Ustyurtdagi sirli chizgilarda o‘zga sayyoraliklar izi bor...mi?
Ustyurt! Moziyning million yillik sir-sinoatlarini o‘z bag‘rida yashirgan bepoyon kengliklar! Mag‘ribdan mashriqqa, shimoldan janubga qarab esayotgan tinim bilmas shamollar! Sayyoramizning eng ajabtovur, eng sirli go‘shalaridan biri...
Ulkan nayzalar tasviri
Bu ko‘hna makonning bir necha o‘n yillardan beri ilm ahlini o‘yga toldirib kelayotgan jumboqlaridan biri uning «nayzasimon inshootlari»dir. Gap shundaki, kimsasiz sahro bag‘ridagi o‘yiqlarni yaqindan ko‘rib, unda hech qanday sirli belgi topa olmassiz. Ammo uchoqda yerdan ko‘tarilganingiz sari poyonsiz kengliklar, azaliy qumliklar bag‘rida ulkan nayzalarning o‘yma tasviri ko‘z oldingizda namyon bo‘ladi.
Bu tasvirlardagi aniq qonuniyat, simmetriyani ko‘rib, u o‘z-o‘zidan, tabiat hodisalari ta’sirida yuzaga kelgan degan fikrga kelishingiz mushkul. Yo‘q, bu shakllar kimlarningdir aqliy va jismoniy mehnat va mashaqqatlarini taqozo etadi. Ammo shu to‘xtamning o‘zi sizga tinchlik bersa qani? Birinchidan, yerdan yuzlab metr balandlikdagina yaqqol ko‘zga tashlanadigan bu o‘yiqlarni yerda, taqir kengliklarda turib kim bunday aniqlikda kovlay oldi? Eng qizig‘i, uzundan-uzun bu o‘yiq tasvirlar qanday vazifani bajargan bo‘lishi mumkin? Olimlar tomonidan turli taxminlar, farazlar bildirilmoqda. Lekin haqiqat ularning qay birida yashiringanini aniqlash mushkul.
Kim? Qachon? Qayerda?
O‘tgan asrning 70 — 80-yillarida bu nayzasimon ob’yektlar dunyo miqyosida ko‘plab olimlar va ommaviy axborot vositalari e’tiborini jalb qildi. Ba’zi jurnalistlar va boshqa tadqiqotchilar bu inshootlarni o‘zga sayyoraliklar qurgan degan taxminlarni ham bildirgan.
Mazkur inshootlarni oddiy ko‘z bilan ko‘rib bo‘lmaydi. Ularning o‘rtacha uzunligi 600-900 metr, eni 400-600 metr, chuqurligi 3 metrgacha boradi. Boya aytganimizdek, uchar moslamalarda yoxud internet tarmog‘idagi «Google Earth» dasturi yordamida bu chizgilarni bemalol ko‘ra olasiz.
Ob’yektlar dastlab 1952-yili taniqli olim Sergey Tolstov rahbarligidagi Xorazm arxeologik ekspeditsiyasi tomonidan aniqlangan. Olimlarning hisob-kitoblariga ko‘ra, O‘zbekiston, Qozog‘iston va Turkmaniston hududida 120 dan ortiq ana shunday sirli shakllarni ko‘rish mumkin. O‘tgan yili Qoraqalpog‘iston axborot agentligining tashabbusi bilan tashkil qilingan mediatur doirasida «Google Earth» dasturi yordamida shu paytgacha o‘rganilmagan yana 3 ta ana shunday ob’yekt aniqlangan.
Arxeolog olim V.Yagodinning fikricha, nayzasimon qurilmalar qariyb ikki ming yil davomida (miloddan avvalgi V-II asrlardan to XIV asrgacha) bo‘lgan davr mobaynida qurilgan va foydalanilgan bo‘lishi mumkin.
Ov uchunmi, suv uchunmi?
Ma’lumki, bugun bu inshootlar joylashgan Ustyurt platosida umrguzaronlik qilish juda qiyin. Yozdagi jazirama, qum bo‘ronlari, qurg‘oqchilik, xullas, tabiiy shart-sharoitlar odamlarning risoladagidek hayot kechirishiga yetarlicha imkon bermaydi.
Sahroda hayot kechirish uchun albatta suv kerak. Bunday sharoitda yog‘ingarchilik obihayotning asosiy manbai hisoblanadi. Qoraqalpoq olimi Xojahmad Esberganov «nayzasimon ob’yektlarni qadimda ko‘chmanchi qabilalar suv to‘plash uchun qurgan bo‘lishi mumkin» degan fikrni bildiradi. Tadqiqotchining fikricha, ichar suv taqchil bo‘lgan Ustyurt hududida yomg‘ir va qor suvlarini yig‘ish uchun ko‘chmanchi qabilalar shunday qazilmalarni bunyod etishgan.
Bunday inshootlar ovchilik maqsadida yaratilgan degan taxminlar ham keng tarqalgan. 1825—1826-yillarda Orol va Kaspiy dengizlari oralig‘idagi yerlarga uyushtirilgan F.Berg boshchiligidagi rus ilmiy ekspeditsiyasi materiallarida bu hududda qulonlar, tarpanlar (yovvoyi otlar) va sayg‘oqlar ko‘pligi, ular 300-400 metr, chuqurligi 3-4 fut keladigan maxsus o‘zanlardan tosh bilan qurshalgan qo‘raga haydab kirgizilishi va qo‘lga olinishi tasvirlanadi. Bunda mahalliy ovchilar 10-15 kilometr radius bo‘ylab o‘lja izlashgan, sayg‘oqlardek ovoz chiqarib, jonivorlarni ergashtirib kelishgan va maxsus yo‘laklarning boshida tutashadigan qo‘ralarga qamashgan.
Bunday qo‘ralarni qoraqalpoqlar qadimda aran deb atashgan. Aranning atrofida bir nechta maxsus chuqurlar bo‘lgan. Chuqurlar chetida uchli qilib kesilgan qamishlar qotirilgan. Qoraqalpoq urug‘laridan birining nomi aranchi ham aynan shu qurilmadan olingan. Mashhur qoraqalpoq shoiri Berdaqning «Shejire» asarida ham «Cho‘llarda kezar jayrani, jayranga qurgan arani» misralari bor. Shuningdek, qoraqalpoq dostonlarida «og‘zini arandek ochdi», «og‘zi arandek ochilgan» kabi mubolag‘alar ham uchraydi. Aran so‘zi Mahmud Qoshg‘ariyning «Devonu lug‘otit-turk» asarida ham og‘il, qo‘ra, otxona singari ma’nolarda ishlatilgan.
XVΙΙΙ asrning mashhur tarixchisi Abulg‘ozi Bahodirxon «Turkmanlar shajarasi» asarida turkmanning qora-o‘yli va ersari qabilalari ovchilik va dehqonchilik bilan kun kechirgani, qamishdan maxsus aranlar qurishgani haqida yozadi.
15 ming kilometr olisda...
Ustyurt platosidagi bu sirli tasvirlar yer yuzida yagona emas. Ular O‘zbekiston hududidan 15 ming kilometr narida, Peruning janubiy sohillarida joylashgan Naska sahrosidan topilgan yersuvratlar – geogliflarga o‘xshab ketadi.
1994-yilda YuNESKOning Jahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan ushbu tasvirlar ham insoniyatga hali-hanuz o‘z sirlarini to‘laligicha ochgani yo‘q. Bu sirli tasvirlar haqidagi dastlabki ma’lumotlar ispan tarixchisi Sesa de Leonning (1520-1554) qaydlarida uchraydi. 1939-yilda Peru ustidan uchib o‘tayotgan amerikalik arxeolog Pol Kosok Naska platosi ustidagi g‘alati tasvirlarni payqab qoladi.
Naska suratlarini ham xuddi Ustyurtdagi singari yerda yurganda umuman payqash qiyin. Uni kamida qush parvozi balandligidagina ko‘ra olish mumkin. Bu geogliflarnining asosiy qismini qush, maymun, o‘rgimchak, gul ko‘rinishidagi o‘nlab suratlar, minglab to‘g‘richiziqlar, uchburchak, trapetsiya va spiral ko‘rinishidagi tasvirlar tashkil qiladi.
Ushbu tasvirlar platoning yuza qismiga taxminan bir metr kenglikdagi, o‘rtacha 25-30 santimetr chuqurlikdagi o‘yiqlar yordamida chizilgan, kattaligi turlicha. Masalan, kolibri qushining uzunligi 30 metrni tashkil qilsa, kaltakesak tasviri 188 metrgacha boradi.
Olimlar ushbu tasvirlar miloddan avvalgi II asrdan XII asrgacha bo‘lgan davrda chizilgan degan fikrlarni ilgari surishgan. Mazkur tasvirlar ham nima maqsadda va qay usulda yasalgani haqida bir-birini inkor etadigan taxminlar mavjud.
Ayrim olimlar bu suratlar Nasxa platosi yevropalik mustamlakachilar kirib kelishidan ancha ilgari inklar madaniyati davrida, boshqa birovlar esa hatto undan ham oldin paydo bo‘lgan degan farazni bildirishgan. Boshqa bir guruh mutaxassislar bu tasvirlar astronomik kuzatuvlarda ishlatilgani yoxud «ilohiy mavjudotlar bilan muloqot» uchun xizmat qilganini aytishadi.
Naska geogliflarini o‘zga sayyoraliklar chizib ketgan, ular samoviy mehmonlarning «likobchalari» uchun uchish-qo‘nish yo‘laklari vazifasini o‘tagan kabi taxminlar ham bor. Ammo «nur tezligida parvoz qilib, sayyoralararo masofalarni bir pasda bosib o‘ta oladi» deya hisoblangan o‘zga sayyoraliklar uchish va qo‘nish uchun shu qadar oddiy usullardan foydalangan bo‘lishi amrimahol.
Faqat bugina emas...
Bir qarashda dunyoning ikki mintaqasida insoniyat aql-zakosi tufayli paydo bo‘lgan bu yirik hajmli suratlar o‘rtasida bog‘liq jihatlar ko‘p. Avvalo, har ikki mintaqadan topilgan tasvirlarning nima maqsadda ishlangani to‘la-to‘kis aniqlanmagan.
Har ikkala hudud iqlimi bir-biriga yaqin. Ularning relefi, yer sathi ham o‘xshash. Lekin farqli tomonlari ham ko‘p. Deylik, Perudagi tasvirlar xilma-xil, ularning aksariyati aniq ma’no-mazmunga ega. Ustyurtdagi shakllardan aniq ma’no uqish qiyin. Naska sahrosidagi topilmalar soni Ustyurtdagiga qaraganda ko‘proq, biroq hajman bir necha baravar kichik.
Bu kabi suratlar faqat Peru yoki O‘zbekistonda emas, dunyoning boshqa hududlarida ham aniqlanmoqda. Xususan, o‘tgan asrning o‘rtalarida AQShning Blayt shahri yaqinidagi yalanglikdan ham xuddi shu kabi shakllar topilgan edi.
2007 yilda esa NASA mutaxassislari Qozog‘iston cho‘llaridan har biri futbol maydoniga teng keladigan ulkan geometrik tasvirlarni suratga olishdi. Olimlar ularning yoshini 8 ming yildan ortiqroq deb baholashmoqda.
Bir bor ko‘rgan afzal!
Ma’lumotlarga ko‘ra, Naska sahrosidagi suratlarni ko‘rish uchun har yili Peruga millionlab sayyohlar keladi. Mamlakat xazinasi 3 milliard dollardan ortiq foyda ko‘radi.
Aslida o‘zimizda ham sayyohlarni bemalol xushnud etishi mumkin bo‘lgan yuzlab tarixiy obidalar, xushmanzara joylar, dunyoning boshqa hududlarida uchramaydigan odat va an’analar mavjud. Jumladan, Ustyurt kengliklaridagi suratlar ham vaqti kelib, dunyoning turli hududlaridan minglab sayyohlarni yurtimizga jalb qilsa ajabmas.
Zotan, Ustyurt hududida uzoq asrlar davomida saklar, massagetlar, sarmatlar, qipchoqlar, o‘g‘uzlar singari o‘nlab ulus va qabilalar yashagan. Bu yerdan Chindan Rumga, Rusdan Hindga, Turondan Eronga qadar uzangan qadim yo‘llar bo‘ylab karvonlar qatnagan. Madaniy-ma’rifiy, savdo-iqtisodiy aloqalar rivojlangan.
Ustyurtda hozirgi kunda ham Puljay, Beleuli, Alan, Davkesken kabi qadimiy va o‘rta asrlarga tegishli karvonsaroylar, qal’a-qo‘rg‘onlar saqlanib qolgan. Ustyurt chinklarini yoqalab yurgan yo‘lovchi har qadamda tepalikka qo‘yilgan ko‘chmanchilar qabristoniga duch keladi. Ularda marhumlarga qo‘yilgan qulfitoshlar, toshga bitilgan tamg‘alar bizgacha yetib kelgan. Inson qadami yetishi biroz mushkul bo‘lgani bois bu obidalarning aksariyati hanuzgacha to‘la tadqiq qilinmagan.
Ustyurtning eng maftunkor go‘shalaridan bo‘lgan Duvona burniga kelgan har bir sayyoh antiqa manzarasi, relefi, turli shakl va rangdagi qoyalari, chink devorlarini ko‘rib, o‘zini baayni o‘zga sayyoraga tushib qolgandek his etadi. Uning bag‘ridagi sirli chizgilarning ma’no-mazmunini o‘zi uchun kashf etgandek bo‘ladi.
Yesimxan Kanaatov,
Rustam Jabborov
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter