Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Shifokorning so‘zlaridan qo‘rqib, jon bergan aktyor

Shifokorning so‘zlaridan qo‘rqib, jon bergan aktyor

Uni yaxshi taniysiz: «Qaroqchi chollar», «Avtomobildan saqlaning», «Egri-bugri omad», «G‘alati odamlar» kabi juda ko‘plab filmlarda o‘ynagan.

O‘zbek tomoshabiniga «Qaroqchi chollar» kinomediyasidagi muzeyni o‘maruvchi pensioner roli ko‘proq yoqqan. Nikulin-Yevstigneyev juftligi olqishlar, maqtov va e’tiroflarga sabab bo‘lgan. Yevgeniy Yevstigneyev ishtirokidagi boshqa kinoasarlar ham mashhur: «Bahorning o‘n yetti lahzasi», «Hech qachon», «Bir yilning to‘qqiz kuni», «Opa», «Xush kelibsiz yoxud begonalarning kirishi man etiladi», «Oltin buzoq», «Italiyaliklarning Rossiyadagi g‘aroyib sarguzashtlari», «Uchrashuv joyini o‘zgartirish mumkin emas», «Ityurak»...

 Mutlaq yovuzlik va mutlaq ezgulik

Yevgeniy Yevstigneyev 1926-yilning 9-oktyabrida Nijniy Novgorodda tug‘ilgan. U dunyoga kelganida onasi Mariya Ivanovna o‘ttiz ikki yoshda, otasi Aleksandr Mixaylovich esa oltmishni qoralab qo‘ygandi. Ular zavodda ishlashar, san’atga aloqalari yo‘q edi. Aleksandr Mixaylovichning birinchi nikohidan tug‘ilgan o‘g‘li Sergey sahna bilan shug‘ullanardi, xolos.

Jenya (Yevgeniy) olti yoshga to‘lganida otasi vafot etdi. Uni onasi – qishloq maktabining uchinchi sinfigacha o‘qigan oddiy ayol tarbiyalab voyaga yetkazdi. Mariya Ivanovnada tug‘ma aql-zakovat bo‘lib, ana shu qobiliyat uning o‘g‘li Yevgeniyga ham berilgandi.

Bo‘lajak aktyorning bolaligi shahar chekkasida o‘tdi. U maktabni tugatgach, zavodda ishladi.

Urush paytida 14 yashar Yevgeniy elektr ustasi bo‘lib ishladi, keyin bilim yurtida tahsil oldi. U oilada yagona erkak edi: o‘gay akasi dom-daraksiz ketgandi. Mariya Ivanovna Jenyaning aktyor bo‘lishiga qarshi edi. Gap shundaki, Yevgeniyning akasi Sergey aynan aktyorligi bois og‘ir qismatga yo‘liqqan, urushdan oldin u yo‘qolib qolgandi. Sergeyning qamoqxonada o‘lgani haqida gaplar yetib keldi, xolos.

Jenya bo‘sh vaqtini madaniyat uyidagi jaz orkestrida o‘tkazardi. U baraban tayoqchalarini chaqqon ishlatar, qoyilmaqom zarblar chiqarardi.

1951-yili u teatr bilim yurtini tamomladi va «Lunacharskiy» ilmgohiga qabul qilindi. 1956- yilda esa MXAT maktab-studiyasini tugatdi. Ko‘p o‘tmay, Yevgeniy Yevstigneyev «Sovremennik» teatrining aktyoriga aylandi. Unga «Yalang‘och qirol» pesasidagi roli obro‘ keltirdi.

Yevstigneyev katta rollarni ijro etish bilan birga kichik lavhalarda ham o‘ynab ketaverardi. Bu haqda u shunday degan: «Odamzod ulkan kuch egasi, u o‘zini oq va qora ranglarda ko‘rsata oladi. Tirik inson mutlaq yovuzlik va mutlaq ezgulik timsoli bo‘lishi mumkin emas».

Aktyor kinodagi birinchi katta rolini 1964-yili «Xush kelibsiz yoxud begonalarning kirishi man etiladi» filmida ijro etdi. Shu roli bilan ko‘zga ko‘rindi. «Bahorning o‘n yetti lahzasi»dagi professor Pleyshner tufayli esa uni ko‘cha-ko‘yda tinch qo‘ymaydigan bo‘ldilar. Darvoqe, Yevstigneyev qahramonlarining oltitasi professor! Umuman, u ko‘pincha ziyoli va aslzodalar qiyofasini ijro etardi.

 G‘aroyib tepakal

Aktyorning Gorkov drama teatridagi faoliyati alohida e’tirofga sazovor. U yerda Yevstigneyevga «komik» yorlig‘ini yopishtirishgan. Yosh aktyorning sahnaga chiqishi shu qadar kulgilarga sabab bo‘lardiki, haddan ziyod qah-qah urgan muxlislarni zaldan chiqarib yuborishga to‘g‘ri kelardi. Masalan, «Uchinchi yoshlik» spektaklida Yevstigneyev o‘z qahramonining kulgili qirralarini mohirona ijro etgani bois, tomoshabin jiddiy sahnada ham tinmay kuladigan bo‘ldi. Natijada mazkur spektaklda bosh rolni o‘ynagan artist xonimning talabi bilan Yevstigneyevdan rol olib qo‘yildi.

Shundan keyin, 1970-yilda Yevstigneyev Moskvaga ketdi. MXAT truppasiga o‘tdi va zamonaviy spektakllarda chiqa boshladi. Bungacha, 1957-yildan esa u kinodagi yo‘lini ham belgilab olgan, «Yakkama-yakka» filmida rol ijro etgan edi.

U MXAT maktab-studiyasida Shekspirning «Yuliy Sezar» fojiasidagi Brut monologini o‘qib berdi. «Rimliklar, yurtdoshlar, do‘stlar, – deb yubordi Yevgeniy komissiya oldida, keyin tezda nutq ohangini o‘zgartirib dedi: – Kechirasizlar, unutibman».

Shaxsiy hayotiga kelsak, Yevstigneyev dastlab Galina Volchekka uylangan.

– Kutilmaganda mening hayotimda o‘zimdan yetti yosh katta erkak paydo bo‘ldi, – deb eslaydi Volchek. – U shu qadar g‘aliz gapirardiki, ayrim so‘zlarini faqat lug‘at yordamida tushunib olish mumkin edi. Tashqi ko‘rinishi ham g‘alati: ko‘ylagining yoqasiga kapalaknusxa bo‘yinbog‘ bog‘lagan, o‘zi tepakal, jimjilog‘idagi tirnog‘i uzun edi. U shu tarzda uyimizga kirib keldi. Otam sarosimaga tushdi. Keyin esa uni yoqtirib qoldi...

Aktyorning parishonxotirligi xususida latifalar yurardi. Volchek aytishicha, bir kuni «Tubanlikda» spektaklini tomosha qilish uchun teatrga polshalik rejissyor Anjey Vayda tashrif buyurgan. U Yevstigneyev ijro etadigan Satin rolini yaxshi ko‘rardi. Volchek eri Yevstigneyev Satinning «Inson, bu – mag‘rur jaranglaydi» degan monologini hamisha o‘ziga xos ohangda aytishini bilardi, spektakldan oldin ana shu matnni takrorlashini so‘radi. Eri takrorlagach, ko‘ngli joyiga tushdi. Biroq Yevstigneyev sahnada monologni aytayotib, g‘o‘ldirab qolsa bo‘ladimi! Galina Borisovna xijolat chekib Anjeyga shivirladi: «uzr, u matnni esidan chiqardi». Yevstigneyevning ijrosidan ilhomlangan Vayda shunday deb javob berdi: «Galya, uning aytganlari tamomila yetadi, nihoyatda ajoyib».

Oiladagi aroqxo‘rlik

Ammo ko‘p o‘tmay Yevstigneyev va Volchek ajrashishdi. Ularning uzoq davom etmagan nikohidan Denis dunyoga kelgan edi (ayni paytda rejissyorlik qilmoqda). Yevstigneyevni birinchi oilasini tark etishga majbur qilgan ayol «Sovremennik» teatri aktrisasi Liliya Belyanskaya edi. U ham Yevstigneyevni deb birinchi oilasini, erini tashlab ketgandi. 1969 yilda ularning oilasida Masha dunyoga keldi.

Yillar o‘tib, Yevgeniy Yevstigneyev va Galina Volchek oilalari o‘rtasida do‘stona aloqalar o‘rnatildi.  Volchek, hatto sobiq erining qizi Mashani teatr institutiga o‘qishga kirishiga tayyorlay boshladi. Ammo bu orada Yevstigneyevning rafiqasi ichkilikka ruju qo‘ydi. Galina uni bir necha marta bu yo‘ldan qaytarmoqchi bo‘ldi. Afsuski, maslahat-o‘gitlar ham, muolajalar ham kor qilmadi. 1986-yili Liliya hayotdan ko‘z yumdi, aytishlaricha, u o‘z joniga qasd qilgan.

Yevstigneyev uchinchi nikohini aktrisa Irina Sivina bilan bog‘ladi. Sivina – aktyor professorlik qilgan MXAT maktab-studiyasi tolibasi edi. Ularning yoshi o‘rtasidagi 35 yillik tafovut gap-so‘zlarga sabab bo‘ldi. Ayniqsa, Yevstigneyev-Sivinaning nikohi rosa muhokama qilindi.

«Shaxsan men uchun Alen Delon erkak emas, u shunchaki ko‘rkam ko‘rinadi, xolos, – degandi Sivina. – Yevgeniy Aleksandrovich esa haqiqiy erkak. U o‘z rafiqalarining suyanchig‘i edi. Masalan, uzoq vaqt ishlamay qo‘ygan Liliyani to‘la-to‘kis ta’minlagan. Bolalarga ham g‘amxo‘rlik qilardi, ular xabar olishmasa, Yevstigneyev xafa bo‘lardi».

Erini haddan ziyod yaxshi ko‘rgan Irina Sivina keksa aktyorning hayotiga rang-baranglik baxsh etdi.

Kelishmovchilik va... o‘lim

80-yillarning oxirlarida ikki qalin do‘st Yevstigneyev va Yefremov («Avtomobildan saqlaning» kinokomediyasidagi tergovchi rolini o‘ynagan aktyor) o‘rtasida nizo kelib chiqdi. Oleg Yefremov MXAT rejissyori edi. U Yevstigneyevga shunday dedi: «Meng qara, agar kasal bo‘lsang, pensiyaga chiq». Yevgeniy Aleksandrovich indamay MXATni tark etdi. Vaholanki, uning keksaligi buyuk keksalik bo‘lgan.

1988 yilda Yetigneyevga yaxshi rol berildi – «Ityurak»dagi professor Filipp Preobrajenskiy! Mazkur film ko‘pchilik kutgan kinoasar edi. Rejissyor Vladimir Bortkoning eslashicha, filmni suratga olish chog‘ida kooperativ do‘kondan kolbasa ko‘tarib... «Bahorning o‘n yetti lahzasi» filmidagi Pleyshner chiqqan. Bortko baqirdi: «Stop! Yevgeniy Aleksandrovich, professor bunaqa yurmaydi». Yevstigneyev javob berdi: «Menga aql o‘rgatishning keragi yo‘q, professorni birinchi marta o‘ynamayapman». Bortko izoh berdi: «Bu mutlaqo boshqa professor! Bu – Mendeleyev». Aktyor o‘ylanib turdi-da, do‘konga kirib ketdi. Yana eshik ochilganida suratga olish guruhi qarshisida Pleyshner ham, Mendeleyev ham emas, balki professor Preobrajenskiy turardi. Hamma qoyil qoldi.

Yevstigneyev ijrosidagi so‘nggi sahna asari Sergey Yurskiy sahnalashtirgan «XXI asr o‘yinchilari» hisoblanadi...

Birinchi infarkt keksa aktyorni 1991-yili Arxangelskdagi safari chog‘ida bezovta qilgan edi. Oradan bir yil o‘tib, 1-mart kuni Yevstigneyev Irina bilan Londonga borganida yana shu xastalik xuruj qildi. Tezda shifoxonaga yotqizildi. Xalq sevgan aktyor sahnaga chiqish, kinoda rollar ijro etish ishtiyoqi bilan yonar edi, ammo...

5 mart kuni aktyor Yevstigneyev yotgan palataga vrach kirib keldi va bo‘lajak operatsiya haqida ikir-chikirigacha gapira boshladi. Yevstigneyev uni sukut saqlab eshitdi, so‘ng rangi oqarib ketdi va... ko‘zlarini yumib, mangu uyquga ketdi.

Akbar Fathullayev

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring