Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«2030-yilga borib O‘zbekiston dunyodagi suv taqchil bo‘lgan mamlakatlar qatoriga kiradi» – mutaxassis

Sizga kimdir O‘zbekistonda 10 yilda keyin suv tanqisligi kuzatiladi, desa ishonasizmi? Ishonavering. Siz Toshkentda yashasangiz ham ayni shu muammo sizni kutib turibdi. Agar siz va men suvni tejab ishlashni o‘rganmasak, 10 yildan keyin O‘zbekistonda suv tanqisligi kuzatilishi mumkin. Xo‘sh, bu muammoga yechim bormi?

«Xabar.uz» shu mavzuda «O‘zsuvta’minot» AJ axborot xizmati bosh mutaxassisi Akmal Qodirov bilan suhbatlashdi.

– O‘zbekistonda sanoat tarmoqlarda qancha suv iste’mol qilinadi?

– Bir yil davomida O‘zbekistonda sanoat tarmoqlarida 56-57 milliard kubometr suv zaxiralaridan foydalaniladi. Ushbu suvning 87 foizga yaqini qishloq xo‘jaligida, 9 foizi elektr energiya va baliqchilik sanoatida, atigi 4 foizi ichimlik suvini olish uchun ishlatiladi. O‘zbekistondagi suv zaxiralarining bor-yo‘g‘i 20 foizi mamlakat ichida hosil bo‘ladi. Qolgan 80 foizi tashqi manbalar asosida shakllanadi. Mazkur suvlarning ham 48 foizi yer osti, 52 foizi esa yer usti suvlariga to‘g‘ri keladi.

Iqlim o‘zgarishi natijasida suv muammosi yanada keskinlashmoqda. Yer sharida 3 foiz chuchuk suv mavjud. Ushbu chuchuk suvning ham atigi 1 foizi iste’molga yaroqli hisoblanadi. Dunyodagi sho‘rlanish va iqlim isishi o‘z navbatida bu ko‘rsatkichlarga salbiy ta’sir ko‘rsatmasdan qo‘ymaydi. So‘nggi 10 yillikda qor yog‘ishi juda kam kuzatildi. Nega aynan qor? Chunki suv zaxiralarining shakllanishida qorning hamiyati katta. Yomg‘ir yog‘sa, yer bu suvni shimib olishi mumkin. Lekin qor tog‘da muzliklarni hosil qiladi. Bundan tashqari, O‘rta Osiyo mamlakatlarida aholi soni oshib bormoqda.

Mavjud vaziyatni naqadar jiddiylashib borayotganini inobatga oladigan bo‘lsak, asosan qishloq xo‘jaligi uchun sarflanadigan suvni tejash yo‘liga o‘tishimiz lozim. Afsuski, ichimlik suvini ham bemaqsad sarflash holatlari ham kuzatilmoqda. Axir, ichimlik suvini ishlab chiqarishda o‘ziga yarasha mashaqqat bor. Masalan, suvga qo‘shiladigan gipoxlorit natriy va achchiqtosh O‘zbekistonda ishlab chiqarilmaydi. Shuningdek, elektr energiya sarf qilinadi.

O‘zbekistonda 1 kubometr (1 tonna) suv narxi – 1380 so‘m. Hisoblab ko‘rsangiz, 1 litr suv 1 so‘m 38 tiyinga to‘g‘ri keladi. Bu dunyo bo‘yicha eng arzon narx hisoblanadi. Ichimlik suvini aholiga yetkazib berishda bir nechta bosqichlar mavjud. Bugungi kunda Toshkent shahar aholisi 1 tonna suv uchun 400 so‘m pul to‘laydi. Navoiy viloyatida esa 1 litr suv uchun aholi 3000 ming so‘m pul to‘laydi. Nega bu ikkita viloyatni misol qilib keltirdim? Sababi, Toshkent shahrini suv bilan ta’minlashda Bo‘zsuv kanalidan foydalaniladi. Ya’ni, aholini suv bilan ta’minlashda suv o‘zining yo‘lida oqib boradi. Bunda elektr energiya kam sarf qilinadi. Navoiy viloyatini suv bilan ta’minlashda 70 foiz suv quvurlar orqali Samarqand viloyatidan keltiriladi. Tabiiyki, bunda elektr energiya ko‘p miqdorda sarflanadi.

– Afsuski, ichimlik suvini bemaqsad sarf qilinayotgan holatlar juda ko‘p. Masalan, hojatxona uchun ham aynan ichimlik suvidan foydalanamiz. Hozirda qurilayotgan zamonaviy uylarda ham shu ahvol. Nega bunga e’tibor qaratilmayapti?

– Hojatxonada unitazni bir marotaba tozalash uchun 6-8 litr suv ishlatiladi. Bu siz aytganingizdek, ichimlik suvi hisoblanadi. Xorijiy davlatlarda esa qayta ishlangan oqova suvdan foydalanishadi. Lekin biz oqova suv emas, ichimlik suvidan foydalanamiz. Albatta, bu juda ham achinarli holat. Hozir har bir xonadonda zamonaviy pechlar mavjud. Mazkur pechlardan foydalanish ham ma’lum ma’noda ichimlik suvini ko‘p sarflanishiga olib keladi. Masalan, siz jo‘mrakni ochib, issiq suv kelishini kutib turasiz. Bunga ham e’tibor qaratish lozim.

Men eslayman, yoshligimizda uyda qumg‘on bo‘lar edi, undan o‘zingizni hovuchingizga mos suv olib ishlatar edingiz. Hozir zamon rivojlanib jo‘mraklar paydo bo‘ldi. Bu holatda bir marotaba yuvinish uchun ko‘p suv isrof bo‘ladi. Tish yuvganda yoki soqol olganda suvni ko‘pchilik oqizib qo‘yadi. Lekin Yevropa davlatlari bu masalaga boshqacha nigoh bilan qaraydi. Masalan, Yaponiyada yoshlarga yuvinish uchun bitta kichik idishda suv beriladi. Bu orqali yoshlarga ichimlik suvini isrof qilmaslik o‘rgatilar ekan. Afsuski, bizda suvni oqizib qo‘yib avtomobil yuvishadi.

O‘zingiz o‘ylab ko‘ring, 1 litr suv uchun 1 so‘m to‘layotgan odam suvni isrof qilmaslik haqida o‘ylashi mumkinmi? Bir chelak suvda avtomobilni ustini toza qilib yuvib qo‘ysa bo‘ladi. Hisob kitoblarimizga ko‘ra, chelakda avtomobil yuvish uchun 35 litr suv ketar ekan. Shlankada esa 350-400 litr suv ketishi mumkin. Nazarimda, narx tariflarini o‘zgartirish kerak. Va yoshlarga suvni tejab ishlatish madaniyatini singdirish lozim. Shu maqsadda bizni tashkilot suvni asrash, dunyoda suv miqdorining kamayib borayotgani haqida maktab darsliklariga mavzular kiritishni reja qilgan.

Qadimdan mirob degan kasb egalari bo‘lgan. Ularga suvning oxiridan uy berilgan. Chunki mirob suvni to‘g‘ri taqsim qilmasa, suv o‘zigacha yetib kelmaydi. Ya’ni, o‘sha vaqtda ham suvni tejashga qattiq qaralgan. Lekin zamon zayli bilan bu tendensiya o‘zgardi.

Mutaxassislar va BMT ma’lumotlariga ko‘ra, ichimlik suvi taqchil bo‘lib bormoqda. Agar suvni shunday tarzda ishlatishda davom etsak, 2030 yilga borib O‘zbekiston dunyodagi suv taqchil bo‘lgan mamlakatlar qatoriga kiradi. Birinchi jahon urushi yer uchun bo‘ldi. Ikkinchi jahon urushi energiya resurslari uchun bo‘lgandi. Uchinchi jahon urushi suv uchun bo‘ladi. Yaqinda ham Afg‘oniston va Eron o‘rtasida suv masalasida to‘qnashuv yuz berdi. Tojikistondagi tog‘larda muzliklar shiddat bilan erib bormoqda. Bu bo‘yicha dahshatli raqamlar bor.

– Bugungi kunda O‘zbekiston aholisining necha foizi ichimlik suv bilan ta’minlangan?

– Bugungi kunda O‘zbekiston aholisining 74,4 foizi markazlashgan ichimlik suvi bilan ta’minlangan. 25 foiz aholi esa muqobil suv manbalaridan foydalanadi. 2017-2022 yillar davomida 5870 ta suv inshooti rekonstruksiya qilinib, qurilish ishlari olib borilgan va 32 ming kilometrga yaqin tarmoq tortilgan. Buning natijasida 11 milliondan ortiq aholining ichimlik suv ta’minoti yaxshilangan. 6,6 kishi ilk bor ichimlik suvi bilan ta’minlangan.

–  Ahvol shu ketishda davom etsa, bizni kelajakda nimalar kutib turibdi?

– BMT ma’lumotlariga qaraydigan bo‘lsak, 2040 yilga borib 700 million kishi aynan suv tanqisligi sababli ko‘chirilishi mumkin. Bu 700 million kishi orasida O‘zbekiston xalqi ham bo‘lish ehtimoli mavjud. Buni ustiga O‘zbekiston Yevrosiyo materigining markazida joylashgan.

Bolalik davrim qishloqda o‘tgan, yaxshi eslayman ariqdan keladigan suv bo‘lar edi. O‘sha suvni biz ham iste’mol qilardik, ham tomorqani sug‘orardik. Oxirgi yillarda shu oqar suvlar to‘xtab qolgan. Oldingdan oqqan suvni qadri yo‘q, deydi xalqimiz. Buning dahshatini erta tongda turib, jo‘mrakni ochganingizda suv bo‘lmaganida o‘ylab ko‘rish kerak.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring