Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Shuhrat Sattorov

Kim neni izlasa, topgay begumon...

«Temurning yurtida»: sayyohning O‘zbekistonda ko‘rgan-kechirganlari

«Temurning yurtida»: sayyohning O‘zbekistonda ko‘rgan-kechirganlari

Foto: «Xabar.uz»

Taylanddan Portugaliya tomon harakatlanar ekanmiz, oldimizda Toshkent, Samarqand, Buxoro kabi shonli-shukuhli shaharlar borligi bizni ilhomlantirar edi. Qirg‘iz do‘stlarimiz bilan xayrlashar chog‘i ularning «O‘zbeklar mehmonga bizchalik xayrixoh emas» degan so‘zlari biroz hushyor tortishga majbur qildi. O‘zbekistonga o‘tadigan bojxona postiga umidvorlik bilan yaqinlashdik.

To‘g‘risi, bu biz jahon kezib, shu vaqtga qadar ko‘rgan eng talabchan chegara posti bo‘lib chiqdi. Chegarachilar bor-budimizni yoyib tashlab tekshirishdi. Qanaqa rusumli telefondan foydalanamiz, kompyuterimizda nima bor, yonimizda qancha pulimiz bor — bularning barchasi ular uchun muhim. Va ularning tavsiyasi — mamlakatni tark etayotganda hamma hujjatlar joy-joyida bo‘lishi kerak. O‘zbekistonda tunaydigan har bir tuningiz hisobda turishi, mehmonxonalardan olingan kuponni O‘zbekistondan chiqish mahali ko‘rsatish kerak bo‘ladi. Aks holda hammasi bexayr tugashi mumkin.

To‘g‘ri, bu ko‘p vaqtni oladigan va holdan toydiradigan jarayon, biroq xavotirimizga o‘rin yo‘q ekan. Nihoyat, biz O‘zbekistondamiz!

Zerikib qolgan velosipedlarimizni sozlab, bir chaqirimcha yurgach, pasportni nazoratdan o‘tkazish postiga yetib keldik.

«Ingliz tilini bilasizmi?», — so‘radi ofitser Sunilning hujjatiga tikilgancha.

«Ha».

«O‘zbek tilini bilasizmi?».

«Yo‘q».

Ofitser o‘zining hamkasbiga qarab norozi ohangda bir nima deb to‘ng‘illadi. To‘g‘risi, ularning qosh-qovog‘idan bizni ortga qaytarib yuborishlaridan xavotirga tusha boshladim. Ammo hujjatni qaytarib berishdi. Navbat kaminaga keldi.

«Inglizcha bilasizmi?».

«Ha».

«O‘zbekchani-chi?».

«Yo‘q».

«Nega?».

Unga aytadigan javobim tayyor bo‘lsa ham tilimni tishladim. U hujjatimni qaytarib berdi. Biz yana yo‘lga tushdik. 

Qirg‘izlarning aytgani rostga o‘xshaydi: o‘zbeklar bizda qo‘pol xalqdek taassurot qoldira boshladi.

Biroq ko‘p o‘tmasdan bu fikrimiz asossiz bo‘lib chiqdi. Biz tun bag‘rini yorib Toshkent sari shoshardik. Yo‘ldan biroz chalg‘iganimizni sezib, yoshroq yigitdan yo‘l so‘radik.

«To‘g‘riga yurib, uchinchi qayrilishdan o‘ngga qayrilinglar», — dedi u.

Taxminan bir chaqirim yurgach, bir mashina yonimizdan shoshib o‘tib oldinroqda to‘xtadi. Uning ichidan bizga yo‘l ko‘rsatgan odam tushib, uzr so‘radi. «Shoshilib, noto‘g‘ri yo‘lni ko‘rsatib qo‘ygan ekanman. Uchinchi qayrilish emas ekan...». U shunday deb mashinaga o‘tirdi va bizni qayrilishimiz kerak bo‘lgan manzilgacha olib borib qo‘ydi.

«O‘zbekistonga xush kelibsiz!», — dedi u xayrlashayotib. Bu voqea bizni ta’sirlantirdi.

Mazali osh sari shoshging keladi

Chorsu — Toshkentning eng yirik bozori. Oh-oh-oh... Bu bozorga kirgan ajnabiyning og‘zidan suvi oqadi. Ulkan bu maydon rango-ranglikka burkangan: hil-hil mevalar, sabzavotlar, ziravorlar, nonu qatiq-qaymoqlar... Nimaiki so‘ramang, bu yerda muhayyo. Biz tamaddi qilish taraddudida edik. Sunilning taklifi bilan qulupnay va gilos xarid qildik. Ayni mavsumida kelgan ekanmiz — tanlash imkoniyati ko‘pligidan ko‘z o‘ynar edi.

Ovqat bozori tomon yurdik. Sunilning hid sezish qobiliyati ish berdi — u allaqachon jannatmakon yurtda edi. O‘zbekcha palov, baliq, xilma-xil taomlar... Har bir sotuvchining oldida o‘choq-qozon bor, rastalar gavjum. Bozor oralab tarqalayotgan xushbo‘y hidlardan oshqozonimiz yana ham toqatsizlana boshladi.

Qo‘y go‘shtidan tayyorlangan palov, non, baliq va o‘zbekcha pomidor sousi, olcha sharbati, kabob va salat buyurdik. «Men sayohatim davomida tatib ko‘rgan eng mazali taomlar shunisi bo‘ldi», — xulosa qildi Sunil. Narxi ham shunga yarasha, albatta.

Shohona taomdan so‘ng biz kabi yig‘ma «Brompton» velosipedida sayohat qilayotgan koreyalik professorni uchratdik. Ma’lum bo‘lishicha, mutaxassisligi shahar binokorligi bo‘lgan bu odamning yangi loyihasi Toshkentning shaharsozlik bo‘yicha muammolarini o‘rganishga bag‘ishlangan ekan. Velosipedda sayr esa ishni yanada osonlashtiradi. U bilan tunda birga sayr qilishni kelishib oldik.

 Temur Dehlining fotihi

Bishkek bilan solishtirganda, Toshkentning ancha taraqqiy etganini payqash qiyin emas. Chorsuning etagida qad rostlagan Ko‘kaldosh madrasasi, shahardagi Hazrati imom majmuasi o‘ziga rom qilar darajada. 

Samarqand sari jadal aylanayotgan g‘ildiraklar bizni sirli tarix sari boshlardi. Tarixda «oqsoq Temur» nomi bilan dong taratgan jahongir to‘g‘risida ko‘proq bilishga oshiqar edik. U 1398 yilda Dehlida o‘z sultonligini o‘rnatgan. Hindistonda 300 yil hukmronlik qilgan imperiyaga asos solgan Boburning ajdodi bo‘lgani bois Temur ham Hindiston tarixidagi buyuk siymolardan biri. Uning mozori esa biz yo‘l olgan manzilda.

Amir Temurning haykali ko‘rinishi bilan Sunil unga harbiychasiga hurmat bajo keltirdi. Uning xonaqosining me’moriy yechimi bizga Dehlidagi Humoyun maqbarasi va Agradagi Tojmahalni eslatdi. Tarixiy inshootning detallariga mahliyo bo‘lib, bu yerda bir soatcha kezdik. Go‘yoki biz 14-asrga qaytgan edik.   

Asli ma’nosi «sahro» bo‘lsa ham, Samarqandning markazi – Registon maydonida chamasi o‘n yoshli bolalar bilan suhbatlashdik. Ular sayohatda bizni asrashi uchun ko‘zmunchoq berib, «Samarqandga xush kelibsiz!» deb beg‘ubor iltifotlarini bayon qilishdi.

Samarqandda O‘zbekistonning eng yaxshi palovini yeyish istagida uchragan odamdan mazali osh qayerda tayyorlanishini so‘radik. Tavsiyalar bilan tez orada katta doshqozonda osh suzilayotgan chog‘roq tamaddixonaga yetib keldik. Bu yerda bizga hurmat ko‘rsatib, jarayonni suratga olishimizga yordam berishdi. Palov tayyor bo‘lishi bilan qozon atrofi odamga to‘ldi. Palov ko‘rinishidanoq ko‘ngilni sust ketkazgudek: mayiz, no‘xat va sergo‘sht osh ustiga garmdori va sarimsoqpiyoz bilan bezak berilgan. Mahalliy aholi bu taomni salat, non va choysiz tanovul qilishni tasavvur qila olmaydi. Bir soat kutsang ham – ketgan vaqtga arziydigan taom.

Shu yerning o‘zida sodir bo‘lgan yana bir voqea bizga o‘zbeklarning samimiy oqibatini his qilishimizga turtki berdi. Tamaddi qilgach, yonimizdagi so‘m to‘lov uchun kamlik qilishi ma’lum bo‘ldi. Ustiga-ustak, bu yerda xorijiy kartadan pul ham yechib olishmas ekan. Ofitsiant pulni hoziroq to‘lashimizni talab qilgach, biz noqulay vaziyatga tushib qoldik. Voqeaga guvohlardan yoshi kattarog‘i yonimizga keldi, ofitsiantga nimadir dedi va pul uzatdi. Bu voqeadan hayratga tushib, xaloskorga qarzni albatta qaytarishimizni aytdik. «Yo‘q. Yo‘q. Bu – sovg‘a!», — dedi u samimiy ohangda.

Ana shu lahzalarda mendan nega o‘zbek tilini bilmasligimni so‘ragan politsiyachi ko‘z oldimdan o‘tdi. To‘g‘ri-da! Men nega bu tilni o‘rganmadim ekan? Agar hozir o‘zbek tilini bilganimda men qarshimdagi ulug‘ insonga jon-jon deb uning o‘z ona tilida rahmat aytgan bo‘lar edim! 

 Buxorolik beqiyos mezbon

Samarqand bilan xayrlashib, O‘zbekistonning yirik shaharlaridan biri bo‘lmish Buxoroga shoshdik. Buxoroning gilam va chinnivorlarga to‘la, go‘zal bozori ham diqqatga sazovor. Sunil ko‘zimni shamg‘alat qilib allaqachon somsapazning oldida, hovur ko‘tarilayotgan somsani shosha-pisha paqqos tushirayotgan edi. «Bu men yegan eng mazali somsa», — dedi u og‘zini to‘ldirib turgan luqmani yamlashi bilan. Ha, bu Hindistondagi somsadan katta farq qilar, biz har kuni shu somsadan tanovul qilish ishtiyoqi bilan uyg‘onar edik.

Bir kuni somsapazdan shaharning eng mazali palovi tayyorlanadigan manzilni so‘radik.

«Bu – mening xonadonim! Mazali osh pishirishda ayolimning oldiga tushadigani yo‘q».

U bizni mehmonga taklif qildi. 

Keyingi kuni somsachi amakining uyiga bordik. Qanchalik band bo‘lmasin, bu mehmonnavoz inson ikki jahongashtani mehmon qilish uchun vaqtini ham, borini ham ayamagan ekan. Biz pastak stol (xontaxta) atrofida cho‘kdik. Oshxonadagi jarayon somsachi amakining ayoli hali ham pishir-kuydir bilan ovora ekanligidan darak. Ko‘p o‘tmasdan davramizga gitara ko‘tarib olgan odam qo‘shildi. Bizning ko‘nglimizni olish uchun mezbon uni ataylab chaqirtirgan ekan. Bu havaskor qo‘shiqchi Jimi Hendriks, «Bitlz», Brayn Adams, Elvis Preslidan kuylaganida tasanno aytishdan boshqa choramiz qolmadi.

Tushlikdagi osh shu qadar totli va xushxo‘r ediki, somsachi amaki bizga eng to‘g‘ri manzilni aytganiga, Buxoroda eng mazali palov aynan shu xonadonda tayyorlanishiga shubha qolmadi.

 Xayr, O‘zbekiston!

Bu yurtdagi sayohatimiz poyoniga yetgan edi. Ozroq pul yechib olish uchun bankomat izladik. Chunki Eronda pul yechib olishning umuman imkoni yo‘q edi. Xalqaro kartadan pul yechib olish oson kechmadi. Nihoyat, shunday bankni topdik. Bu yerdagi boshqa sayyohlar qatorida biz ham so‘nggi tongni kun qiziguniga qadar shu bankda dilimiz xufton, ta’bimiz xira bo‘lib o‘tkazdik.

Aytganday, bu yurtga yo‘lingiz tushsa, bozorlarga albatta kiring va samimiy, xushtabiat o‘zbek xalqi bilan suhbat quring!

Ingliz tilidan Shuhrat Sattorov tarjimasi

Mazkur ocherk «Bangalore Mirror» gazetasining

rasmiy saytida 2017-yilning 13-avgustida e’lon qilingan.

 

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring