O‘zbekiston bozorlarida 1,5 mingga yaqin yaroqsiz tarozilar aniqlandi
Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish agentligi tomonidan respublikadagi 190 dan ortiq bozorlar o‘rganilganda jami 5 981ta tarozi asboblari tekshiruvdan o‘tkazilgan.
Agentlik bergan ma’lumotga ko‘ra, shundan 1 474 tasi, ya’ni 24 foizi foydalanishga yaroqliligi tasdiqlanmagan.
«Ularda o‘z vaqtida ko‘rikdan o‘tkazilganligini tasdiqlovchi belgi mavjud emas. Bunday tarozilar me’yorda xizmat ko‘rsata olmasligi mumkin, o‘lchovlarning aniqligi ham kafolatlanmagan», – deyiladi Agentlik xabarida.
Qayd etilishicha, so‘nggi paytlarda iste’molchilar tomonidan xarid qilish chog‘ida tarozilarning noto‘g‘ri o‘lchayotganligi yuzasidan shikoyatlar kelib tushgan.
Agentlik tomonidan o‘tkazilgan o‘rganish natijalari Xorazm viloyatidagi «Qo‘shko‘pir dehqon bozori» MChJda tarozi jihozlari holati ayanchli ekanligi, bu yerdagi mavjud savdo ob’yektlari umumiy sonining atigi 2 foizigina savdo markazlari vazn tarozilari bilan jihozlangan.
Shuningdek, Nukus shahridagi «Nukus dehqon bozori»ga qarashli dehqon bozorida faoliyat ko‘rsatayotgan umumiy savdo markazlari va shoxobchalarining (1 036 ta) bor-yo‘g‘i 15 foizi (159 ta) da tarozilar bor.
Andijon viloyati Asaka tumani dehqon bozori «Asaka dehkon bozori»da tarozilar bilan jihozlanish darajasi atigi 5 foizni tashkil etadi.
O‘rganish natijalariga ko‘ra, qonunbuzilishlarni bartaraf etish hamda aholiga xizmat ko‘rsatish darajasini oshirish yuzasidan bir qator dehqon bozorlariga tegishli ko‘rsatmalar berildi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter