Yulduz Usmonovaga nisbatan surishtiruv ishlari boshlandi — IIV
O‘zbekiston xalq artisti Yulduz Usmonovaga nisbatan surishtiruv ishlari boshlandi. Bu haqda Ichki ishlar vazirligi Axborot xizmati ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, ijtimoiy tarmoqlar orqali ichki ishlar organlari xodimlari faoliyatidan noroziligini bildirib, ular sha’niga haqoratomuz fikrlar bildirilgan xonandaning xatti-harakatlari Ichki ishlar vazirligi tomonidan ko‘rib chiqilmoqda.
Xabarda ta’kidlanadiki, Ichki ishlar organlari xodimlarining ma’naviy jihatdan qo‘llab kelayotgan, o‘z ijod namunalari bilan vatanparvarlik tuyg‘usini yanada yuksaltirish, yoshlar ruhiyatida vatanga xizmat qilishdek muqaddas burchni shakllantirayotgan san’atkorlarimizning o‘rni beqiyos.
Shunday og‘ir vaziyatda taniqli san’atkor Yulduz Usmonova huquqni muhofaza qilish organlarining xizmat faoliyatiga barmoq orasidan qarab, ularni asossiz tanqid qilishi o‘ta madaniyatsizlik va salbiy holat, albatta. O‘z qilmishi bilan Yu.Usmonova barcha ichki ishlar organlari xodimlarini uyatli so‘zlar, obro‘sizlantiruvchi uydirmalar va beodoblik bilan qasddan haqorat qilgan.
Holatga oydinlik kiritar ekan, vazirlik Axborot xizmati quyidagilarni ma’lum qiladi.
Joriy yilning 2-mayda soat taxminan 21:00 larda Mirzo Ulug‘bek tumani 4-sonli ichki ishlar bo‘limi profilaktika inspektori leytenant M.Ortiqjonov, shu tumanda yashovchi Yu.Usmonovaning xonadoniga o‘ttiz nafarga yaqin fuqarolar Sirdaryo viloyati, Sardoba tumanida ro‘y bergan suv toshqinidan jabrlangan aholiga yordam berish maqsadida hayriya uchun turli xildagi oziq-ovqat hamda boshqa mol-mulklarni olib kelganliklarini kuzatgan. Ushbu yukni tegishli manzilga yetkazib berishga yordam berish maqsadida, hududga biriktirilgan PPX xodimlari serjant D.Ortiqov va safdor A.Sultonovlar bilan birga yuk mashinalariga ortishga yordamlashib, Toshkent shahar IIBB YHXB xodimi mayor B.Gapparov boshqaruvidagi maxsus transport vositasi kuzatuvida Sirdaryo viloyatiga to‘planib ketadigan yig‘in joyiga, ya’ni «Turkiston» san’at saroyiga kuzatib qo‘ygan.
Shundan so‘ng, Yu.Usmonova o‘zining yordamchilari orqali to‘plangan yuklarni darhol, ya’ni 3 may soat 00.10larda YHXB xodimlari kuzatuvi ostida Sirdaryo viloyatiga jo‘natilishini talab qilgan. Shunda xodimlar Yu.Usmonovaga Sirdaryo viloyatiga chiqish belgilangan tartibda tegishli ruxsatnoma asosida, kunduzgi vaqtda hamda uyushgan holda amalga oshirilishini tushuntirishlariga qaramasdan, uning asossiz tanqidiga uchraganlar.
Jamiyatda yurish-turish qoidalarini mensimasdan, o‘ta madaniyatsizlik bilan turli haqoratomuz so‘zlarni gapirayotgan ayolga belgilangan tartibni tushuntirishga uringan xodimlar, ziddiyatli vaziyatni keskinlashib ketishini oldini olish maqsadida, ushbu ayol bilan muloqotni to‘xtatib, o‘z xizmat vazifalarini davom ettirganlar. Shundan so‘ng, Yu.Usmonova ijtimoiy tarmoq orqali «onlayn» tarzda ichki ishlar organlarini obro‘sizlantiruvchi, asossiz haqoratlar aks ettirilgan videorolikni tarqatgan.
Mazkur holat yuzasidan Toshkent shahar IIBB tomonidan madaniyat xodimi nomiga dog‘ tushirgan, jamiyatda yurish turish qoidalarini qasddan mensimagan, ichki ishlar organlari xodimlari sha’ni va qadr-qimmatini kamsitishga harakat qilgan fuqaro Yu.Usmonovaning xatti-harakatlariga huquqiy baho berish maqsadida surishtiruv ishlari amalga oshirilmoqda.
Ish yakuni bo‘yicha holatga oydinlik kiritilib, aybdorlarga qonuniy tartibda chora belgilanadi.
Pirovardida, vazirlik Axborot xizmati vaziyatga xolis munosabat bildirib, ichki ishlar organlari xodimlarining xizmatlariga adolat nazari bilan qaragan fuqarolarga, madaniyat vakillariga, jurnalistlar, blogerlar hamda ijtimoiy tarmoqlarning foydalanuvchilariga minnatdorchilik bildirgan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter