Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Yangi O‘zbekiston haqida xorijiy telekanallar hujjatli filmlar suratga oladi

Yangi O‘zbekiston haqida xorijiy telekanallar hujjatli filmlar suratga oladi

Bir qator xorijiy kinokompaniyalar va telekanallar «O‘zbekkino» Milliy agentligi hamda Elektron ommaviy axborot vositalari Milliy assotsiatsiyasi bilan hamkorlikda O‘zbekiston haqida hujjatli filmlar va ko‘rsatuvlarni tasvirga oladi. Bu haqda «O‘zbekkino» Milliy agentligi xabar berdi.

Rossiya kinokompaniyalari va telekanallarining ijodiy guruhlari O‘zbekistonga Navro‘z bayrami bilan bog‘liq go‘zal va o‘ziga xos marosimlarni suratga olish, shuningdek, «Yangi O‘zbekiston» haqida hujjatli filmlar tayyorlash uchun yetib kelgan. Shu kunlarda suratga olish ishlari O‘zbekistonning turli hududlarida olib borilmoqda.

«Rossiya-1» telekanalining suratga olish guruhi lokatsiyalar va spikerlarni izlab Toshkent, Samarqand va Buxoroga tashrif buyurishdi. «Yorqin, quyoshli va nihoyatda samimiy O‘zbekiston ilk soniyalardanoq yuraklarni zabt etdi. Bizni har bir shahar va qishloqda eng aziz mehmonlar kabi kutib olishmoqda. Chin qalbdan, chin yurakdan! To‘g‘ri tushuning, men buni boshqa ta’riflashning ilojini topolmadim. Bunday muomala bu yerda e’tiqod shakli, turmush tarzidan kelib chiqadi. Biz O‘zbekistonni aynan shunday – ochiqko‘ngil, mehmondo‘st va yangilangan, ammo ko‘p asrlik an’analariga sodiq qolgan yurt sifatida ko‘rsatishga harakat qilamiz», – deydi «Rossiya-1» telekanali muxbiri Olga Armyakova. Syujetlar «Rossiya-1» telekanali efirida kuni kecha Dmitriy Kiselyovning «Vesti nedeli» dasturi orqali namoyish etildi.

Shu o‘rinda ta’kidlab o‘tish joizki, rossiyalik hamkorlar bilan loyihalarimiz Butunjahon jamiyatining IV xalqaro Kongressida «O‘zbekkino» Milliy agentligi va Rossiya kinoijodkorlari o‘rtasida tuzilgan shartnomalar va memorandumlarga muvofiq amalga oshirilmoqda. Shuningdek, Rossiyadan tashqari biz Euronews, BBC, CNBC va boshqa kompaniyalar bilan hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘ydik. Hozirgi kunda agentlik yana bir qator yetakchi xorijiy telekanallar va kinokompaniyalar bilan ham qo‘shma loyihalarni imzolash bosqichida turibdi», - deydi «O‘zbekkino» MA Bosh direktori Firdavs Abduxoliqov.

«Masterskaya» kinokompaniyasining suratga olish guruhi Navro‘z bayrami haqida film suratga olish uchun to‘g‘ri Boysunga yo‘l oldi. Bu kino guruhi rahbari Saida Medvedevaning O‘zbekiston haqidagi birinchi filmi emas. Bundan bir necha yil «Rossiya-2» telekanalida uning «O‘zbekiston – qumliklar javohiri», «Qoraqalpog‘iston – vaqt qumlari oralab» va boshqa filmlari muvaffaqiyatli namoyish etilgan, mazkur filmlar EOAVMA bilan hamkorlikda ishlangan. O‘shanda suratga olish guruhi ijodkorlari milliy shoyi matosining sirlarini, ko‘hna Samarqand qog‘ozining pishiqligini, milliy taomimiz palovning betakror ta’mini va o‘zbek nonlarining xushbo‘yligini kashf etishgan edi. Bugun esa «O‘zbekiston. Yangilanayotgan tarix» nomli yangi film suratga olinmoqda. Film Respublikamiz Mustaqilligining 30 yilligiga bag‘ishlanadi.

«Hammamizga ma’lumki, O‘zbekistonning tarixi juda boy va murakkab davrlarni o‘zi ichiga oladi, shuning uchun bu davlatning hozir nimaga intilayotgani, mamlakatda qanday iqtisodiy va ijtimoiy islohotlar amalga oshirilayotgani biz uchun juda qiziqarli», – deydi Saida Medvedeva.

«Divi» kinokompaniyasi «Rossiya-Kultura» telekanali uchun «Asrlar qa’ridan kelgan maktublar», «Dasturxon tafti va saxovati», «Quyoshli madaniyatlar tutashuvi», «Quyoshga ostidagi zamin» nomlari ostida O‘zbekistonning an’analari, madaniyati va tarixi haqida to‘rtta hujjatli filmni suratga olish uchun uchib keldi. «O‘zbekiston chindan ham diqqatga sazovor joymi yoki yo‘qmi, deb muhokama qilish, bu-ortiqcha gap. Chunki, bu zaminda g‘aroyib tarixiy-madaniy landshaftlar, me’morchilikning yuksak namunalari joylashgan. Bu ajoyib mintaqadagi nur va quyoshning jilvakor o‘yinlarini tasvirga olish esa har qanday kinematografning orzusidir», - deydi «O‘zbekiston, Sevgi afsonalari» filmi va «O‘zbekiston. Erishilgan ochiqlik» bilan tanilgan rejissyor Yelena Kojevnikova.

Va nihoyat, rejissyor Nikita Snegov va tasvirchi Nikita Rozovlardan iborat, «DokuMentalist» kinokompaniyasining suratga olish guruhi, Valdis Pelsh prodyusserlik qilayotgan «O‘zbekiston. O‘tmish. Bugun. Kelajak» nomli hujjatli film ustida ish boshlaydi. «Biz insoniyat tomonidan amalga oshirilgan kashfiyotlari hayotda, me’morchilikda, tibbiyotda va hayotning boshqa barcha sohalarida g‘aroyib, juda go‘zal o‘zgarishlarga olib keladigan, O‘zbekistonning 30-40 yil keyingi kelajagiga nazar solishga harakat qilamiz», - deydi Valdis Pelsh.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring