18 kishi o‘lgan Nukusdagi tartibsizlikning asosiy «figurant»i – Tajimuratov nimalarda ayblanyapti?
Buxoroda bo‘lib o‘tayotgan bugungi sud majlisida 2022 yil 1-2 iyul kunlari Qoraqalpog‘istonda sodir etilgan tartibsizliklarning asosiy figurantlaridan biri bo‘lgan Dauletmurat Tajimuratovga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi jinoyat kodeksining qaysi moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani haqida ma’lumot berildi.
Xo‘sh, Tajimuratov nimalarda ayblanyapti?
Oliy sud bergan ma’lumotga ko‘ra, Dauletmurat Tajimuratov (1979 yilda tug‘ilgan, O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi, millati – qoraqalpoq, «Yel xizmetinde» advokatlik byurosi advokati, ilgari «Yel xizmetinde» gazetasi bosh muharriri bo‘lib ishlagan) Jinoyat kodeksining 28,104-moddasi (ishtirokchilikda qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish) 3-qismi «a» bandi, 159-moddasi (O‘zbekiston Respublikasining konstitutsiyaviy tuzumiga tajovuz qilish) 4-qismi, 167-moddasi (o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) 3-qismi «a» bandi, 243-moddasi (jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish), 244-moddasi (ommaviy tartibsizliklar) 3-qismi va 244-1-moddasi (jamoat xavfsizligi va jamoat tartibiga tahdid soladigan materiallarni tayyorlash, saqlash, tarqatish yoki namoyish etish) 3-qismi «a», «b», «g» bandlarida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda gumonlanmoqda.
Eslatib o‘tamiz, 2022 yil 1 iyul kuni Tajimuratov Makan.uz kanali orqali videomurojaat yo‘llab, videomurojaatida qoraqalpog‘istonlik fuqarolarni joriy yilning 5 iyul kuni «Qoraqalpog‘iston Respublikasining ozodligini so‘rab» Jo‘qorg‘i Kenges binosi oldida miting o‘tkazishga da’vat qilgan edi.
Qoraqalpog‘iston voqeasida jami 18 nafar fuqaro halok bo‘lgan, ularning 4 nafari huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari bo‘lgan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter