3 mingdan ortiq psixotrop dorilar savdosining oldi olindi
Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Mirzo Ulug‘bek va Oqqo‘rg‘on tuman bo‘limlari tomonidan DXX va IIV xodimlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirlarida bir qator shaxslar kuchli ta’sir qiluvchi dorilarni sotayotgan vaqtda qo‘lga olindi.
Departamentning Mirzo Ulug‘bek tuman bo‘limi xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda bir guruh shaxslar 1 000 dona «Zardeks» nomli kuchli ta’sir qiluvchi dori vositasini 25 mln so‘mga sotayotgan vaqtida ushlanib, ularning yonidan yana 220 dona, uyidan esa 1 800 dona xuddi shu nomdagi dori vositasi ashyoviy dalil sifatida olingan.
Toshkent viloyatining Oqqo‘rg‘on tumanida o‘tkazilgan tezkor tadbirda esa fuqaro 5 dona «Tropikomid» nomli kuchli ta’sir qiluvchi dori vositasini 1 mln so‘mga sotayotgan vaqtida ushlanib, uning xonadonidan yana sotish uchun mo‘ljallangan xuddi shu nomdagi 103 dona dori vositasi topilgan.
Mazkur ikki holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 251-1-moddasi (kuchli ta’sir qiluvchi yoki zaharli moddalarni qonunga xilof ravishda muomalaga kiritish) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter