unga avvaliga 500 AQSh dollari keyinchalik mahalliy «avtomoyka»larning biri oldida yana 3 ming AQSh dollari beradi.

– Bundan boshqa yana bir-ikki marta xarajatlarini ham ko‘targanman. Jami hisobda 3 800 AQSh dollari olgan mendan, – deydi jabrlanuvchi.

Z.E.ning aytishicha, Abduqodir Mo‘minov shundan so‘ng materialni o‘zining YouTube sahifasida e’lon qiladi va nimagadir 15 kundan so‘ng o‘chirib yuboradi. Keyinchalik jabrlanuvchining mazkur materialni so‘rab qilgan murojaatlarini Mo‘minov e’tiborsiz qoldiradi. Pulni qaytarib olish uchun qilgan harakatlari ham xuddi shunday – javobsiz qoladi.

O‘z navbatida, Abduqodir Mo‘minov, ushbu epizod bo‘yicha ko‘rsatma berib, jabrlanuvchi bilan gazetada ishlovchi bir jurnalist orqali tanishganini, u jizzaxlik bir murojaatchining muammosini yoritishi mumkinligi haqida bildirganini, so‘ng u ushbu fuqaro bilan telefon orqali bog‘lanib xizmatini taklif qilganini aytdi.

– Rostan ham o‘rtamizda og‘zaki kelishuv bo‘lgan. «Ish mening foydamga hal bo‘lsa, o‘zim rozi qilaman», degan. Shartnoma tuzib qo‘yish haqida men Z.E. ga bir necha bor aytdim, ammo u keyinga surib keldi va shu tariqa shartnoma tuzilmay qolib ketdi.

3 800 dollar masalasida esa – rostan ham menga bir marta yo‘lovchi taksi orqali 500 dollar berib yuborgan va olganman. Shu bilan birga murojaat bo‘yicha Jizzaxga borganimizda shaxsiy avtomobilimning akkumulyatori ishdan chiqib qoldi va Z.E. qayerdandir yangi akkumulyator keltirib berdi. Men o‘sha paytdayoq unga «aka, hisobli do‘st ayrilmas, buni qanchaga olgan bo‘lsangiz, to‘lab beray» deganimda, u menga qo‘yavering qabilida javob bergan edi. Shu tariqa men bu kishidan olgan pulim 600 dollar deb hisoblayman, xolos, – deydi Mo‘minov.

U, shuningdek, ushbu jabrlanuvchining murojaati bo‘yicha tayyorlangan material hamda uni keyinchalik nega o‘chirib yuborgani haqida to‘xtaldi.

– Men o‘rganish jarayonida holat aslida birinchi tomonning aytganidek emasligini, nimalardir shubhali ekanini sezdim. Shu gumonlar ichida ikkinchi tomonga ham mikrofon tutdim. Biroq ular o‘zlarining asoslarini keltirishdi va intervyu berishni xohlamadi. Men esa ularni agar bu ish doirasida tushuntirish berishmasa, qo‘limdagi materialni shundayligicha e’lon qilishga majbur bo‘lishim haqida ogohlantirdim. Ular esa bunga ruxsat berishdi. So‘ng men videomaterialni e’lon qildim, – deydi A.Mo‘minov.

Abduqodir Mo‘minovning qo‘shimcha qilishicha, material e’lon qilinganidan so‘ng, YouTube ma’muriyati sariq rangli «strayk» bergan, ya’ni ogohlantirgan. Bunga materialda foydalanilgan mualliflik musiqasi sabab bo‘lgan. U shu sabab bilan materialni sahifasidan olib tashlashga majbur bo‘lgan.

Eslatib o‘tamiz, Abduqodir Mo‘minovga doir jinoyat ishidagi mazkur epizod blogerga nisbatan «ish» ochilishiga asos bo‘lgan.Sudda, shuningdek, yana 6 nafar jabrlanuvchilarning da’volari bo‘yicha savol-javoblar bo‘ldi.

Sud ishida 1-avgustga qadar tanaffus e’lon qilindi.

Ma’lumot uchun, A.Mo‘minovga doir sud ishi joriy yilning 25 iyulidan boshlandi. U Jinoyat kodeksining 141-1-modda (Shaxsiy hayot daxlsizligini buzish) 2-qismi «a,b» bandlari, 165-modda (Tovlamachilik) 3-qismi «a» bandi, 168-modda (Firibgarlik) 3-qismi «b,v» bandlari, 4-qismi «a» bandi, 189-modda (Savdo yoki xizmat ko‘rsatish qoidalarini buzish) 1-qismi hamda 28-211-modda (Pora berishda ishtirokchilik) 3-qismi «a» bandi bilan ayblanyapti.

Ayblov xulosasiga ko‘ra, mazkur jinoyat ishi bo‘yicha 14 nafar jabrlanuvchi mavjud bo‘lib, jinoyat oqibatida ularga jami 903 421 567,5 so‘m miqdorida moddiy zarar yetkazilgani aniqlangan.

A.Mo‘minov mazkur jinoiy ish doirasida joriy yilning 8-fevralida qamoqa olingan edi.

Xabar.uz sud jarayonini kuzatib boryapti. Keyingi sud jarayonlari bo‘yicha ham ma’lumotlar berib boriladi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring