Yalovbardorlarimiz kimlar?
Mel Gibson o‘ynagan «Vatanparvar» degan kino bor. Unda bosh qahramon o‘z oilasini, bolalarini yovdan asrash uchun urushga otlanadi. To‘g‘ri, chunki Vatan ostonadan boshlanadi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev ziyoli qatlam vakillari bilan uchrashuv o‘tkazib, ularning faoliyatini keskin tanqid qilgan edi. Ayniqsa, adabiyot va madaniyat haqidagi gaplarida zalvorli achchiq haqiqatlar bor. Tarixiy filmlar mavzusi ancha yillardan beri dolzarb muammo sifatida ko‘tariladi, lekin kinochilarimizning bahonasi tayyor: «Katta mablag‘ kerak».
«Ko‘pchilik ijodkorlarda «Ey, janob Prezident, siz aytayotgan takliflarni amalga oshirish uchun juda katta mablag‘ kerak, eng zamonaviy kino apparatlar, tarixiy liboslar kerak, qancha chet mamlakatlarda s’yomka ishlarini olib borish kerak, ming-minglab odamlarni bu jarayonlarga jalb etish kerak», degan fikr tug‘ilishi tabiiy. Bizning nafaqat tariximiz, balki bugungi va ertangi hayotimiz uchun g‘oyat muhim ahamiyatga ega bo‘lgan bu vazifani amalga oshirish uchun biz katta miqdordagi mablag‘larni, kerak bo‘lsa, erkin muomaladagi valyuta mablag‘larini ham topib berishga, kinochilarimizni chet davlatlarga ijodiy safarlarga yuborishga ham tayyormiz. Xudoga shukur, bugungi iqtisodiy ahvolimiz bunga imkon beradi», dedi Shavkat Mirziyoyev o‘sha kungi ma’ruzasida.
Uzoqqa bormaylik. Vatan uchun jonini bergan yurt ziyolilari bo‘lgan, lekin ularni hozirda kim qanchalik eslayapti-yu, kim qadrlayapti? Gap Fitrat, Avloniy, Behbudiy, Cho‘lpon, Qodiriy, Usmon Nosir kabilar haqida ketyapti. Cho‘lponning hayot yo‘li ssenariy qilinsa, mingta «Gladiator», minglab «Vatanparvar»lardan zo‘r kino chiqishiga aminman. Usmon Nosir haqida kino ishlansa, Hollivudning manaman degan filmlariga tenglashishi mumkin va hokazo. Chunki ular so‘nggi nafasi, so‘nggi qoni va so‘nggi so‘zigacha Vatan deb o‘tgan.
Hozir kimdir ularni eslayaptimi? 2015 yilda Mahmudxo‘ja Behbudiy tavalludining 140, 2016 yilda Abdurauf Fitratning 130, 2017 yilda Abdulhamid Cho‘lponning 120, 2013 yilda Usmon Nosirning 100 yilligi hukumat darajasida nishonlanmagan! Ko‘ramiz hali, 2018 yilda Abdulla Avloniy tavalludiga 140 yil to‘ladi.
Lekin, Said Ahmad va Saida Zunnunova, Oybek va Zulfiya, Abdulla Oripov, Erkin Vohidov kabi ziyolilar juda qadrlandi. Yo‘q, ularni aslo kamsitmoqchi emasman, bunga haqqim ham yo‘q. Ular adabiyotimizning yetuk namoyandalari. Lekin yalovbardorlar bo‘lolmaydi, toki ulardan oldin Vatan uchun jonidan kechgan ma’rifatparvarlar turganda. Ularni-da unutishga haqsizmiz!
Boshqa sohani olaylik, deysizmi? Masalan, xonandalarmi? Yo aktyorlarmi? Balki televizorga chiqib olib, achchiq savollardan o‘zini olib qochayotgan korchalonlarmi? O‘qituvchilar majburiy mehnatga jalb etilayotganini «bilmaydigan» amaldorlarmi? Yoki ularning javobini xaspo‘shlayotgan, o‘rtada «valerianka» vazifasini o‘tayotgan telejurnalist yo boshlovchilarmi?
Aslo! Ular yalovbardorlikka umuman yaramaydi. Yalovbardorlar o‘z g‘oyasidan, qarashidan, e’tiqodidan hech qayerga og‘ishmaydi, zamon va makon o‘zgarishiga e’tibor bermay, o‘z maqsadi sari olg‘a yuradi. Bu yo‘lda ular faqat adolat va haqiqat uchun kurashadilar.
«Adabiyot yashasa, millat yashaydi», degandi Cho‘lpon. Shavkat Mirziyoyev ham shu yo‘ldan ketmoqda. Iloyo, maqsadiga yetsin! Adabiyotni eng oldingi pog‘onaga olib chiqish kerak, ana shunda millat savodli bo‘ladi, yana buyuk ulamolar yetishib chiqadi, yoshlarning o‘zi «ommaviy madaniyat»ni yo‘q qilish uchun kurashga kirishadi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter