Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Shavkat Mirziyoyev UNESKO Bosh direktori bilan uchrashdi

Shavkat Mirziyoyev UNESKO Bosh direktori bilan uchrashdi

Foto: Prezident matbuot xizmati

15-noyabr kuni Toshkentda o‘tayotgan Kichik yoshdagi bolalarga tarbiya va ta’lim berish bo‘yicha Butunjahon konferensiyasi doirasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev BMTning Ta’lim, fan va madaniyat masalalari bo‘yicha tashkiloti (UNESKO) Bosh direktori Odri Azule bilan uchrashuv o‘tkazdi.

O‘zbekiston bilan BMT tizimidagi ushbu nufuzli institut o‘rtasidagi konstruktiv va samarali hamkorlikni kengaytirishning amaliy jihatlari muhokama qilindi.

Sermahsul sheriklikning bugungi darajasi mamnuniyat bilan qayd etildi. Mamlakat dasturi va qabul qilingan «yo‘l xaritasi»ga muvofiq qo‘shma dastur va loyihalar amalga oshirilmoqda.

Mamlakatimiz ilk bor Nomoddiy madaniy merosni muhofaza qilish xalqaro qo‘mitasining a’zosi etib saylandi. Baxshichilik san’ati va lazgi raqsi nomoddiy madaniy meros ro‘yxatiga kiritildi.

O‘zbekistonda tarixiy meros ob’yektlarini himoya qilish masalalari bo‘yicha xalqaro maslahat qo‘mitasi faoliyati va Mintaqaviy gumanitar hamkorlik bo‘yicha «Xiva jarayoni» yo‘lga qo‘yildi.

YuNESKO, shuningdek,  mamlakatimizning qishloq joylarida professional ta’lim tizimini rivojlantirishga texnik ko‘mak ko‘rsatmoqda.

Bundan tashqari, hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlarida qo‘shma tadbirlar muntazam o‘tkazib kelinmoqda.

Uchrashuvda Odri Azule O‘zbekistonda yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, bolalarga tarbiya va ta’lim berish borasida amalga oshirilayotgan islohotlarni yuksak baholadi hamda ular, xalqaro miqyosda solishtirilganda, eng samarali bo‘layotganini ta’kidladi.

Bosh direktor maktabgacha ta’limni rivojlantirish masalalariga bag‘ishlangan Toshkent xalqaro konferensiyasi muvaffaqiyatli o‘tkazilgani bilan tabrikladi.

Yangi Mamlakat dasturini amalga oshirishga alohida e’tibor qaratildi. Toshkent shahrida YuNESKOning mintaqaviy markazini ochishga, shuningdek, samarali hamkorlik doirasida qo‘shma tashabbus va ilg‘or loyihalarni ilgari surish bo‘yicha yangilangan «yo‘l xaritasi»ni tayyorlash va qabul qilishga kelishib olindi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring