Yosh kinoijodkorlarning loyihalarini qo‘llash bo‘yicha pitching tizimi joriy etiladi
O‘zbek milliy kino haftaligi doirasida bo‘lib o‘tgan anjumanda O‘zbekistonda yosh kinoijodkorlarning kinoloyihalarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha pitching joriy etilishi ma’lum qilindi. Shuningdek, ushbu anjumanda yangidan ish boshlayotgan kinorejissyorlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning samarali faoliyat yuritishlari uchun tegishli sharoitlarni yaratish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturini ishlab chiqish haqida so‘z yuritildi.
Anjuman ishtirokchilari yaqin kelajakda pitching tizimini yaratish va amalda qo‘llash zarur, degan fikrga keldilar. Eslatib o‘tamiz, pitching — bu ma’lum bir loyihani moliyalashtirishga qodir homiylarni topish uchun kinoloyihaning taqdimotini o‘tkazishdir. Amaliyotga tatbiq etilishi rejalashtirilayotgan mazkur tizimga muvofiq davlat tomonidan grantlar va ko‘mak olish uchun yagona loyiha taqdimoti ishlab chiqiladi.
Qabul qilingan barcha arizalar maxsus tuzilgan komissiya tomonidan baholanadi va ijobiy bahoga munosib topilgan kinoloyihaga budjet mablag‘i ajratiladi. Joriy yil 25 yanvardan boshlab yosh kinoijodkorlar o‘z arizalarini topshirishlari mumkin. Ayni paytda uni ro‘yxatdan o‘tkazish tartibi ishlab chiqilmoqda. Ilk pitching shu yilning 15 fevraliga qadar o‘tkazilishi ko‘zda tutilgan.
Shuningdek, anjuman doirasida zamonaviy kino sifati masalasi ham ko‘tarildi. Kinoloyihalarni muvaffaqiyatli amalga oshirishga har tomonlama yordam beradigan Yosh kinoijodkorlar uyushmasini tuzish taklif qilindi.
Anjumanda 200 nafardan ziyod kino va san’at arboblari ishtirok etdi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter