«Uyda yolg‘iz»: omad ortidan muvaffaqiyatsizlik
Makoley Kalkin – Hollivud tarixidagi eng muvaffaqiyatli yosh aktyorlardan biri. U «Uyda yolg‘iz», «Mening qizim», «Uyda yolg‘iz-2: Nyu-Yorkda yo‘qolgan», «Bak amaki», «Yaxshi o‘g‘il», «Boyvachcha Richi», «Sahifalar hukmdori» filmlari orqali mashhur bo‘lgan. Makoley Kalkin – «Oltin globus» mukofoti sovrindori. Bolalar orasida eng yaxshi aktyor deb topilgan. Uning qahramonlari zangori ekran orqali millionlab xonadonlarga quvonch ulashgan. Ammo oddiy oiladan chiqqan bu bolakayning hayoti bir maromda kechmagan. Uning kinodagi mavqeiga eng yaqin insonlari putur yetkazdilar...
Ko‘p bolali xonadonda
Makoley Karson Kalkin 1980 yil 26 avgustda AQShning Nyu-York shtati Manxetten mavzesida tug‘ilgan. Otasi Kristofer Kornelius Kalkin sobiq aktyor, onasi Patritsiya Brentrap esa oddiy ishchi bo‘lib ishlardi. Bolakayga yozuvchi Tomas Babington Makoley va amerikalik taniqli inson Kit Karson sharafiga Makoley Karson ismi qo‘yildi.
Makoley oilada yetti farzandning biri edi. Uning to‘rt nafar aka-ukasi, bir opasi va singlisi bor edi. Ehtimol ko‘p bolali oilada tug‘ilib o‘sgani uchun ham Makoley kelgusida kinoda o‘zining mashhur qahramonini qoyilmaqom qilib o‘ynagandir. Nima bo‘lganda ham uning dong‘i dunyoga taralishini hali hech kim bilmasdi. Darvoqe, Makoley – otasi tomonidan aktrisa Bonni Bedelianing qarindoshi ham hisoblanadi.
Ularning oilasi moddiy jihatdan yaxshi yashamasdi. Xonadon bekasi telefon stansiyasida xizmat qilar, aktyorlik bilan xayrlashgan otasi esa mahalliy cherkovda faoliyat ko‘rsatardi. Oilaning barcha a’zosi kichkina uyda yashardi.
Tear va kinoga yo‘naltirilgan maxsus maktabga o‘tguniga qadar Makoley diniy ilmgohda tahsil oldi. Ota-onasining tanishlari uni bolalar teatr studiyasiga berishni tavsiya qilishdi. Makoley birmuncha vaqt balet va raqs bilan ham shug‘ullandi. Aktyorlik faoliyatini 4 yoshida boshlagan bolakay Nyu-York filarmoniyasi sahnasida namoyish etilgan spektaklda rol ijro etdi. Uning aktyorlik mahorati o‘shandayoq ko‘zga tashlandi. Mahalliy tomoshabinlar bu iste’dodli bolakayning chiqishlaridan hayratga tushishardi. Zero, u favqulodda layoqati, betakror ijrosi bilan tengqur aktyorlardan yaqqol ajralib turardi.
Oradan ko‘p o‘tmay, 6 yoshga to‘lgan Makoley turli reklama lavhalari orqali Amerika teleekranlarida ko‘rina boshladi. 1985 yili esa «Yarim tungi vaqt» filmida ilk bor rol ijro etdi. Unda jimitdek rol o‘ynagan Makoleyning ijrosi eslab ham qolinmagan. Oliver Stounning «To‘rtinchi iyulda tug‘ilgan» filmida ham Makoley kichik rol ijro etdi, biroq montaj paytida bu lavhalar qirqib tashlandi.
Umuman aytganda, 80-yillarning ikkinchi yarmida Makoley o‘ynagan rollarning ikkitasi ma’lum: «Tenglashtirish tarafdori» serialidagi kichik obraz (o‘g‘irlangan bolani o‘ynagan) va ekranda Jon Kendi bo‘lgan «Bak amaki» filmidagi ilk bosh roli. 1988–1989 yillarda o‘n yoshli Makoley hisobida allaqachon ikkita kichik kinoroli bor edi. Darvoqe, u Nyu-Yorkdagi «Sonic Youth» guruhining videoklipida ham suratga tushgan.
«Uyda yolg‘iz»: omadli bola va ochofat ota
Kalkin hayotini «Bak amaki» filmi o‘zgartirib yubordi. Makoley «Uyda yolg‘iz» filmini suratga olish uchun bosh rolga aktyor izlab yurgan Kris Kolambus bilan o‘sha paytda tanishdi. Kevinni besh daqiqa davomida suhbatga tortgan rejissyor o‘ziga kerakli aktyorni topganiga yuz foiz ishonch hosil qildi.
«Uyda yolg‘iz» komediyasi 1990 yili, rojdestvo bayrami arafasida ekranlarga chiqdi va xitga aylandi. Tomoshabinlar filmni ko‘rish uchun qayta-qayta kinoteatrga borishardi. Ular jajji qahramon Kevin orqali Makoleyni yoqtirib qolishdi.
«Uyda yolg‘iz» olti oy ichida dunyo prokatidan 500 million dollar daromad ishladi. Shu tarzda prokatda eng ko‘p pul to‘plagan kinokomediya sifatida rekordlar kitobidan joy oldi. Mitti aktyor Makoley Kalkinning gonorari esa 100.000 dollarni tashkil etdi. Film muvaffaqiyati oldida bu kichkina miqdor albatta, biroq Kalkinlar oilasining avval ishlab topgan puliga nisbatan qaraganda juda katta pul edi! 100.000 dollar, ayniqsa, Makoleyning ota-onasi uchun misli ko‘rilmagan pullar hisoblanardi.
Kevin Makkallister roli Makoleyga «Oltin globus» («Komediya yoxud myuzikldagi eng yaxshi erkak roli») mukofotini hamda «Yil bolasi» nufuzini tuhfa etdi. Yosh aktyorga kinoda suratga tushishini so‘rab takliflar yog‘ila boshladi.
Makoley sahnadagi chiqishini davom ettirdi. Uning ishtirokidagi spektakllarga chipta narxi ko‘tarilib ketib, bir oy oldin sotiladigan bo‘ldi. Yosh aktyorning moliyaviy masalalari bilan otasi shug‘ullana boshladi. Kristofer o‘g‘liga taklif qilingan rollarni ko‘rib chiqar, o‘zaro shartlarni muhokama qilardi. U shu tarzda jajji yulduzning menejeri va agentiga aylandi.
Ming afsuski, ochofat ota o‘g‘lining iste’dodini o‘stirish va shakllantirish o‘rniga taklif qilingan rollar uchun qancha pul to‘lanishi bilan qiziqdi. Uni o‘g‘lining mavqei emas, balki filmdan-filmga o‘sib boradigan gonorar qiziqtirardi. Yosh Makoley Kalkinning muntazam ravishda mavqei tushib ketishiga aynan shu omil sababchi!
Oradan bir yil o‘tib suratga olingan «Mening qizim» filmidagi roli uchun Kalkin bir million miqdorida gonorarga ega bo‘ldi. Pulni birinchi o‘ringa qo‘yish keyingi faoliyatga o‘z ta’sirini ko‘rsatdi: yangi filmlardagi rollar avvalgi qahramon – Kevindan farq qilmay, prokatda muvaffaqiyatsizlikka uchradi. Faqat «Uyda yolg‘iz-2: Nyu-Yorkda yo‘qolgan» bundan mustasno. Mazkur filmdagi roli uchun Kalkinga beriladigan gonorar to‘rt yarim million dollarni tashkil etdi va u tarixda ilk bor ulkan miqdordagi pulni qo‘lga kiritgan aktyor-bola deb topildi. Garchand 1992 yili suratga olingan «Uyda yolg‘iz-2: Nyu-Yorkda yo‘qolgan» birinchi filmdan kam – uch yuz million dollar daromad keltirgan bo‘lsa-da, har qalay budjetni ortig‘i bilan qopladi.
Yana pul qutqusi
Makoley o‘qishni tashladi, ko‘p o‘tmay teatrni ham tark etdi. Sababi, Hollivudning kichik super yulduzining kinoda suratga tushishiga vaqt yetmasdi.
Biroq yosh aktyorning mavqei hanuz xavf ostida edi. Kristoferni o‘g‘lining qayerda suratga tushishi va kelgusidagi faoliyati haliyam tashvishga solmasdi. Uning butun diqqat-e’tibori Makoleyga beriladigan pullarga qaratilgan edi. Balog‘at yoshigacha xuddi shunday bo‘ldi.
Kalkin bir yarim million dollar gonorar evaziga suratga tushgan «Yaxshi o‘g‘il» filmi ham xarajatlarni oqladi. Biroq tanqidchilar bu kinoasarni ijobiy baholamadilar. Keyinroq Makoley sakkiz million gonorar evaziga suratga tushgan «Boyvachcha Richi» ekranlarga chiqdi. Yosh aktyorga yana sakkiz million dollar olib kelgan navbatdagi film nomi esa «Ota bilan basma-bas» edi.
Bora-bora Kristofer o‘g‘li Makoleyning suratga tushadigan filmi uchun boshqa farzandlarini ham suratga olishlarini kinochilarga shart qilib qo‘yadigan bo‘ldi. Bu esa hamma rejissyorlarga yoqavermasdi. Makoleyning aka-ukalari va opasi – Sheyn, Kristian va Dakotaning ikkinchi darajali va kichik rollari yaxshi chiqmadi va shu bilan kinodagi faoliyatlariga nuqta qo‘yildi. Oiladagi qizaloq Kuinn «Yaxshi o‘g‘il»da Makoleyning ekrandagi singlisini ijro etdi hamda «Istaklarni topuvchi kichkintoy» multserialida qatnashdi va uning ham ekrandagi faoliyatiga yakun yasaldi. Faqat Kiran va Rori suratga tushishda davom etdilar. Ayniqsa, yuz ko‘rinishi Makoleyga o‘xshash Kiran goh uning ukasi, goh bolaligini o‘ynadi. Keyinroq Kiran katta ekranga chiqishga ham muvaffaq bo‘ldi (masalan: «Muvi 43» filmida suratga tushdi).
Matbuot Kristofer otaning harakatini «Kalkinlar oilasining Hollivudga hujumi» deb baholadi. Prodyuserlar bunday surbetlikdan charchadilar va ko‘p o‘tmay Makoleyni kinoga taklif qilmay qo‘ydilar.
Makoley o‘z qahramonini qoyilmaqom tarzda o‘ynagan «Yaxshi o‘g‘il» psixologik trilleri negadir tanqidchilar tomonidan sovuq kutib olingan. «Ota bilan basma-bas» filmidagi roli esa (vaholanki, «Uyda yolg‘iz» yo‘nalishida) tanqidiy yo‘sindagi «Oltin malina» mukofotiga sazovor bo‘ldi. Nega shunday bo‘lgani hozirgacha tushunarsiz.
Xullas, Hollivud prodyuserlari tikadigan pullarining yarmi faqat Kalkinning gonorari uchun berilishi shart bo‘lgan ko‘pmillionli alohida xarajatli filmlarni suratga olishni istamadilar. Otaning tajovuzkorona «siyosati» tufayli Makoleydan yuz o‘girdilar. Aslida shusiz ham Makoleyning otasi bilan munosabati taranglashgan edi. Qolaversa, bu yoqda – oilada muammolar bo‘y ko‘rsatdi: onasi Patritsiya bilan otasi Kristoferning Makoleyga tegishli pullarga egalik qilish huquqi borasida ziddiyat kelib chiqdi (yosh yulduzning gonorar miqdori 35 million dollar atrofida edi).
Sud hukmi
Er-xotinning o‘zaro janjaliga otaning keyingi vaqtda o‘g‘li charchab qolganiga qaramay uni filmlarda suratga tushishga majbur qilayotgani ham sabab bo‘lgan edi («Sahifalar hukmdori» va «Ota bilan basma-bas» deyarli baravar ishlanayotgandi). Ota-onasining nizosi tufayli Makoley kinodagi faoliyatini to‘xtatish va bir bitimga kelgunlaricha kutishga qaror qildi. Shu tariqa 1994 yili ekranga chiqqan «Boyvachcha Rich» uning bolalik davridagi eng oxirgi filmi bo‘lib qoldi – mazkur kartina suratga olinayotganda Makoleyning yoshi 13 da edi.
1995 yil iyunida erini o‘g‘lining mavqeini barbod qilish va qayta tiklanishi uchun imkoniyat qoldirmaganlikda ayblagan Patritsiya Brentrap umr yo‘ldoshi Kristofer Kornelius Kalkin bilan ajrashdi. Shundan so‘ng farzandlar va Makoleyning pullariga vasiylik qilish bilan bog‘liq sud ishi boshlanib ketdi. Mazkur jarayon 1997 yilgacha cho‘zildi. Nihoyat sud vasiylikni Patritsiya foydasiga hukm qildi (Kristofer sudda, hatto qatnashmagan), biroq Makoleyning pullari uning shaxsiy hisobchisiga berildi.
Kinoda ishi qolmagan bola nihoyat o‘qishini davom ettirdi, adabiyot va falsafa bilan shug‘ullandi. Keyin esa yana teatrda o‘ynay boshladi. «Melvil xonim» spektaklida yosh talaba rolini ijro etdi. U shu tariqa aktyorlik ishiga qaytdi.
Olti yillik tanaffusdan so‘ng o‘lg‘ayib qolgan Kalkin katta kinoga qaytishga ham harakat qildi. Buning uchun yorqin va esda qolarli rolni tanladi. U Maykl Elig hayotiga daxldor real voqealarga asoslangan «Klub vasvasasi» filmini ma’qul ko‘rdi. Mazkur kartinada giyohvand rolini ijro etdi. Bu bilan jiddiy rollarni ham o‘ynashi mumkinligini isbotlamoqchi bo‘ldi. Afsuski, mazkur urinish muvaffaqiyatli chiqmadi. Kam budjetli «Klub vasvasasi» prokatda bir million dollar ham yig‘a olmadi.
2004 yili Makoley Kalkin «Qutqarilgan qiz» filmida suratga tushdi. O‘sha yili uning ishtirokida «Quddus sindromi» ekranlarga chiqdi. 2007 yili Kalkin «Ertalabki nonushtadagi behayolik» filmida, shuningdek, «Foster Hall» yumoristik serialida paydo bo‘ldi.
Ancha keyinroq tomoshabinlar uni «Xizmatchi» filmida ko‘rdilar. «Restling restling emas» (2015), «Geffingan shousi» (2016), «Haydovchilar» (2017), «Tailanddagi kuyov oshi», «Qo‘g‘irchoq» (2019), «Amerikacha dahshatlar tarixi: ikki kishilik seans» (2021), «Entergalaktik» (2022) filmlarida suratga tushdi.
Yosh oila va Jekson
1998 yilning 21 iyunida Makoley aktrisa Reychel Maynerga uylandi. Ular birga tahsil olgan Nyu-Yorkdagi bolalar professional maktabida tanishishgandi. To‘y arafasida har ikkalasining ham yoshi o‘n yettida edi. Ushbu nikoh ikki yil davom etdi, ular oilaviy hayotga tayyor emasdilar. Ajrashishdi.
2002 yil may oyidan e’tiboran Makoley aktrisa Mila Kunis bilan uchrasha boshladi. O‘zaro munosabat to‘qqiz yil davom etdi. Kalkin sakkiz oy mobaynida qimmatbaho sovg‘alar berib Milanga dil izhori qilib yurdi. Biroq qiz uning «uydan chiqa olmay» turmush ikir-chikirlariga bog‘lanib qolganini aytib, o‘zining artistlik faoliyatiga zahmat yetkazmaslik va istiqboliga putur yetmasligi uchun taklifni rad etdi.
Ular 2011 yil boshidan uchrashmay qo‘ydilar, biroq o‘sha yilning 3 yanvarida publitsist Kunis o‘zaro munosabatlar bir necha oy avval zavol topganini aytib chiqdi. Ungacha Makoleyning opasi Dakota (1978 yili tug‘ilgan) fojiali ravishda halok bo‘lgan edi. Uni piyodalar yo‘lakchasida mashina urib yuborgan. Tezda shifoxonaga yetkazilgan Dakota ertasi kuni vafot etgan.
2012 yil dekabrida matbuotda Kalkinning hapdorilar ichib, o‘z joniga qasd qilgani haqida xabar paydo bo‘ldi. Uning og‘ir ruhiy tushkunlikka tushgani, ichkilik va giyohvand moddalarga berilgani haqida gap-so‘zlar tarqaldi. Bunday tushkunlikka Kunis bilan ajralishi sabab bo‘lgan emish. Hozirgi kunda Kunisning qizi va eri bor.
Makoley esa, 2017 yil iyulda aktrisa Brenda Song bilan jamoatchilikda ko‘rindi. Ular «Tailanddagi kuyov oshi» filmini suratga olish paytida tanishgan edilar. 2021 yilning 5 aprelida juftlikning Dakota Song Kalkin ism-sharifli o‘g‘li tug‘ildi. Makoley marhum opasining xotirasiga unga shunday ism bergan edi.
Aktrisa Brenda Song bilan tanishuv Makoleyni ancha tiyib qo‘ydi va zararli odatlarini tashladi. 2022 yilda ularning ikkinchi o‘g‘li dunyoga keldi, ismini Karson deb qo‘ydilar.
Makoley hayotiga doir yana bir tafsilot uning pop musiqa qiroli Maykl Jekson bilan do‘stligiga daxldor. Xabaringiz bo‘lsa, Mayklni yosh bolalarga nisbatan o‘zgacha munosabatda bo‘lganlikda ayblashgan. 2005 yili bo‘lib o‘tgan sudda Makoley uni himoya qilib chiqdi. Jekson yaxshi do‘st ekanligini aytib, bu do‘stlik axloq doirasida bo‘lganini ta’kidladi. Aslida nima bo‘lganini bugun hech kim bilmaydi, chunki Maykl Jekson o‘lib ketgan.
Bugun 43 yoshli Makoley Kalkin katta ekranni va muxlislar qalbini qaytadan zabt etish uchun astoydil intilmoqda.
Akbar Fathullayev
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter