Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Usmon Qur’onining qaytishi haqida kino suratga olindi

Usmon Qur’onining qaytishi haqida kino suratga olindi

O‘zbekiston Kinematografiya agentligi, «BBC» o‘zbek xizmati va qator hamkorlar yordamida «Usmon Qur’onining qaytishi» hujjatli filmi suratga olindi. Filmda Usmon mushafining hayratlarga boy 100 yildan ortiq tarixi so‘zlanadi.

«Usmon Qur’onining qaytishi» filmini Ramazon hayiti arafasida yurtimiz telekanallarida namoyish etish rejalashtirilgan. Unda nafaqat filmning maxsus taqdimoti, balki film bo‘yicha ko‘rsatuvlar, ijodiy suhbatlar tashkil etiladi. Ayniqsa, filmning muborak Ramazon oyida premera qilinishi xalqimiz uchun bayram tuhfasi bo‘lishiga ishonaman», dedi «Hujjatli va xronikal filmlar kinostudiyasi» direktori Furqat Usmonov.

Filmda ushbu nodir muqaddas qo‘lyozmaning XIX asr oxirida Rossiyaga yuborilishi, Sankt-Peterburgdagi Imperator kutubxonasida saqlanishi va keyinchalik Ufa muftiyatiga topshirilishi bilan voqealar o‘rganilgan. Arxiv hujjatlari asosida Usmon Qur’onining 1923 yilda O‘zbekistonga qaytarilishi haqida hikoya qilingan. Filmda Usmon Qur’onining 1989 yilda O‘rta Osiyo va Qozog‘iston musulmonlari idorasiga topshirilishiga guvoh bo‘lgan insonlarning hikoyalaridan ham foydalanilgan.

G‘oya muallifi va loyiha rahbari Firdavs Abduxoliqov, ssenariy muallifi va boshlovchisi Luiza Iskandariy, sahnalashtiruvchi rejissyor Mehrubon Alizoda, sahnalashtiruvchi operator Azizbek Normatov, rassom Alisher Umrzoqov. Tasvirga olish ishlari Toshkent, Buxoro, Samarqand, Qashqadaryo viloyatlari hamda Rossiyaning Sankt-Peterburg shahrida olib borilgan.

Film Hayit bayrami kuni «Sevimli» telekanalining kechki dasturlarida premera qilinishi kutilmoqda.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring