Turkiyadan O‘zbekistonga 20 ming dona kitob (fotoreportaj)
Turkiya dunyo kutubxonalari bilan hamkorlik dasturi doirasida O‘zbekistonga 20 ming dona kitob sovg‘a qildi.
Bugun, 1-avgust kuni Turkiya hamkorlik va muvofiqlashtirish agentligining (TİKA) Toshkentdagi vakolatxonasida mazkur hodisaga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi.
Turkiya ilmiy va badiiy asarlar mualliflari kasbiy uyushmasi (İLESAM) raisi Mehmet Nuri Parmaksizning ta’kidlashicha, O‘zbekiston milliy kutubxonasi va oliy ta’lim muassasalariga yetkazilishi ko‘zda tutilgan 20 ming dona kitob ta’lim, huquq, adabiyot, iqtisodiyot, tibbiyot, san’at, tarix, ta’lim, sayohat, moda, sport, gastronomiya kabi yo‘nalishlarni qamrab oladi.
Shuningdek, o‘tgan yillar davomida loyiha doirasida Qirg‘iziston, Qozog‘iston, Ozarbayjon, Kosovo, Shimoliy Makedoniyaga 120 ming nusxadan ziyod kitob va bosma nashrlar tuhfa qilingani qayd etildi.
Jumladan, O‘zbekistonga 2020-yili 10 ming dona kitob yetkazib berilgan.
«Bugun ikki qardosh va birodar xalq o‘rtasidagi hamkorlik barcha jabhalarda rivojlanmoqda. Madaniy aloqalar haqida gap ketganda, tarix, til, adabiyot, ilm-fan borasidagi almashuvlar muhim ahamiyat kasb etishini qayd etish joiz. O‘ylaymizki, taqdim etilayotgan kitoblar yangi bilimlar beribgina qolmay, Turkiya tarixi, tili va ilm-fani bilan ham yaqindan tanishish imkonini tuhfa etadi», – deydi Turkiyaning O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Olgan Bekar.
Tadbir mezboni – TİKA vakolatxonasi rahbari Jamoliddin Tuney ham loyiha qardoshlik va birodarlik aloqalarini yanada rivojlantirishga hissa qo‘shishini urg‘uladi.
O‘zbekiston fan va ta’lim sohasi vakillari nomidan gapirgan mutasaddilar, jumladan, Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti rektori Gulchehra Rixsiyeva qimmatli ilmiy manbalar uchun Turkiya tomoniga minnatdorlik bildirdi.
Tadbir tashabbuskorlari kitob yetkazish loyihasi kelgusida ham davom ettirilishini ma’lum qildi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter