U mashhur «Omadli jentlmenlar» filmida o‘ynashi mumkin edi, ammo...
O‘zbekiston xalq artisti, teatr rejissyori, taniqli kino va teatr aktyori, «Mehnat shuhrati», «El-yurt hurmati» ordenlari sohibi Baxtiyor Ixtiyorov hayot bo‘lganida 85 yoshga qadam qo‘ygan bo‘lardi. U Muqimiy nomidagi O‘zbek davlat musiqali teatri, Abror Hidoyatov nomli teatr bosh rejissyori va aktyori edi. «Yor-yor», «Dilbarim», «Ajoyib xayolparast», «Yettinchi jin», «Vodillik kelin», «Shum bola», «Yettinchi o‘q» va boshqa ko‘plab filmlarda rollar ijro etgan.
Baxtiyor Ixtiyorov 1940-yil 28-martda Buxoro shahrida tug‘ilgan. Ostrovskiy nomidagi Toshkent teatr va rassomlik instituti (hozirgi O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti)ning musiqali drama aktyori fakultetini, keyinchalik shu institutning rejissyorlik fakultetini tugatgan...
U san’atkorlar oilasida tug‘ilgan. Onasi uy bekasi bo‘lsa-da, musiqaga juda qiziqardi. Otasi professional musiqachi, bastakor, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist, bir vaqtlar Buxoro Musiqali teatrining bosh dirijyori bo‘lgan.
Baxtiyor Ixtiyorov bolaligidan san’atga oshno bo‘lib yashadi. Taniqli o‘zbek kinorejissyori Ravil Botirov Buxoro teatriga bosh rejissyor bo‘lib kelishi uning hayotida katta rol o‘ynadi. O‘sha davrda, Baxtiyor Ixtiyorov maktab o‘quvchiligi paytida Buxoro teatrida kichik va ommaviy rollarda chiqa boshladi. Rejissyor Ravil Botirovdan teatr saboqlari birinchi bo‘lib oladi va teatrga yanada oshufta bo‘ladi.
San’atga qiziqishi tufayli, 1958-yilda Toshkent teatr va rassomlik institutining musiqiy drama fakultetiga o‘qishga kiradi. Institutda ikkinchi kursligidan boshlab Muqimiy teatrida ishlay boshlaydi. U barcha spektakllarni yoddan bilar va agar aktyorlardan biri kasal bo‘lib qolsa, hatto sahnada almashtirishi mumkin edi...
1960-yildan Baxtiyor Ixtiyarov filmlarda rol o‘ynay boshlali. Ko‘plab filmlarida va turli mamlakatlar bilan hamkorlikda (bolgar, yugoslav, hind, afg‘on) yaratilgan filmlarda 60 dan ortiq esda qolarli obrazlarni yaratdi. Teatr sahnasida ijro etgan rollarining soni haqida gapirishga hojat ham yo‘q.
1960-yilda u kinorejissyor Damir Salimovning «Cho‘ldagi osmon» filmida Baxtiyor rolida qatnashadi. 1964-yili rejissyor Ali Hamrayev yosh aktyorni «Yor-yor» filmidagi bosh rolga taklif qiladi. «O‘zbekfilm»ning eng sara filmlaridan hisoblangan mazkur filmda Baxtiyor Ixtiyorov bosh rolni mahorat bilan ijro etib, butun O‘zbekistonning taniqli aktyoriga aylanadi...
Xoh teatr, xoh kinoda rol o‘ynasin, qanday janr yoki qay darajadagi rol bo‘lmasin, u har birini mohirona ijro etardi. Bir rolini boshqasidan ustun qo‘ymasdi. O‘zining ta’kidlashicha, haqiqiy aktyor har qanday obrazga ko‘nikishi kerak.
San’at olamida shunday aktyorlar borki, ular shon-shuhrat va mashhurlik uchun rol o‘ynamaydi, bu haqda o‘ylamaydi ham. Rollari katta yoki kichik bo‘lishidan qat’i nazar, tomoshabin sevib va umrbod eslab qolishi uchun, mahorat bilan ijro etadi. Baxtiyor Ixtiyorov aynan shu aktyorlar toifasiga kirardi.
1971-yilda Baxtiyor Ixtiyorovni «Mosfilm»da suratga olinayotgan «Omadli jentlmenlar» filmiga taklif qiladilar. Baxtiyor Ixtiyorov ssenariy bilan tanishib chiqadi, Keyin kinosinov uchun fotosuratga tushadi. Rejissyor Georgiy Daneliya filmdagi Vasiliy Alibabayevich roli uchun aktyor izlayotgan edi. Bu rolga 50 dan ortiq aktyorni sinovdan o‘tkazadi. Nihoyat, Baxtiyor Ixtiyorov suratini ko‘rib, uning siymosida Vasiliy Alibabayevich turganiga amin bo‘ladi va rolga taklif qiladi. Filmda «dotsent» rolida qatnashgan mashhur aktyor Yevgeniy Leonov shu zahoti fotosuratga barmog‘ini tegizib: «Mana u, Vasya!» deydi, Saveliy Kramarov ham: «Ha, ha, bizning Vasya!» deb tasdiqlaydi. Mashhur sovet aktyorlari Yevgeniy Leonov, Saveliy Kramerovga ham Baxtiyor Ixtiyorov yoqib tushadi. Lekin...
Baxtiyor Ixtiyorov o‘ylanib qoladi va Toshkentga qaytadi. Chunki uning bu yerda to‘rtta roli bor edi. «O‘zbekfilm» rahbariyati: «Baxtiyor, agar ketsangiz, «O‘zbekfilm»ning rejasi, jadvalini o‘zgartirasiz, bizga qiyin bo‘ladi, sizdan ranjiymiz» deb uni ogohlantiradi.
Baxtiyor Ixtiyorov yana rejissyor Daneliyaning oldiga, Moskvaga boradi va taklif etilgan roldan bosh tortadi. Mashhur rejissyor boshini chayqab, uni ogohlantiradi, «Baxtiyor, sen butunittifoq ekraniga chiqishing mumkinligini tushunyapsanmi? Bu kinodan so‘ng butun mamlakat seni taniydi. Nega rad etyapsan? O‘ylab ko‘r!» – deydi. Baxtiyor Ixtiyorov ko‘p yillar davomida Toshkentda sahnalarda birga rol ijro etgan, hamkorlikda ishlagan odamlarni ranjitmay deya, «Omadli jentlmenlar»dagi Vasiliy Alibabayevich rolidan voz kechadi...
Baxtiyor Ixtiyorov ijro etgan rollarida rejissyorning har bir ko‘rsatmalari to‘liq ado etilgan. Aktyor sifatida o‘z rolini mahorat bilan o‘ynagan, butun vujudi ila «rolga kirib ketgan»...
«Agar yaxshi aktyor bo‘lishni istasangiz, hayotdagi ko‘plab quvonchlardan – dam olish, sevimli odatlardan, sevimli mashg‘ulotlardan voz kechishingiz kerak. Qachonki tomoshabin sizni qabul qilayotganini anglasangiz, rolga kirib, rolni yoqtirib o‘ynasangiz, o‘zingizni haqiqiy aktyor deb bilishingiz mumkin» deb ta’kidlagan edi Baxtiyor Ixtiyorov...
Abdurashid Qo‘ziboyev
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter