Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Uychi hokimiyati mansabdorlariga jinoiy ish ochildi

Uychi hokimiyati mansabdorlariga jinoiy ish ochildi

Foto: Xabar.uz

Namangan viloyati Uychi tumanidagi arxeologik yodgorlikka hokimlik qarori bilan katta zarar yetkazilgan. Bu haqda Madaniy meros agentligi xabar bergan.

Namangan viloyati Madaniy meros boshqarmasi ushbu holatni o‘rganib, to‘plangan hujjatlarni Namangan viloyati prokuraturasiga yuborgan.

Aniqlanishicha, Uychi tumani, Pastguzar MFY, Beruniy ko‘chasida joylashgan «Uychi manzilgohi (BT-3)» ob’yekti arxeologik yodgorlik bo‘lishiga qaramay, tuman hokimining 2019 yil 6 apreldagi 1473-sonli qaroriga asosan fuqaro T. D.ga tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish uchun noqonuniy tarzda berib yuborilgan.

Ushbu ob’yekt Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 4 oktyabrdagi «Moddiy madaniy merosning ko‘chmas mulk ob’yektlari milliy ro‘yxatini tasdiqlash to‘g‘risida»gi 846-son qaroriga asosan madaniy meros ob’yekti sifatida davlat muhofazasiga olinganiga qaramay, unga katta zarar yetkazilgan.

Lekin alohida qayd etish kerak, hokim qarori aprelda chiqqan, ob’yekt esa oktyabrda, ya’ni 6 oydan keyin madaniy meros ro‘yxatiga kiritilgan.

Namangan viloyat prokuraturasi va DXX tomonidan olib borilgan o‘rganishlar natijasiga ko‘ra o‘tgan vaqt mobaynida MChJ tomonidan yodgorlik hududining 21 sotix qismida og‘ir texnika yordamida surish va qazish ishlari olib borilgan. Oqibatda arxeologiya ob’yektiga 3,9 milliard so‘m miqdoridagi zarar yetkazilgan.

Mazkur holat yuzasidan Namangan viloyati Madaniy meros boshqarmasi to‘plagan hujjatlar asosida Namangan viloyati prokuraturasi tomonidan Uychi tuman hokimligi mansabdor shaxslari hamda MChJ rahbariga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov va surishtiruv ishlari olib borilmoqda.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring